Ro`za durust bo`lishi uchun uch xil shart topilishi lozim.
Birinchi shart – zimmaga lozim bo`lish shartlari.
Bu shartlar to`rttadir:
1. Islom. Musulmon bo`lmagan odamga ro`za farz bo`lmaydi. Unday odam ro`za tutsa ham, ro`zasi ibodat o`rniga o`tmaydi. Kofir odam Ramazonda Islomga kirsa, o`sha kundan boshlab ro`za tutadi.
2. Aql. Aqli yo`q odamga ro`za farz bo`lmaydi, chunki u mukallaf emas.
3. Balog`at. Balog`atga etmagan yosh bolalarga ro`za farz bo`lmaydi. Ramazon oyida balog`atga etganlar o`sha kundan boshlab ro`za tutishni boshlaydilar.
Ikkinchi shart – ro`zani ado etish uchun lozim shartlar:
Bu shartlar ikkitadir:
1) Sog`lom bo`lish. Bemor kishiga ro`za tutish vojib emas.
2) Muqim bo`lish. Musofirga ro`za tutish farz emas. U safardan qaytganda qazosini tutib beradi.
Uchinchi shart – ro`zaning to`g`ri bo`lishi shartlari.
Bu shartlar uchtadir:
1) Niyat. Niyatsiz ro`za durust bo`lmaydi.
2) Nifos va hayzdan xoli bo`lish. Nifos va hayzli bo`laturib tutilgan ro`za durust bo`lmaydi.
Ramazon ro`zasining adosi va qazosi shar`iy kunduzning yarmidan avval niyat qilish bilan to`g`ri bo`ladi.
Ma`lumki, qilinishi lozim bo`lgan amalni shariatda belgilangan vaqtda qilish «ado» deyiladi. Qilinishi lozim bo`lgan amalni belgilangan vaqtidan keyin bajarish «qazo» deyiladi.
Ramazon ro`zasini vaqtida tutish farz. Agar u vaqtida ado qilinmagan bo`lsa, qazosini tutish farz.
Ramazon ro`zasini vaqtida ado qilish farzligiga dalil:
Alloh taolo Baqara surasida shunday degan:
«Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo`lib, Qur`on nozil qilingan. Sizlardan kim bu oyda hozir bo`lsa, uning ro`zasini tutsin», degan (185-oyat).
Ramazon ro`zasining qazosini tutish farzligiga dalil:
Alloh taolo Baqara surasida:
«Va sizlardan kim bemor yoki safarda bo`lsa, bas, sanog`i boshqa kunlardan», degan (185-oyat).
Shuningdek, kafforat ro`zalari ham vojibdir. Birovni xato, ehtiyotsizlik sababli o`ldirib qo`ygan yoki ayolini zihor qilgan odam boshqa kafforatlarni bajara olmasa, ketma-ket ikki oy ro`za tutishi vojib bo`ladi.
Alloh taolo Qur`oni Karimda:
«Kim (qul) topmasa, bas (qayta) qo`shilmasdan avval ikki oy ketma-ket ro`za tutsin», degan (Mujodala surasi, 4-oyat).
Alloh taolo Qur`oni Karimda qasamini bzgan kishining kafforati haqida:
«Ana o`sha, agar qasam ichgan bo`lsangiz, qasamingizning kafforatidir», degan (Moida surasi, 89-oyat).
Shar`iy kunduz tong otgandan (subhi sodiqdan) boshlanib, quyosh botguncha davom etadi. Shar`iy bo`lmagan kunduz esa «lug`aviy kunduz» deb ataladi va u quyosh chiqqandan boshlab botguncha davom etadi. Demak, ro`za tutmoqchi bo`lgan kishi tong otgandan boshlab kunduzning yarmigacha niyat qilib olsa, ro`zasi to`g`ri bo`ladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Mo`minnig qalqoni kitobidan)