AsosiyJamiyat

​ “Ko`k kit” o`yini qachon boshlangan? O`zbekistonlik o`smirlar undan qanday himoya qilinyapti?

'​ “Ko`k kit” o`yini qachon boshlangan? O`zbekistonlik o`smirlar undan qanday himoya qilinyapti?'ning rasmi

Hamma vahimada... Bunga sabab “ko`k kit”, “tinch uy“ kabi ”o`lim guruhlari”dir... Xalqaro maydondagi yangiliklarni kuzatib borayotgan kishi borki, har ikki xabarning birida MDHning qator mamlakatlari, xususan, Ukraina, Qozog`iston, Rossiya va Qirg`izistonda o`smirlar o`rtasida o`z joniga qasd qilish hollari ko`payib borayotganligi va shu kecha-kunduzda uning qamrovi kengayib borayotganligi haqidagi ma`lumotlarga to`qnash kelishi shubhasiz. Agar internetdagi qidiruv tizimiga “Siniy kit” (“Ko`k kit”), “Tixiy dom” (“Tinch uy”) deya buyruq bersangiz, bunga o`zingiz ham guvoh bo`lasiz. Eng achinarlisi bot-bot yozilayotgan xabarlarning barchasi xavfli o`yin o`smir bolalarni xudkushlikka undayotgani haqidaligidir. Boz ustiga bu kabi guruhlar yomg`irdan keyingi qo`ziqorindek ketma-ket potirlab chiqayotgani kishi ko`ngliga g`ulg`ula soladi. Xo`sh, aslida u qanday o`yin va nima uchun aynan o`smirlarga tuzoq tashlamoqda? O`smirlar-chi, ular nega bu guruhlarga a`zo bo`lib qolyapti?

Qarmog`i qaerda?

Sizu bizni tashvishga solayotgan bu “o`lim guruhlari” asosan ijtimoiy tarmoqlarning turli segmentlarida o`z gu­ruh­larini turli nomlar va “xeshteg”lar ostida tashkil etgan holda o`smir yoshlarni bandi qiladi. Bu kabi guruhlarning nomlari asosan o`smirlarni tushkunlikdan xalos etish, ularga ko`mak berish, muammolariga echim topa olish imkoniyatlariga qaratilgan bo`lib, shu jihat bilan jalb etadi. O`smir yoshdagi bolalarda esa bunday holatlar tez-tez kuzatilishi sir emas. Shu bois o`smirlar “o`lim gu­ruh­lari”ning nomiga qiziqib o`yin “sslka”siga kiradi va unga a`zo bo`lib qoladi. “O`lim guruhlari” boshqaruvchilariga esa bu juda qo`l keladi.

Guruhlar qanday nomlanadi?

Yuqorida ta`kidlaganimiz kabi “o`lim guruhlari”ning nomini sanab adog`iga etib bo`lmaydi, ammo fojiaga chorlovchi original guruh allaqachon yopilgan. Guruh yaratuvchisi esa yaqinda hibsga olingani haqidagi ma`lumotlar ham bor. Uning ismi Filipp Lis. Ammo norasmiy ma`lumotlarga ko`ra unga qo`llanilgan jazo bor-yo`g`i bir yillik ozodlikdan mahrum etish bo`lgan, xolos. Bir qancha o`smirlar umriga zomin bo`lgan bu “ixtirochi”ga qo`llanilgan jazo kishining kulgisini qistadi, shunday emasmi? Aytishlaricha, u ruhiy kasal emish. Ammo bu haqda ham bizda hech qanday rasmiy asos yo`q. Eng achinarlisi, uning “ixtirosi” juda ko`p izdoshlarni paydo qildi va bugungi kunda ular turli nomlar bilan “o`lim guruhlari” sifatida ijtimoiy tarmoqlarda faoliyatini davom ettiryapti. “O`lim guruhlari”da xavfli o`yinlar “Meni tonggi 4:20 da uyg`ot” buyruqlari bilan boshlanadi. Aksariyat o`smirlar aynan ana shu buyruqlar asosida xavfli guruhning qarmog`iga ilinishadi.

Qachon boshlangan va nega aynan ko`k kit?

