Bir kuni Li Bek va uning qizi Ameli tavallud kunlarini o`zgacha nishonlashga qaror qilishdi. Shovqin-suronli ziyofat o`rniga ko`z ko`rib, quloq eshitmagan hamda ko`ngilni iydiradigan ishlarga qo`l urishdi.
Yil davomida ikkovlon 39 ta xayrli ishni amalga oshirishdi. Nega aynan o`ttiz to`qqizta deysizmi? Negaki ota 32 yoshni qarshiladi, qizaloq esa 7 ga to`ldi.
Ota va qiz Beklar ona shaharlari Oksford(Buyuk Britaniya)da istiqomat qiladigan odamlarga yordam qo`lini cho`zib, shunchaki “rahmat” aytishmoqchi bo`lishgan.
Marhamat, bu xayrli ishlarning ba`zi birlari bilan tanishing.
– Ikkovlon:
– polisiyachi va o`t o`chiruvchilarga shokolad olib kelishdi;
– kirxonada ulardan so`ng keladiganlarga pul va “Bepul shokolad! Ezgulik tantanasidan bahra oling! Ehtimol, siz ham biron kimsa uchun savob ish qilarsiz? Ko`rishguncha!” deb yozilgan maktubcha qoldirishdi;
– mahalliy bolalar kutubxonasiga bir qancha kitoblar topshirishdi;
– o`tkinchilarga “Omad!” deb bitilgan lotoreya chiptalarini tarqatishdi;
– hiyobondagi tashlandiq lash-lushlarni yig`ishdi;
– atrof-muhitni asrab-avaylash jamg`armasiga xayr-ehson qilishdi;
– muhtojlarga eski kiyimlarni hadya etishdi;
– Ameli maktabga turli-tuman qalamlar olib kelib, sinfdoshlariga tarqatdi;
– keyinroq bolakaylar topib olishi uchun xiyobonda o`yinchoq dinozavrlarni yashirib qo`yishdi;
– telefon budkasida notanish odam uchun shokolad bilan aqcha qoldirishdi.
Odamlar suvga tanga tashlab, niyat qilishlari uchun aqcha qoldirish g`oyasidan Amelining boshi ko`kka etgan bo`lsa, Li uchun savob ishlarining eng muhimi va yoqimlisi qachonlardir buvisiga g`amxo`rlik ko`rsatgan doktorlar hamda hamshiralar ishlaydigan shifoxonaga borib, ularning bog`iga ko`rkam, manzarali o`simlik sovg`a qilish bo`ldi.
Ota va qiz kelgusida savob ishlarni davom ettirish niyatida.
Dunyoni go`zal va yorqin ranglarda ko`rmoq uchun farzandni mana shunday ruhda tarbiyalamoq lozim.