Boysun tumanida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” folklor festivali bo`lib o`tmoqda, deb xabar beradi O`zA.
Festivalning ochilish marosimida mamlakatimizda madaniyat va san`atni yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash, qadimiy merosimizni, xususan, xalq ijodi an`analarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va keng targ`ib etishga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi. Bunday ezgu ishlar ajdodlardan meros bo`lib kelayotgan xalq amaliy san`ati, xalq og`zaki ijodi singari nomoddiy madaniy meros durdonalarining hayotimizdan mustahkam o`rin egallashida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g`oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo – ana shunday boy va betakror madaniy merosga ega vohalardandir. Bunda Boysun tumanining moddiy va nomoddiy madaniyati muhim o`rin tutadi. Noyob qadriyatlari, hudud tabiatiga xos rang-barang liboslari, doston va laparlari, sehrli chanqovuz oxanglari bilan qadimdan mashhur bo`lib kelgan Boysun 2001 yilda YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og`zaki va nomoddiy merosi durdonalari” sifatida e`tirof etilib, 2008 yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritildi. 2002 yil may oyida qator davlatlardan kelgan xalq ijrochilari ishtirokida birinchi marta “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan festivalda yurtimizdagi ko`plab folklor jamoalari o`zlarining qiziqarli dasturlarini namoyish etmoqda. Qoraqalpog`iston Respublikasining “Shu`la”, Andijon viloyatining “Gulruh”, Buxoro viloyatining “Xo`jai jahon”, Jizzax viloyatining “Gashtak”, Navoiy viloyatining “Karmana yulduzlari”, Namangan viloyatining “Yallama yorim”, Samarqand viloyatining “Sarbozi”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Surxondaryo viloyatining “Jayxun”, Toshkent viloyatining “Shosh navolari”, Toshkent shahrining “Durdona”, Farg`ona viloyatining “Quva navolari”, Xorazm viloyatining “Avazxon”, Qashqadaryo viloyatining “Rizvongul” singari folklor jamoalarining ikki yuzdan ortiq vakili o`z hududlariga xos liboslar va qadimiy kuy-qo`shiqlar asosida tayyorlagan maxsus dasturlari bilan ishtirok etmoqda. Milliy hunarmandlik buyumlari va liboslar ko`rgazmalari tashkil etilgan.
Festival doirasida milliy xalq o`yinlari va an`anaviy maydon tomoshalari san`ati namoyandalarining chiqishlariga ham alohida o`rin ajratilgan.
Festivalning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so`zga chiqdi