AsosiyJamiyat

​Internet tarmog`ida «Lisenziya» axborot tizimlari majmuasi ishga tushdi

'​Internet tarmog`ida «Lisenziya» axborot tizimlari majmuasi ishga tushdi'ning rasmi

Ushbu xizmat tadbirkorlarga lisenziyalash va ruxsat berishga oid hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini elektron tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Toshkent shahrida mazkur xizmatning ishga tushirilishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish hamda Taraqqiyot strategiyasi markazlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralarning lisenziyalash bo`limi boshliqlari, tadbirkorlik sub`ektlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

«Lisenziya» axborot tizimlari majmuasi 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar asosida ishlab chiqilgan.

Loyiha doirasida Elektron lisenziyalash portali yaratildi. U licence.gov.uz internet manzilida faoliyat ko`rsatmoqda. Hozirgi kunda portal orqali 40 faoliyat turi bo`yicha lisenziya va ruxsatnomalar olish uchun elektron ariza topshirish mumkin. Foydalanuvchilarga arizani ko`rib chiqish holatlarini kuzatib borish, lisenziyalash va ruxsatnomalar berish jarayonlarini avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etilgan.

2016 yilning dekabr oyidan beri sinov rejimida ishlayotgan yangi resursga 46 davlat organi hamda ularning tarkibiy bo`linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari ulangan. Bugungi kunga qadar 600 ga yaqin ariza qayta ishlangan, 41 mingdan ziyod lisenziya va ruxsatnomalar reestri kiritilgan.

Ayni paytda tadbirkorlarga transport, arxitektura va qurilish, birja, ko`chmas mulk, savdo, tibbiyot, dorixona, ta`lim, madaniyat, sport, turizm va reklama kabi yo`nalishlarda lisenziyalar elektron shaklda taqdim etilmoqda.

Joriy yilning oxirigacha barcha ruxsatnomalar bosqichma-bosqich portalda joriy etiladi. 2018 yilning 1 yanvaridan ruxsatnomalar berish jarayonlari avtomatlashtirilib, lisenziya olish uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlar elektron tizim orqali olinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar