1

​Ilmira Rahimjonova: "Mashaqqatlarga bo`y bermaganni hayot sindirolmaydi"

Shou-biznes 05.04.2017, 16:44
Teglar: Shou-biznes, Aktrisa
​Ilmira Rahimjonova: "Mashaqqatlarga bo`y bermaganni hayot sindirolmaydi"

E`tirof-2016” taqdimotida “Yilning eng yaxshi kino­aktrisasi” deya e`tirof etilgan aktrisa Ilmira Rahimjonova “Darakchi” gazetasi mehmoni bo`ldi.

"12 yoshimda onadan ayrilganman"

— 1969 yil 27 sentyabrda Toshkent viloya­ti Burchmulla qishlog`ida ishchi oilasida tug`ilganman. Otam Risqali Rahimjonov haydovchi, onam Risqi Rahimjonova uy bekasi edi. Oilada besh qiz, ikki o`g`ilning ikkinchisiman. Bolaligim og`ir o`tgan. Onam 12 yoshimda vafot etgach, oilaning butun og`irligi mening zimmamga tushgan-da. O`sha kun ko`z oldimda: onam tongdan bozorlik qilgan, karam do`lmani qozonga bosib, tandirda non yopayotganida kutilmaganda tobi qochgan... Otam shifoxonaga olib borgan, biroq shifokorlar vaqtida yordam ko`rsatmagani bois vafot etgan. Kichkina bo`lganim uchunmi onamni yo`qotganim u qadar sezilmagan, gohida sog`inib turishimni inobatga olmaganda, albatta. Balki, vafot etganiga ishonmaganim uchunmi eshikdan kulib, kirib keladigandek tuyulaverardi, kutishdan charchamasdim... Erta tongda turib, sigir sog`ar, hovlidagi malinani terib, bozorda sotib kelardim. So`ng singil-ukalarim bilan etaklashib maktabga borardik. Darsdan chiqib dalada ishlardim, kechki ovqat, ko`mir tashish... shunday harakat bilan vaqt o`tganini bilmay ham qolardim. Hozir o`ylab, shuncha kuch-irodani qaerdan olgan ekanman, deb qolaman. Bir yarim yashar emizikli ukam tuni bilan xarxasha qilganida, tonggacha yig`lab chiqardim, ovutish azob edi. Endi bilsam, hayot sinovlari oldida ukamni ovutish hech gap emas ekan...

Shukr, singil-ukalarimni o`qitib, turmushga berib, uylantirib, uyli-joyli qildim.


"Shifokor bo`laman, derdim"

— Biz yashagan Burchmulladagi Obirahmat qishlog`ini suv bosgach, Tovoqsoy qo`rg`oniga ko`chib borganmiz. O`sha erdagi Hamid Olimjon nomidagi 12-o`rta maktabda o`qiganman. Adabiyot, rus tili, musiqa fanlarini yaxshi ko`rardim, ros­ti aniq fanlarga hushim yo`q edi. Lekin a`lo baholarga o`qiganman. “San`at g`unchalari” bayramlarida kichik-kichik asarlarni sahnalashtirardik. Hind filmlarini yaxshi ko`rganim uchun darsdan qochib, kinoteatrga borgan kunlarim ham bo`lgan. O`qituvchimiz bizni izlasa, kinoteatrdan topardi ­(kuladi).

Onamning vafotidan ta`sirlanganim uchunmi 10-sinfni tamomlagach, shifokor bo`­la­man, deya oldimga qat`iy maqsad qo`ygandim.

