MEVALI QUYMOQLAR
Bu quymoq oqsil va uglevodlarga boyligi bilan sizning tanangizga quvvat bag`ishlaydi. Yumshoqligi bois, sahar chog`ida oshqozoningizga ham og`ir botmaydi.
Masalliqlar:
400 ml qatiq;
2 ta tuxum;
0,5 stakan shakar;
1 choy qoshiq iste`mol sodasi;
vanil;
2,5 stakan un;
30 ml o`simlik yog`i;
2 ta olma (xohishga qarab boshqa meva tanlash ham mumkin);
bir chimdim tuz.
Tayyorlanishi:
Chuqur idishga qatiq, tuxum, shakar, vanil,iste`mol sodasini solib aralashtirasiz. So`ng unni qo`shing. Keyin esa qirg`ichdan chiqarilgan olmani qo`shib, aralashtiring. Yog` va tuz solish ham esingizdan chiqmasin. Masalliq tayyor bo`lgach esa, uni odatdagidek tovada, o`rtacha olovda pishirib olasiz.
“JANNAT” SALATI
Ushbu salatning masalliqlari oddiy va tayyorlanishi ham juda oson. Bundan tashqari, tarkibida qaynatilgan guruch va jo`xori bo`lgani bo`lgani bois xushta`m, to`yimli va hazmi engil.
Masalliqlar:
1 stakan qaynatilgan guruch;
4 ta pomidor;
6 ta salat bargi;
1 stakan qaynatilgan makkajo`xori;
200 gr qaynatilgan tovuq go`shti;
mayonez;
tuz.
Tayyorlanishi:
Pomidor, tovuq go`shti va salat bargini mayda to`g`rab oling. So`ng barcha masalliqlarni aralashtirasiz. Qarabsizki, nafaqat iftorlikda, hatto saharlikda ham eyish mumkin bo`lgan “Jannat” salati tayyor.
“QUVVAT” TAOMI
Bu suyuq taom bizga momomeros. Chunki buvi, momolarimiz bu ovqatni ilgaridan tayyorlab kelishgan va tanaga quvvat berishini bilishgan. “Quvvat” nomini olgan bu suyuq taom iftorlikda sizga darmon bo`ladi.
Masalliqlar:
300 gr go`sht qiymasi;
1 dona piyoz;
1 dona sabzi;
2 kartoshka;
2 dona pomidor;
20 gr. mosh
30 gr guruch
40 gr oq jo`xorining yormasi;
yog`;
tuz.
Tayyorlanishi:
Taom odatdagi suyuq taomlar tartibida pishiriladi. Ya`ni, qizigan yog`da go`sht qiymasini qovurib olasiz. So`ng mayda to`g`ralgan piyoz, sabzi, qartoshka, pomidorlarni ketma-ket solib, qovuring. Yaxshilab qovurib olgach, suv solasiz. Taom qaynab chiqmasdan oldin jo`xori yormasini soling. Yorma yumshay boshlaganida moshni, mosh yumshay boshlaganida esa guruchni solasiz. Taom pishgach, mayda to`g`ralgan ko`kat va rayhon bilan birga dasturxonga tortiladi.