Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilning 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog`ida Shodi bobo Xo`shboqov xonadonida bo`lib, otaxon va u kishining umr yo`ldoshi Salomat momo bilan suhbatlashgani va shundan so`ng ularga “Captiva” avtomobili sovg`a qilgani haqida xabar bergandik.
– Davlatimiz rahbarining uyimizga kelgani, dildan muloqot qilgani, hol-ahvol so`raganiga hali ham ishongim kelmaydi. Tavba deyman, shuncha ishdan ortib oddiy fuqarolar xonadoniga borish, u bilan gurung qilish, turmushi, sharoiti, o`y-fikrlari bilan qiziqish uchun odam qanchalar bag`rikeng bo`lishi kerak ekan-a, deb o`ylayman-da, – deydi Shodi bobo O`zA muxbiriga bergan intervyusida. – O`zingiz qarang-da, umri bino bo`lib daladan boshqasini ko`rmagan odam mamlakat Prezidenti bilan o`z uyida gurung qilib o`tirsa, birovga aytsang ishonmaydi. Lekin shunday bo`ldi. Davlatimiz rahbari bilan oilamizning kundalik turmushi, mahallamiz hayoti, farzandu nabiralar tarbiyasi, o`qishi, ishi, dehqonchilik sirlari, yurtimizda yuz berayotgan o`zgarishlar, xullas, hamma narsa haqida gaplashdik. U kishining siz kabi ko`pni ko`rgan, yuzidan nur yog`ilib turgan otaxon va onaxonlar jamiyatimizning mustahkam zamini, yurtimizning fayzu barakasidir, degan so`zlari menga ham, kampirga ham kuch-quvvat bag`ishladi, umrimizga umr qo`shildi. Momongiz ikkovimiz ko`p yillarga yosharib ketdik.
Shodi bobo Xo`shboqov bu yil 84 yoshni qarshi oldi. Hali bardam, fikri teran, xotirasi mustahkam. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to`g`ri kelgan Shodi bobo tengdoshlari qatori ne-ne qiyinchiligu mashaqqatlarni boshidan o`tkazdi. O`spirinlik davrida urush asoratlarini qalban his etdi, ocharchilikni ko`rdi. O`rta maktabni tugatgach, institutga hujjat topshirdi. Lekin omadi kelmadi. Qishloqdoshlarining o`qishga kirolmabdi, degan gap-so`zlarini or bilib, bir yo`la haydovchilik kursini tugatib, uyiga qaytdi. Ikki yil xo`jalikda haydovchilik qildi, keyin paxtachilik brigadasida ishladi. Halol mehnat qilib, dehqonchilik sirlarini o`rgandi. Umr yo`ldoshi Salomat momo Rahimova bilan 8 o`g`il, 2 qizni tarbiyalab, voyaga etkazdi. O`g`illari qo`li gul usta, hunarmand bo`ldi. O`ttizdan ortiq nevara, yigirmaga yaqin chevara qurshovida piru badavlat hayot kechirayotgan otaxon va onaxon bugungi osoyishta va obod hayotga shukrona keltiradi, el-yurtga tinchlik so`rab duo qiladi.
Zang gilambob mahallasida 2 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla hududida bitta umumta`lim maktabi va bitta maktabgacha ta`lim muassasasi yosh avlodning zamonaviy bilimlarni puxta egallashiga xizmat qilmoqda. Besh fermer xo`jaligi paxta, g`alla va boshqa qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirib, dasturxonimiz to`kinligini ta`minlashga hissa qo`shayotir. Tomorqa oilalarning qo`shimcha daromad manbaiga aylangan. Issiqxonalarda parvarishlanayotgan turli ziroatlar qish va bahor faslida ham bozor obodligini ta`minlamoqda. Parrandachilik, chorvachilik rivojlanayotir.
– Mahallada tomorqadan unumli foydalanish madaniyatini yuksaltirishda Shodi bobo barchaga ibrat, – deydi “Zang gilambob” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Ziyodulla Islomov. – Tomorqadan yiliga ikki-uch marta hosil oladi. Shodi boboga havas qilib, tomorqasida ziroat etishtirayotgan xonadonlar ko`payib bormoqda.
Shodi bobo Xo`shboqov farzandlari va nevaralariga ham dehqonchilik sirlarini obdan o`rgatib, ularga erga mehr berish zarurligi, halol mehnat orqasidan ro`zg`or tebratish lozimligini uqtirgan. O`tgan yili otaxon tomorqada etishtirilgan kartoshkadan 25 million so`mdan ortiq daromad olgani buning yaqqol tasdig`idir.
– Bir dona kartoshkamiz 800 grammgacha tosh bosadi, – deydi Shodi boboning o`g`li Shokir Xo`shboqov. – Ko`pchilik buning siri nimada, deb so`raydi. Otam bizga mo`l hosil olish uchun erni ekishga obdon tayyorlash, qishda qo`yning chirigan qiyi bilan oziqlantirish, yaxshi urug` tanlashni o`rgatgan. Ziroat parvarishida maslahatgo`y. Tomorqaga har yili 500 kilogramm atrofida kartoshka ekib, 5 tonnadan ziyod hosil olamiz. Endi anglayapman, kartoshka etishtirishda ko`pchilik urug` tanlashda adashar ekan. Bu yil kartoshkaning “Alouddin” navini ekdik.
Ayni paytda Shodi bobo tomorqasida ertaki kartoshka nish urmoqda. Tomorqa atrofiga did bilan yong`oq, bodom, tut, o`rik kabi mevali daraxtlar ekilgan. Hovli adog`idagi qo`rada yuzga yaqin qora mol, qo`y, tovuq parvarishlanmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomorqamizga qarab turib, Surxondaryoni yaxshi bilaman, tuprog`i unumdor, mo`l hosil olish uchun juda qulay, dedilar, – deydi Shodi bobo. – Men u kishiga shu tomorqadan yiliga uch marta hosil olishimizni aytdim. Ertaki kartoshka ekamiz. Uni bahorda yig`ib olib, pomidor ko`chati qadaymiz, poliz etishtiramiz. Oqqirovgacha hovlimizda ziroat bo`ladi. O`zimiz eymiz, ortiqchasini sotamiz, dedim. Yaratilayotgan bunday sharoit, imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdim, duo qildim. Prezidentimiz uyimizdan qaytgach, bizga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan "Captiva" mashinasini sovg`a qilib yuboribdilar. Ko`p yashasin. Boshimiz ko`kka etdi, ko`nglimiz tog`dek ko`tarildi. Bu kampir ikkovimizning umrimizda olgan eng ulug` sovg`a bo`ldi. Ha, o`zini bilgan odamga bundan ortiq e`tibor, bundan ortiq g`amxo`rlik bo`lmaydi-da. Bundan faxrlanaman. Oldingi tuzumda davlat rahbari oddiy qishloq uyiga kirib, hol-ahvol so`raganmi? Mashina sovg`a qilishni-ku aytmasayam bo`ladi. Bugun bolalarim, nevara, chevaralarimning to`kin, baxtli hayot kechirayotganini ko`rib, beixtiyor bolaligimni, beshafqat ocharchilik yillarini eslayman. Halol mehnat, yurtimizdagi mehr-oqibat, yoshu keksaga ko`rsatilayotgan hurmat-e`tibordan suyunaman. Ilohim, jannatmonand yurtimizda tinchlik, to`kin-sochinlik, obodlik abadiy bo`lsin!