“O`lim guruhlari”ning xavfli o`yiniga 2015 yilda o`zini poezd tagiga tashlagan, o`sha paytda 16 yoshda bo`lgan Rina Polenkovaning harakatlari turtki bo`lgan. U o`z joniga qasd qilishdan avval ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “nya. poka” deya post qoldiradi va shundan so`ng boshini kelayotgan poezd tagiga tutadi. Joniga qasd qilishiga sabab esa yigitining tashlab ketgani bo`lgan. Bu baxtsiz hodisaga TV va taniqli blogerlar e`tibor qaratadi. Bu esa o`smirlar orasida o`z joniga qasd qilish ommalashishiga sabab bo`ladi. Birinchi “ko`k kit” guruhi tashkil etilishi ham aynan ana shu jarayonlarga to`g`ri keladi. Nega bu “o`lim guruhlari” aynan “ko`k kit”ni ramz sifatida tanlashgan? Chunki ko`k kitlar tez-tez depressiya sabab o`zini qirg`oqqa, quruqlikka tashlab joniga qasd qilishadi. Mazkur ilk guruh shu tariqa Rinaning o`limini yoshlar orasidan tatbiq qila boshlaydi. Qurbonlar esa o`tish davridagi o`smir yoshlar hisoblanadi.

O`smirlar nega o`ynaydi?

Bu juda oddiy, o`smirlar o`z yoshida atrofdagilarga o`zining nimalarga qodirligini ko`rsatishga ishtiyoqmand bo`ladi va har qanday o`yinda g`oliblikka intiladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “o`lim guruhlari” o`smirlarning ana shu nozik jihatlariga e`tibor qaratgan holda ulardan foydalanishadi va xavfli o`yin yakunidagi “g`oliblik”ka etaklaydi.

O`yin qoidasi nimalardan iborat?

O`yin shartlari esa 50 qismdan iborat va 50 kun davom etib, oxiri o`yinchining o`z joniga qasd qilish ho­di­sa­­si bilan yakun­lanadi. O`yin qoidasiga ko`ra, ishtirokchi xavfli o`yin shartlarini “o`lim guruhlari”ning “Meni tonggi 4:20 da uyg`ot” buyrug`i asosida ertalab 4:20 da tarmoqqa kirib qabul qilib oladi. Guruh etakchisi, ularning tili bilan aytganda “kurator” esa tuzoqqa ilingan o`smirga samimiy munosabatda bo`lib, uning qiziqishlari, kayfiya­ti va o`zi haqida ko`proq bilishga intiladi. Keyin o`smirni tekshirib ko`rish uchun havola yuboradi va jasurligini sinovdan o`tkazadi. Avvaliga topshiriqlar oddiygina bo`ladi, masalan, guruhning ramzini chizish kabi. Ammo keyinchalik bu shartlar murakkablashib, hatto “lezvie” bilan qo`lni tirnab yozishga ham majbur qiladi. Ishtirokchi vazifalarni bajarganining isboti sifatida berilgan topshiriqning bajarilganini suratga tushirib, guruh “kuratori”ga ko`rsatishi kerak. Ana shu taxlit “o`lim guruhlari”ning “kuratori” tomonidan o`yindagi 50 ta shartni bajarib borishga 50 kun davomida o`smir majbur qilinadi. “O`lim guruhlari” qo`yayotgan o`yin shartlarining eng so`nggi bosqichida o`smirlarning jasurligini ta`na qilaverib, eng yuqori qavatdan o`zini tashlash, tez kelayotgan avtomobilning oldini kesib o`tish kabi topshiriqlarni bajarish asnosida xudkushlikni amalga oshirishga undaydi.

Bajarmasa, nima bo`ladi?

“O`lim guruhlari” “kuratorlari” berilgan topshiriqlarni o`yinga a`zo bo`lgan o`smirning so`nggi bosqichda, ya`ni xavf­li kulminasion nuqtada bajarishdan bosh tortishiga yo`l qo`ymaydi, bo`yin tovlaganlarga tahdid bilan tazyiq o`tkazishadi. Qanday qilib deysizmi? Ular o`smirga havola yuboradi­ va uni ochishni taklif etadi. Bu “o`lim guruhlari”ning yana bir tuzog`i ekanligini qiziqishi ustun kelib havolaga kirgan o`smir bilmaydi. Havolaga kirgani zahoti “o`lim guruhlari” “kuratorlari” maxsus dastur orqali o`smirning IP man­zilini aniqlab, uning uy manzilini bilib olishadi va shu orqali, so`nggi xavfli shartni, ya`ni xudkushlikni bajarishga majburlashadi, aks holda yaqinlarini yo`q qilishi mumkinligi bilan tahdid qilishadi. Hali hech qanday qarorni mustaqil qabul qilish salohiyatiga ega bo`lmagan o`smir esa bu tahdidlardan vahimaga tushadi va 50-kunda 50-shartni bajarishga ko`nadi. Oqibat esa...

