O`zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhidagi raqibi Janubiy Koreya termasi Iroqqa qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushdi. BAAdagi Emirates Club Stadium maydonida bo`lib o`tgan bellashuvda 0:0 hisobi qayd etildi.
Avvalroq saralash bosqichi “A” guruhi ishtirokchilaridan Suriya terma jamoasi Yaponiya bilan (1:1), Qatar futbolchilari KXDR bilan (2:2) durang o`ynagani, Eron termasi Chernogoriyani (2:1), Xitoy esa Filippinni (8:1) mag`lubiyatga uchratgani haqida xabar berilgandi.
O`z navbatida O`zbekiston terma jamoasi Toshkentda Tailand futbolchilari bilan o`rtoqlik o`yini o`tkazib, 2:0 hisobida g`alaba qozondi. Yuqoridagi barcha o`yinlar JCh–2018 “A” guruhi 8-turiga tayyorgarlik vazifasini o`tadi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston terma jamoasi saralash bosqichi so`nggi, 10-turida Toshkentda Janubiy Koreyani qabul qiladi. Mazkur o`yin 5 sentyabr kuniga belgilangan.
Eslatib o`tamiz, JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo`lsa, 13 ochko jamg`argan Janubiy Koreya ikkinchi pog`onada bormoqda. O`zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o`rinni band qilgan. 4–6 o`rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) termalari egallagan.






