Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Respublika aholisining sifatli uy-joy kommunal xizmatlari bilan qamrab olinishini tubdan yaxshilash, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida barcha tashkilotlarning o`zaro hamkorligi uyg`unlashgan texnologik zanjirini shakllantirish asosida uy-joy fondidan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, ko`p xonadonli uylarning saqlanishi talablariga rioya etilishi ustidan texnik nazoratning samarali tizimini yaratish, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ish sifatini oshirish va moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tashkil qilinadi.
Farmonga ko`ra, yangi vazirlik tarkibida Qoraqalpog`iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmalari, Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bosh boshqarmasi hamda ularning tumanlar (shaharlar)dagi bo`limlari, O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzurida Ko`p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“Uyjoyfondinspeksiyasi”) hamda uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy inspeksiyalari, shuningdek “Ko`p xonadonli uylar, issiqlik ta`minoti ob`ektlari qurilishi bo`yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (DUK) va uning hududiy filiallari tashkil qilinadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
ko`p xonadonli arzon uylar qurilishi bo`yicha davlat dasturlari amalga oshirilishini ta`minlash, ko`p xonadonli arzon uylar, suv ta`minoti, kanalizasiya, issiqlik ta`minoti ob`ektlari qurilishi bo`yicha buyurtmachi funksiyalarini amalga oshirish, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkillashtirish;
ko`p xonadonli uylarning texnik holatini monitoring qilish, shu jumladan, ko`p xonadonli uy-joy fondini mukammal va joriy ta`mirlash ishlarini tashkil qilish;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ko`p xonadonli uy-joy fondini saqlash, ulardan foydalanish va ekspluatasiya xarajatlarini aniqlash bo`yicha talablarga, ko`p xonadonli uylarni texnik ekspluatasiya qilish qoidalari va normalariga, ko`p xonadonli uylarga tutash hududlarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga muvofiq holda saqlanishiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
suv ta`minoti va kanalizasiya ob`ektlarini, issiqlik ta`minoti tizimlarini aholi punktlarini rivojlantirish sxemalari va bosh rejalari bilan bog`lagan holda rivojlantirish, modernizasiya va rekonstruksiya qilish dasturlarini ishlab chiqish hamda ularning sifatli bajarilishini tashkillashtirish, mazkur soha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqaruvini ta`minlash;
uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish tizimiga resurs va energiya tejaydigan texnologiyalar hamda uskunalarni tatbiq etish, jumladan, uy-joy kommunal xo`jaligi ob`ektlarini zamonaviy hisoblash o`lchov asboblari bilan jihozlash, qurilish-montaj ishlari tannarxining pasayishini ta`minlaydigan mahalliy zamonaviy va sifatli qurilish materiallari hamda buyumlarini keng qo`llash;
uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo`yicha takliflar tayyorlash, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg`or tajribasini inobatga olgan holda uy-joy kommunal xizmat ko`rsatishning zamonaviy shakl va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda suv ta`minoti, kanalizasiya, issiqlik ta`minoti bo`yicha ko`rsatiladigan xizmatlarga tarif siyosatini shakllantirish, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi tashkilotlarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo`yicha takliflar kiritish, o`quv stajirovkalarini chet ellarda o`tkazishni nazarda tutgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar, idoraviy axborot tizimlari va ma`lumotlar bazasi joriy etilishini nazarda tutish.
Farmonning to`liq matni bilan O`zAda tanishish mumkin.