Bizning o`smirlar qanday himoya qilinyapti?

Ma`lumotlarga qaraganda, mazkur xavfli o`yin hamdo`stlik mamlakatlari orasida keng tarqalmoqda. 2016 yilda Rossiyada 320 nafar, Qirg`izistonda 95 nafar va Qozog`istonda 90 nafar o`smirlar shu o`yin tufayli o`z joniga qasd qilgan. Xo`sh, bizning o`smirlar-chi, ular bu xavfdan qanday himoya qilinyapti?

Ravshan ERGAShEV, Toshkent shahar Xalq ta`limi Bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari:

— Hozirgi texnik taraqqiyot zamonida xavf-xatar kutilmagan tuynuklardan kirib kelmoqda. Yoshligida kompyuter o`ynamay, internet nimaligini bilmay katta bo`lgan ota-onalar bugungi kunda internetda qanday xavf-xatar yashiringanligini tasavvur ham qila olmaydi. O`zi kun bo`yi ishda, bolasi esa qo`lida telefon bilan yoki kompyuter yonida yolg`iz qolsa, xohlagan saytiga kirishi, xohlagan guruhiga a`zo bo`lishi mumkin.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali voyaga etmaganlarning ongiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi turli bu kabi “o`yin shaklida”gi ma`naviy tahdidlarning qurbonlari orasida asosan yoshlarning bo`lishi achinarli holat. Mavzuga oid tarqalgan videolavhalarda aks etishicha, “Ko`k kit” deb nomlangan xavf­li o`yinga o`smirlar aynan shu nom ostidagi “xeshteg” orqali qo`shilib qoladi. O`yinning so`nggi topshirig`i esa o`z joniga qasd qilish bo`lishini bila turib, afsuski, uni o`ynayotgan bolalar bor. Chunki bu xavfli o`yin moderatorlari o`z a`zolarini, ya`ni o`smirlarni bu dunyo g`urbat, bunda yashash oson emasligini uqtirgan holda go`zal hayotni va`da qiluvchi ta`kidlar bilan o`ziga og`dirib oladi.

Biz ana shunday xavfning oldini olish maqsadida o`quvchi-yoshlar orasida qaysi internet tarmog`idan foydalanishi, qanday internet o`yinlarni bilishi kabi savollardan iborat so`rovnoma o`tkazdik. Natijalarga ko`ra esa o`smirlarimiz orasida bu o`yin haqida eshitganlar ham borligiga guvoh bo`ldik. Ammo u qanday o`yin, shartlari nimadan iboratligidan bexabar. Shunga qaramay, biz ana shu toifa bolalarga o`zlariga sezdirmagan holda e`tiborni kuchaytirdik. Ota-onalar bilan suhbatlar o`tkazib, ularga bu xavf haqida tushuntirishlar berdik.

O`z farzandini ana shunday xavflardan asrash uchun ota-ona uning smartfon va planshetida qanday o`yinlar o`ynayotganligini, ijtimoiy tarmoqlarda kim bilan muloqot qilayotganligidan xabardor bo`lib turishi o`ta muhim. Eng yaxshisi, bolani imkon qadar ko`proq mashg`ulotlar bilan band qilish kerakki, internet o`yinlarini o`ynashga uning vaqti ham, kuchi ham qolmasin.

Eng yomoni, farzandining ishonchini yo`qotish va undan uzoqlashib ketish. Buning oldini olish uchun ota-ona bolaning hayotida ko`proq ishtirok etishi kerak.

Har qanday o`smir ham tezroq katta bo`lishga oshiqadi. Shunday vaqtda u ijtimoiy tarmoqlarda turli g`alamislarga duch kelishi mumkin. Ota-ona bolaning noqonuniy faoliyat yurituvchi guruhlarga a`zo bo`lganini sezsa, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Shunda u nafaqat o`z farzandining, balki boshqalarning bolasi hayotini ham saqlab qolishi mumkin.

Bu “o`lim guruhlari”ning harakatlari “internet terrorizm” deb ham atalayotganidan xavfning nechog`lik xatarli ekanligini ang­lash mumkin. Shunga qaramay, ushbu sahifada keltirilgan ma`lumotlar asosida har bir ota-ona o`z farzandini xavfdan himoya qilsa, ya`ni o`smirlarning internetdan foydalanishini, mobil vositalarini nazorat qilishni kanda qilmasa, xavfga biroz bo`lsa-da, chap ­berishga erishish mumkin.

Barno Madalieva

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar