– O`ng yonog`im va yuzimning daxan qismida ikkita o`rtacha kattalikdagi xol bor. Teridan bo`rtib chiqib turishi menga yoqmaydi. Eshitishimcha, xollarni kichik jarrohlik aralashuvi yordamida olib tashlasa bo`lar ekan. Muolajaning biror salbiy ta`siri bo`lmaydimi?
Gulnora Akromova, Toshkent shahri
Savolga dermatovenerolog Rustam ZOKIROV javob beradi:
– Xollar (tibbiyot tilida nevus) ni olib tashlashdan avval mutaxassis bilan maslahatlashing. Mazkur muolaja go`zallik salonlarida emas balki maxsus ixtisoslashgan klinikalarda bajarilishi lozim. Xolni olib tashlashdan oldin majburiy tarzda diagnostik tekshiruvlar o`tkaziladi. Bular klinik tashhis va epilyuminessent dermatoskop yordamida (og`riqsiz va jarohatsiz) amalga oshiriladigan usullardir. Mazkur ikki bosqichli tekshiruvi xollarning xavfli yoki xavfsiz ekanligini aniqlashda ko`mak beradi. Shundan keyingina nevusni olib tashlash yoki qoldirish masalasi hal etilishi mumkin. Xollarni olishda lazerli muolaja usuli xavfsiz va teriga kam jarohat etkazishi bilan ta`kidlanadi.