"Imtihonlardan yiqila-yiqila yo`limni topdim"

— Istagim sari odimlab, poytaxtdagi Oxunboboev­ nomidagi tibbiyot texnikumiga hujjat topshirganman. Imtihonda kimyo fanidan o`tolmay, hafsalam pir bo`lib, uyga qaytganman. Otam “Qo`shnimiz bog`chada ishlaydi, sen ham enaga bo`lib ishlasang-chi”,­ deb qoldi. Rozi bo`ldim va Chirchiq transformator zavodining bog`chasida ish boshladim. Bir yildan so`ng yaxshi ishlaganim uchunmi bog`cha mudirasi “Seni Toshkent Davlat pedagogika universitetiga o`qishga yuboraman, tamomlab bog`cha opa bo`lasan”, — dedi. Biroq imtihonlardan o`tolmadim. Va darrov hujjatlarimni Toshkent tibbiyot akademiyasiga topshirdim, lekin yana birinchi imtihonning o`zidayoq javobimni berishdi (kuladi). Shunda Toshkentda o`qiydigan opam “Qo`shiq kuylashni yaxshi ko`rasan-ku, Madaniyat texnikumiga hujjat topshir”, deb qoldi. Imtihonlardan a`lo darajada o`tib, o`qishga qabul qilindim. Otam xabar topgach, “Bizdan artist chiq­qan emas, nima keragi bor?” deb rosa koyidi, lekin o`qishimni man qilmadi.


"To`maris" uchun e`tirof etildim"

— Uch yillik Madaniyat texnikumini a`lo baholarga tamomladim. So`ng Ergash Masafaevning teatr­ studiyasida ish boshladim. Juda qattiqqo`l rejissyor bo`lgani bois bardoshim olti oygi­naga etdi. Ke­yin Bo`stonliq tumani Madaniyat uyi­ning “Gulyor” folk­lor etnografik xalq ansamblida ish boshlaganman. 1991 yil Mustaqillik bayramida ilk bor katta maydonga shu ansambl bilan chiq­qan­dim. O`zimcha shu madaniyat uyiga rahbar bo`lishni niyat qilardim. Shunda Madaniyat bo`lim boshlig`i “Buning uchun oliy ma`lumot kerak”, deb qoldi. Tinib-tinchimagan odamman-da, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutining sirtqi bo`limida o`qiy boshladim. O`z davrining etuk aktyorlari qo`lida tahsil olganman. Diplom spektak­lida Nodirabegim rolini o`ynaganimni ko`rgan domlalarim Hamidulla Ikromov, Nosir Otaboev “Teatrda ishlay olasanmi? Ceni joying o`sha erda”, deyishgandi. Darrov Husan Sharipovning “Suyunchi” filmidagi “Tog`lar orasida nom-nishonsiz qolib ketishni istamayman”, degan gapi yodimga tushgandi (kuladi). Bu haqda Madaniyat uyi rahbariga aytsam, “Hammang shaharga ketaversang, bu erda kim ishlaydi”, deb avvaliga ranjigan. Keyin ijodimni ko`rib, xursand bo`lgandi. Shu bilan 1994 yili Mu­qi­miy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatrining xoriga ishga kirganman. 1997 yil aktyor Boir Xolmirzaevning qo`shnisi — “Charxpalak” serialining rejissyor yordamchisi Zufar Raimov “Lo`li roliga aktrisa kerak”, desa, Boir aka “Aktrisamiz Ilmira sizlar bop-da, hamma ishga burnini tiqib yuradi. O`zi teatr­ga moslasholmayotgandi”, degan ekan (kuladi). Qisqasi, tongda kinosinovga borib, qosh qorayguncha o`tiribman-da. Eng oxirida bir o`zim qolganimni ko`rishgach, “Bu qiz qolib ke­tib­di-ku”, deb kinosinov olishgan. Keyin qishloqqa ketib, buvimning ma`rakasini o`tkazib, “5 avgustda teatrning yangi mavsumi ochiladi, ishga bormasam haydab yuborishadi”, deb poytaxtga qaytganman. Ne ko`z bilan ko`rayki, eshigimga qistirilgan chaqiruv qog`ozi. “O`zbektelefilm”ga borsam, marhum Shavkat Junaydullaev boshini ushlab, “Men uni topdim” degan, shu bilan kinodagi hayotim boshlangan. Teatrdan o`z hisobimdan ta`til oldirib, o`ziga rejissyor yordamchisi qilib olgan. Shavkat aka “Bir marotaba lo`lilar yashaydigan manzilni ko`rsataman, qolgan kunlar o`zing borib ularni kuzatasan. Erta tongdan borsang, keyin soat 9.00 da ishga etib borishga ulgurasan”, degan. U vaqtlar “maktab” boshqacha edi-da, hozir ko`pchilik rejissyor va aktyorlar ishlashni bilmaydi, ularga achinaman. Qisqasi, erinmay sakkiz oy qatnab, zimdan lo`lilarning yurish-turishini o`rganganman. Asli ishdan qochmaydigan aktrisaman, sahnani supurib, polini ham artaveraman, shu kabi ishlarni chin qalbdan bajaraman. Bu — san`at­ga bo`lgan mehrim mahsuli. Boshqaning fik­ri bilan ijod qilib bo`l­maydi, o`zing izlanib, mehnat qi­lishing, o`rni kelsa, ta`na-dashnomlarni ham eshi­tishing shart. “Charxpalak”dan ke­yin takliflar “yomg`ir”i ostida qolganman. Suratga olishga ketib qolaverganim uchun teatr direktorining jah­li chiqardi. Kun­larning birida ustozimiz Farog`at Rahmatova “Sen kinoning odamisan, o`sha erda o`z o`rningni topasan”, deganida avvaliga ranjigandim. Keyin haq ekanini anglab, ustozimga rahmat aytganman. Bir ustozim “Mashhurlik uchun yillar davomida mehnat qil. Mashhurlik kelganidan keyingina u senga xizmat qila boshlaydi”, degandi, haq ekan.

