O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida shu yil 11 aprel kuni kengaytirilgan videoselektor yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, mamlakatimiz shahar va tumanlari hokimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Selektor yig`ilishida dastlab hayotiy muhim masalalar bo`yicha fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqish borasidagi ishlarning ahvoli muhokama qilindi.
Yig`ilishda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda davlatimiz rahbarining Virtual qabulxonasi tashkil etilib, o`z faoliyatini boshlagani xalq manfaatlarini ta`minlash, mamlakatni yangilash va demokratlashtirish yo`lidagi ulkan amaliy qadam bo`lgani alohida ta`kidlandi.
Joriy yil boshidan buyon Virtual qabulxonaga 315 mingta murojaat kelib tushgan. Joylardagi Xalq qabulxonalarida 47 mingdan ortiq fuqaro qabul qilingan va ularni qiynayotgan muammolarni hal etish bo`yicha amaliy yordam ko`rsatilgan.
Shu bilan birga, joylarda ba`zi rahbarlarning aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo`layotgani ko`zga tashlanmoqda. Shikoyatlarning 70 foizi bevosita mahalliy hokimlik va idoralarning vakolatiga kiradigan masalalar bo`yicha bo`lsa-da, afsuski, ko`tarilayotgan muammolar joyida hal etilmasdan qolmoqda. Shuning uchun aholi va yuridik shaxslar markaziy idoralarga murojaat qilishga majbur bo`lmoqda.
Yig`ilishda mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish bo`yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, Bosh vazir A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganovga ko`plab murojaatlar, ayniqsa, takroriy murojaatlarga sabab bo`layotgan tizimli muammolarni bir oy muddatda o`rganib chiqib, ularni hal etish yuzasidan kompleks takliflar tayyorlash vazifasi topshirildi.
Selektor yig`ilishida kun tartibidagi navbatdagi masala – mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Istiqlol yillarida oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligini ta`minlash sohasida ulkan ishlar amalga oshirilgani, yildan-yilga xalqimiz farovonligi ortib, turmush darajasi va sifati yuksalib borayotgani qayd etildi.
Mamlakatimiz tarixan qisqa muddatda asosiy qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan nafaqat o`z aholimizni to`liq ta`minlashga erishgani, balki eksportga mahsulot etkazib berayotgani o`tgan yillar davomida sohada amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlarning natijasidir.
Ayni vaqtda mamlakatimizning ayrim hududlarida bu borada jiddiy oqsoqlik ko`zga tashlanmoqda. Ba`zi mintaqalarda yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan o`z aholisini to`liq ta`minlashga erishilmagan. Masalan, Qashqadaryo viloyatida mahalliy aholini hududda etishtirilgan meva bilan ta`minlash darajasi 71 foizni, Sirdaryo viloyatida 85 foizni tashkil etmoqda. Bu albatta hech kimni qanoatlantirmaydi.
Yig`ilishda bu boradagi mavjud muammolarni hal etish yo`llaridan biri – bu aholining tomorqa erlaridan samarali foydalanishi bilan uzviy bog`liq ekani ta`kidlandi. Afsuski, bu boradagi ahvol hamma joyda ham talab darajasida, deb bo`lmaydi. Masalan, joriy yil davomida o`tkazilgan o`rganishlar shuni ko`rsatdiki, Navoiy viloyatida 27 foiz, Samarqand viloyatida 45 foiz, Buxoro viloyatida 47 foiz, Jizzax viloyatida 50 foiz tomorqa erlarida, afsuski, oziq-ovqat ekinlari va mevali daraxtlar ekilmagan.
Ana shu masalalarni hal qilish yuzasidan Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi va hokimliklar rahbarlariga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va eksport hajmini ko`paytirish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi topshirildi. Jumladan, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan 66 tumandagi 455 ming gektar unumdor erdan, 2017-2020 yillarda paxta va g`alladan bo`shaydigan 215 ming gektar maydondan unumli foydalanish zarurligiga urg`u berildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi 4 million 600 ming xonadonga tegishli 515 ming gektar tomorqa erlariga joriy yilning 1 mayiga qadar oziq-ovqat ekinlarini to`liq ekishni ta`minlash lozimligiga alohida e`tibor qaratildi.
Selektor yig`ilishida yana bir muhim masala – hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalliy rahbarlarning o`rni va mas`uliyatini oshirish masalasi ko`rib chiqildi. Avvalo, mahalliy rahbarlarning joylarda sanoat, qishloq xo`jaligi, xizmat ko`rsatish sohasi va eksportni kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o`rinlarini yaratish, aholi jon boshiga daromadlar o`sishini ta`minlashga qaratilgan ishlarni tashkil qilish va ularning qat`iy nazoratini amalga oshirish borasidagi muhim vazifalari belgilandi. Mahallalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, yoshlarni xalqimizga begona bo`lgan turli oqimlar ta`siridan himoya qilish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Joylardagi moliya-soliq organlarining asosiy vazifasi sifatida mahalliy byudjetning daromadlar bazasini mustahkamlash bo`yicha qo`shimcha zaxiralarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish zarurligi qayd etildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev selektor yig`ilishida muhokama qilingan masalalar haqida to`xtalib, biz barchamiz mamlakatimiz va uning hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan izchil va mutanosib rivojlantirish, xalqimiz bilan doimiy va ochiq muloqot olib borish orqali yurtdoshlarimizni tashvishga solayotgan hayotiy muammolarni o`z vaqtida va samarali hal etish, aholi uchun har tomonlama munosib turmush sharoitlarini yaratish bo`yicha keng ko`lamli vazifalarni o`z zimmamizga olganimizni doimo yodimizda tutib, shu asosda faol ish olib borishimiz kerak, deb ta`kidladi.
Bu vazifalarni bajarish O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, hukumatning har bir a`zosidan boshlab, eng quyi bo`g`indagi idora va tashkilotlar rahbarlari, barcha xodimlardan mas`uliyatni chuqur his etib, qat`iy tartib-intizom bilan fidokorona mehnat qilishni, eng muhimi, amaliy natijalarga erishishni talab etishi alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda qabul qilinayotgan har bir qonun, farmon, qaror va farmoyish, barcha topshiriqlar o`z vaqtida, sifatli va so`zsiz bajarilishi zarur, dedi davlatimiz rahbari.
Yig`ilishda Prezidentning Davlat maslahatchilari, Bosh vazir o`rinbosarlari, Bosh prokuror, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, respublika tumanlari va shaharlari hokimlari, mahalliy idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Yig`ilishda ko`rilgan masalalar yuzasidan vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilandi.