Zamonaviy hayot tarzi har birimizdan maksimum quvvat, doimiiy e`tibor va diqqatni talab etadi. Biz 24 soat davomida hamma ishga ulgurishga intilamiz, faqat kundalik yoki kelajak uchun tuzilgan rejalarimiz orasida “dam olish” degan punktga joy hamda vaqt ajratmaymiz. Keling, shu bugundan boshlab jismoniy va ruhiy salomatligimiz haqida qayg`urib, hordiq chiqarishni o`rganamiz! Bu borada «Sug`diyona» ayollar klubining malakali mutaxassisi, ruhshunos Go`zal RO`ZMATOVA o`z tavsiyalarini berib o`tadi.
Charchab qolishga ulgurmang!
Qanchalar kulgili bo`lmasin, hordiq chiqarish uchun ham insondan kuch talab etiladi. Axir oddiygina kechki sayr uchun ham xohish va quvvat kerak-da. Ozgina charchadingizmi, tezda dam oling. Kun tartibiga to`liq rioya qiling, ochiq havoda sayr qilish, kitob o`qish, fitness bilan shug`ullanish yoki TV tomosha qilish uchun vaqt ajratishni unutmang!
Ish faoliyatini o`zgartiring!
Ruhshunoslarning ta`kidlashicha, inson organizmiga charchoq uch tomondan — TANA, AQL va KO`NGILdan tahdid soladi. Bizni boshqaruvchi bu uch omildan qay biri toliqishimizga sabab bo`layotganini aniqlab, boshqa yo`nalishda faoliyat yuritsak, huddi hordiq chiqargandek engil tortar ekanmiz. Maslahatimiz, jismoniy mehnat bilan aqliy mehnatning o`rnini vaqti-vaqti bilan almashtirib turing.
Sog`lom uyqu barchaga kerak!
Asab tizimining me`yorda ishlashi, organizmning mudom tetik bo`lishi uchun uyqu zarur! Kishi uyqu dorilar qabul qilib emas, balki tabiiy ravishda uxlashi lozim. Mana shunday sog`lom uyqudan so`ng tana kuch-quvvatga to`ladi. Maslahatimiz, yotoqxonada sizni chalg`itadigan televizor bo`lmasin. Dam olishdan avval xonangizni, albatta, shamollating, toza va mayin choyshab to`shalgan o`rinda kun davomida to`plangan charchoqni chiqib ketishi aniq!
Shanba va yakshanba kunlarini maroqli o`tkazish siri...
Biz ayollar dam olish kunlarini uy ishlariga bag`ishlashga o`rganib qolganmiz. Shuning uchun ham dushanbani charchoq bilan boshlashga to`g`ri keladi. Maslahatimiz, har kuni yarim soat vaqtingizni ro`zg`or yumushlariga bag`ishlang, Shunda butun boshli kunni tozalash bilan o`tkazish to`g`ri kelmaydi. Dam olish kunlarida juda bo`lmaganda bitta badiiy film tomosha qiling. Tabiat qo`yniga chiqish, madaniy tadbirlarda qatnashish imkoniyatini aslo boy bermang. Oilangiz va yaqinlaringiz davrasida o`tkazilgan yakshanba hafta davomida kuch bag`ishlab turishi shubhasiz!
Mehnat ta`tili ham bor...
Bir yil davomida intiqlik bilan kutilgan damlar... Aksariyat hollarda ta`tilda biror katta tadbirni o`tkazishni mo`ljal qilamiz. Masalan, uy ta`mirlash. To`g`ri, bo`sh vaqtdan unumli foydalangan yaxshi, ammo to`laqonli hordiq ham zarur-da. Shuning uchun 24 kunlik ta`tilning kamida 5 kunini ko`nglingiz tusaganidek dam olishga bag`ishlang. Bu vaqtda ishingiz bilan bog`liq hujjatlar va noutbuk yoki kompyuterni ko`zdan panaroqqa olib qo`yishni maslahat beramiz. Fursatni boy bermay uyquga to`yib oling, tushlik vaqtida ham 1-2 soat mizg`ib olishni kanda qilmang.
Azizlar, o`zingiz haqingizda qayg`urishni o`rganing. Bu ishni siz uchun boshqa xech bir inson qila olmasligi aniq! O`zingizni seving! Dam olish haqida unutib qo`ymang!
Dilnoza MIRTOLIPOVA