2000 yil “O`zbekfilm” kinostudiyasiga rejissyor yordamchisi qilib ishga olishdi, Sobir Nazar­muhamedovga shogir­d tushdim. Bir vaqt­da Sobir akaning “Chayon­gul”ida suratga tushib, ham “Charx­pa­lak”ning ikkinchi fasliga tayyor­langanman. Tasvirga olish ishlarini tamomlab, Shavkat akaning oldiga borganimda, mendan jahli chiqib, meni boshqa aktrisa bilan almashtirganini aytgan. Bu orada turmushga chiqib, homiladorligim sabab ishdan bo`shadim. 2001 yil sakkiz oylik homiladorligimga qa­ra­may “Chayongul” filmi ijodkorlari bilan Buxoroga borganmiz. Kinofestivalda “Eng kuchli ayol obrazi” mukofotini topshirib, televizor ham sovg`a qilishgan. U erdan sariq kasal yuqtirganim bois qizim tug`ilgach, besh soat­gina yashab, nobud bo`lgan... Bir yil to`shakka mixlanib yotganman.


2002 yil teatrdan ishdan bo`shab, “Yoshlar” teleradio­kanalining “Askar maktublari” ko`rsatuviga boshlovchi bo`lib ishga kirganman, ssenariylar ham yozardim. Oradan vaqt o`tib, o`g`lim Behruz tug`ilgan, hozir 14 yoshda.

