Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Chashma” majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Turizmni rivojlantirish” loyihasi doirasida tadbir o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning viloyat saylovchilari bilan uchrashuvida Nurota tumanida turizmni rivojlantirish, ayniqsa, xorijiy sayyohlarni o`ziga jalb etib keladigan Chashma va boshqa ko`hna obidalarni yanada obod etish, aholi va ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish bo`yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, hunarmandlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Qadimiy va boy tarixga ega Nurotada turizm uchun qulay sharoitlar yaratilib, tadbirkorlar keng jalb etilayotgani bu erda xizmat ko`rsatish va servis sohasi, tarmoq infratuzilmasini yanada rivojlantirish, chevar xotin-qizlar va mohir hunarmandlar bandligiga ko`maklashishga xizmat qiladi. Bunda Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo`lmoqda.
– Navoiy o`ziga xos tabiati, qadimiy obida va ziyoratgohlari bilan hamisha sayyohlar e`tiborini tortib keladi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Navoiy viloyati hududiy bo`limi vakili F.Ernazarov. – Navbahor, Karmana, Uchquduq, Xatirchi tumanlari ham turizm, ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish uchun qulay hududlar. Nurota tumani tabiat mo``jizasi va muqaddas qadamjolari bilan mashhur. Shu bois bu hududni istiqbolli turistik maskanlar qatorida qayd etish mumkin. "Chashma” majmuasi atrofida zamonaviy turistik infratuzilma yaratilib, sifatli xizmat ko`rsatish yo`lga qo`yilishi sayyohlar oqimining yanada ortishiga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida tumandagi tadbirkor va hunarmandlar tomonidan yaratilgan kashtachilik, zardo`zlik, haykaltaroshlik, marmarga ishlov berish, temirchilik, qandolat va non mahsulotlari namoyishi hamda viloyatdagi mehmonxonalar, turistik firmalar taqdimoti o`tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari “Chashma” majmuasini ziyorat qildi.