O`zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Tailandga qarshi o`rtoqlik o`yini hamda Eronga qarshi JCh–2018 saralash uchrashuviga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
O`FF matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Tayyorgarlik jarayoni doirasida “Nasaf” jamoasidan termaga chaqirilgan Odil Hamrobekovga dam berishga qaror qilindi. O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi qoshidagi tibbiyot markazida tekshiruvdan o`tgan futbolchiga shifokorlar dam olishni tavsiya qildi. Shu munosabat bilan yarim himoyachi klub ixtiyoriga yuborildi.
Yaponiyada to`p surayotgan Fozil Musaev va Qozog`istonda o`ynayotgan Aleksandr Geynrix bugun, 3 iyun kuni Toshkentga etib keladi. Xitoy chempionatida harakat qilayotgan Odil Ahmedov ertaga, 4 iyun kuni terma jamoa ixtiyoriga kelib qo`shiladi. Shu bilan terma jamoaga chaqirilgan barcha futbolchilar jam bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston milliy terma jamoasi 6 iyun kuni Toshkentda Tailandga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi. Bellashuv “Bunyodkor” stadionida soat 20:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Eronga qarshi uchrashuv esa 12 iyun kuni Tehrondagi “Ozodi” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da boshlanadi.






