AsosiySport

Samvel Babayan: Himoyadagi o`yinimizdan qoniqish hosil qildim

'Samvel Babayan: Himoyadagi o`yinimizdan qoniqish hosil qildim'ning rasmi

O`zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi JCh–2018 saralash bahsi oldidan bugun, 6 iyun kuni Toshkentda Tailand termasi bilan kuch sinashdi va 2:0 hisobida g`alaba qozondi.

O`yindan keyin o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o`z fikrlarini bildirib o`tdi. Uning so`zlarini O`FF matbuot xizmati keltirdi.

“Bugun bir qator yangi futbolchilarni sinovdan o`tkazdik. Himoyadagi o`yinimizdan qoniqish hosil qildim, asosiysi gol o`tkazib yubormadik. Hujumda rang-baranglik yaratishga intildik. Hujumdagi salohiyatimiz yaxshi, lekin vaziyatlardan unumliroq foydalanish kerak. Raqib himoyada pozision va umuman tartibli o`yin namoyish eta olishini ko`rdik.

Tailand o`yinini o`rganib chiqdik. O`yin bo`lishini bilardik, Osiyoda kuchsiz jamoaning o`zi yo`q. Tailand xam Osiyoning kuchli jamoalaridan biri. Jamoa JCh saralashida muvaffaqiyatsiz qatnashayotgan bo`lsa ham, uning kelajagi bor. Terma jamoani juda kuchli va hurmatga sazovor mutaxassis boshqaryapti. Ko`rinib turibdiki, ularning salohiyati yuqori.

Eronga qarshi o`yinga tarkib va taktika borasida o`ylashga biroz erta va bugungi o`yinni tahlil qilib, kamchiliklarni barataraf etishimiz kerak. O`yin sifati bo`yicha savollar bor. Tarkibdagi ayrim etakchi futbolchilarimiz so`nggi bir oy davomida o`yin amaliyotisiz edilar. Ularni doimo tempda ushlab turish uchun mashg`ulot olib borishlarini istadik. Umid qilamanki, rasmiy uchrashuvlargacha ular o`z formalarini tiklab olishadi”, – dedi Samvel Babayan.

Eslatib o`tamiz, JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 8-turida O`zbekiston 12 iyun kuni safarda Eron mehmoni bo`ladi. Tailand esa “B” guruhi 8-turida 13 iyun kuni BAA termasiga qarshi kurash olib boradi.

Boshqa yangiliklar