Toshkent moliya institutining kredit-iqtisod fakulteti tomonidan Xalq banki va “Fido-Biznes” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan innovasion-o`quv laboratoriyasining taqdimoti o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Institut rektori B.Begalov, Xalq banki raisi o`rinbosari Sh.Otaboev va boshqalar mamlakatimizda ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o`quv jarayonini tubdan yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, fan, ta`lim va ishlab chiqarishning integrasiyasini ta`minlash, innovasion ishlanmalarni qo`llab-quvvatlash hamda rag`batlantirishda muhim omil bo`layotganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent moliya institutida etakchi tijorat banklari bilan hamkorlik yo`lga qo`yilgan bo`lib, bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlayotgan bitiruvchilarni ishga joylashtirish, talabalarning malaka amaliyotlarini bank muassasalarida tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday hamkorlik natijasida 2016 yilda Xalq banki tizimiga institutning 120 ga yaqin bitiruvchisi ishga qabul qilindi. Bank xodimlari institutda o`tkazilayotgan malaka oshirish kurslarida muntazam ishtirok etmoqda.