O`sha kezlari rejissyor Rus­tam Sa`diev meni O`zbekiston xalq artisti Yulduz­ Usmonovaning “Qo`rqaman” klipiga chaqirgan. Avvaliga rozi bo`lmadim, baribir ko`ndirdi. So`ng “Muhabbat sinovlari 1-2”, “Nahotki sen” filmlarini boshladik, ikkinchi rejissyor bo`lib ishlaganman. Yulduz Usmonova, Izzat Ibragimov, Tohir Sodiqov kabi xonandalarga kliplar suratga olganmiz, shou biznesning “bosh”ida o`zim bo`lganman (kuladi). Keyin rejissyor Bahrom Yoqubovning “Sarvinoz”, “Fotima-Zuhra” film­larida ham ikkinchi rejissyor bo`lib ishladim. Qarasam, xususiy film­lar asosiy urg`uni mablag`ga qaratib, sayozlasha boshladi. Shu bois 2003 yil yana “O`zbekfilm”ga ishga qaytib bordim. Rejissyor Muzrob Boymuhamedovning “Qonli olishuv” filmi suratga olish ishlari o`tayotgan Andijon shahriga borganimda, qarorim yanada qat`iylashgan. Professionallar bilan ishlashning gashti baribir boshqacha-da! 2009 yilgacha tanaffussiz ishladim, keyin o`zbek kinosi sayozlasha boshladi, shuning uchun butunlay Chirchiqqa ko`chib ketdim. Undan avval Qoraqalpog`istonga gastrolga borganimizda ziyoratgohga olib borishgandi, o`sha erda “Qiz farzandli bo`lay!” deb niyat qilgandim. Niyatim xolis ekan, qizim Oysha tug`ildi, hozir 6 yosh. Keyin turmush o`rtog`imning ishi yuzasidan Gruziyaga ketdik. 2013 yil shifokor kuyovim qo`ng`iroq qilib, “Toshkentga kelmasangiz bo`lmaydi, dadamning ahvoli og`ir”, deb qoldi. Kelib, shifokor bilan gaplashib, otam saraton xastaligiga chalinganini bilgach, dunyo ko`zimga qorong`u bo`lib ketdi. Eng og`iri, natijani bila turib, otamda yashashga umid uyg`otardim. Hamma ishimni chetga surib, to`rt oy otamning oldida o`tirib, qo`limdan kelgan barcha ishni qildim. Odatda o`lim haqligini unutib, o`zimiz bilan o`zimiz ovora bo`lib qolamiz. Otam bilan o`tkazgan kunlarim umrimning oxirigacha katta dars bo`ldi. U kishidan keyin bir yil ruhan sinib qoldim, o`zimga kelib, san`atga qaytishim ham qiyin bo`ldi...

Irodali bo`lishim kerakligini ang­lab, Toshkentni aylanib kelay, deya to`g`ri “O`zbekfilm”ga bordim. Darrov ish taklif qilishdi. Umid Hamdamovning “Shunqorlar”, Farhod Xudoyberdievning “Barakasini bersin”ida ishladim. Atrofga razm solsam, “O`zbekfilm”da hamma guruh-guruh bo`lib bo`linib olishibdi. Men ishlagan vaqt­dagi ijobiy muhitdan asar ham qolmagan, qisqasi bunday holatga ko`nikolmay, ishdan ketdim.

Kunlarning birida rejissyor Farhod Xudoyberdiev qo`ng`iroq qilib, rejissyor Sayfiddin Meliev­ “To`maris” spektaklini sahnalashtirayotganini aytdi. Sayfiddin To`maris rolini berganida, rozi bo`lmadim, ochiqchasiga “tishim o`tmaydi”, dedim. Lekin Sayfiddin amallab ko`ndirdi, ijro etdim, yomon bo`lmadi. Kutilmaganda “E`tirof-2016”da mukofotlashdi, e`tibordan xursand bo`ldim! Ishonsangiz, birinchi sinfda o`qitgan ustozim ham raqamimni topib, qo`ng`iroq qilib tabrikladi, opa-singillarim xursandchilikdan yig`lashdi. Bilasizmi, bu mukofot — mas`uliyat, bundan buyon ijoddan to`xtashga haqqim yo`q. Hayotdan anglagan haqiqatim: berilgan sinovlarni enga olsang, mashaqqatlarga bo`y bermasang, hayot seni yanada kuchliroq va yanada aqlli qiladi, sindira olmaydi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

Sharhlar

Gavhar Sharipovaga haydovchi shilqimlik qilganligi holati yuzasidan qo`shimcha bayonot berildi

20.11.2019, 14:21

“Aktrisaga shilqimlik qilingan, u esa yurib ketayotgan yuk mashinadan o`zini tashlagan” Qashqadaryo YHXB qo`shimcha bayonot berdi.2019 yil 18 dan 19 noyabrga o`tar kechasi soat 02:20...
Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​AKTRISA ASAL ShODIEVA TADBIRKORLIKKA QO`L URDI (FOTO, VIDEO)

21.09.2017, 15:12

Asal Shodievaning Instagramdagi ijtimoiy tarmog`ida o`ziga xos dizayndagi liboslar to`plami aks etgan suratlar paydo bo`ldi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur liboslar aktrisaning g`oyasi bilan yaratilgan bo`lib, Miel...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1