O`zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhidagi guruhdoshi Qatar terma jamoasi KXDRga qarshi o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazdi.
Gollarga boy bo`lgan o`yinda 2:2 hisobidagi jangovar durang qayd etildi. Avvalroq “A” guruhi ishtirokchilaridan Suriya terma jamoasi Ummon bilan (1:1) durang o`ynagani, Eron termasi esa Podgorisa shahrida Chernogoriyani 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgani haqida xabar berilgandi.

O`z navbatida O`zbekiston terma jamoasi Toshkentda Tailand futbolchilari bilan o`rtoqlik o`yini o`tkazib, 2:0 hisobida g`alaba qozondi. Yuqoridagi barcha o`yinlar JCh–2018 “A” guruhi 8-turiga tayyorgarlik vazifasini o`tadi.
Eslatib o`tamiz, “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, 13 ochko jamg`argan Janubiy Koreya ikkinchi pog`onada bormoqda. O`zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o`rinni band qilgan. 4–6 o`rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) termalari egallagan.






