1

​“POYTAXTGA DOIMIY PROPISKAGA QO`YaMIZ”

Jinoyat 17.06.2017, 11:29
​“POYTAXTGA DOIMIY PROPISKAGA QO`YaMIZ”

Toshkent shahri Yashnobod tumanida 25 kishidan iborat jinoiy guruhning ana shunday “himmati” ortidagi kirdikorlari fosh etildi

Manzura Xolboeva (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`zi yashaydigan Yashnobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig`iniga kotiba lavozimiga ishga kirib, ushbu lavozimda bir yil ishladi. Mahalla fuqarolar yig`inida «pasportistka» shtati ochilganligi sababli, mahalla raisi uni mazkur lavozimda ishlashni taklif qildi. Manzura bu taklifni jon-dili bilan qabul qilib, tegishli tartibda Yashnobod tumani hokimiyatidagi vakolatli shaxslar suhbatidan o`tib, “mahalla pasportchisi” lavozimiga tayinlandi. Pasportchi sifatida uning xizmat vazifalariga mahallada yashovchi fuqarolarga xonadonda necha kishi bo`lib yashashlari haqida kommunal xizmatlar to`lovini amalga oshirishlari uchun ma`lumotnoma berish, mahallaga doimiy ro`yxatga o`tmoqchi bo`lgan fuqarolardan arizalarini qabul qilish, shuningdek, qaysi uyga ro`yxatga o`tmoqchi bo`lsa, o`sha uyning egasidan ariza va uyning hujjatlarini talab qilish, so`ngra ushbu hujjatlarni tumani IIB XChK va FRBga taqdim etishdan iborat edi. U shu masala bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish vaqtida Yashnobod tumani IIB Xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga tez-tez qatnaydigan bo`ldi.

Bundan ilgari esa qarindoshlarining oldiga – Qozog`iston Respublikasiga bormoqchi bo`lganida ikkinchi voyaga etmagan farzandini o`zi bilan davlat chegarasidan olib o`tishi uchun fuqarolik pasportiga uning rasmini yopishtirish zarurati tug`ilganda, Yashnobod tumani IIB XChK va FR bo`limida shu masala bilan shug`ullanuvchi xodim Qosimov Bekzod bilan tanishib qolgandi. U fuqarolarni Toshkent shahriga doimiy ro`yxatga qo`yish bilan shug`ullanardi. Odatdagi kunlarning birida u Bekzodning oldiga ish yuzasidan tashrif buyurdi.

– Manzura, sizga bir taklifim bor edi, – dedi Bekzod.

– Qanaqa taklif ekan?, – deb hayron bo`ldi Manzura.

– Meni Roza ismli yordamchim bor edi, u chet elga ketmoqchi, uning o`rniga ishga o`tmaysizmi?

Undan bunday taklifni kutmagan Manzuraning chehrasi yorishdi.

– O`zi oxirgi paytlarda turmush o`rtog`im bilan urishib qolib, birga yashamayapman. Ikki farzandni bir o`zim katta qilyapman, iqtisodiy tomondan ham qiynalib qoldim. Agar yaxshi maosh to`lasangiz, ishlaganim bo`lsin, – dedi Manzura xursand bo`lib.

Qosimov R. unga yaxshi maosh tayinlashga va`da berdi.

Shunday qilib, Manzura Qosimov Bekzodning norasmiy yordamchisiga aylandi. Shu bilan birga avvalgi joyida ham ishlay boshladi, ammo ikki joyga qatnash og`irlik qilgani tufayli mahalla pasportchiligidan bo`shab, batamom Yashnobod tuman IIB da yollangan ishchi bo`lib ishlay boshladi

U ish faoliyati davomida Qosimov Bekzod bergan topshiriqlarini bajarib, tumanga doimiy propiskaga o`tish uchun ariza bilan murojaat qilgan fuqarolarning hujjatlarini pasport bo`limi rahbari va Qosimov Bekzod o`rganib chiqqach, hujjatlarni maxsus daftarga ro`yxatga kiritib, so`ngra fuqarolik pasportlarining tegishli betiga Yashnobod tumaniga doimiy propiska qilinganligi haqidagi to`rtburchak shakldagi muhrni urib, ro`yxatga o`tish sanalarini hamda doimiy propiskaga qonunning nechanchi bandi asosida o`tganligi haqidagi yozuvlarni yozish ishlari bilan shug`ullana boshladi. Ish vaqti ish ko`p yoki kamligiga qarab belgilanardi.

Qosimov B. va`da berganiday maosh borasida uni xafa qilib qo`ymadi. O`zining hisobidan Manzuraga norasmiy oylik ish haqi sifatida haftasiga 100.000 so`mdan, tushlik uchun esa 10.000-15.000 so`m atrofida pul berib turdi. Manzura bu erda o`ziga o`xshab norasmiy tarzda ishlovchi Bahromova Gulsara bilan tanishib, qalin dugonaga aylandi.

Bir kuni u Gulsara bilan tushlik qilishga chiqdi.

– Gulsara, qanchadan-qancha viloyatlik odamlar Toshkent shahrida doimiy ro`yxatga turish istagida harakat qiladi. Qo`limizda shuncha imkoniyat bor, shundan foydalansak bo`lmasmikan? O`zimiz ham bir nimalik bo`lib qolarmidik... – dedi Manzura.

– Albatta, bunday qulay imkoniyatdan foydalanishimiz zarur. Anchadan beri o`zim ham shu haqda o`ylab yurgandim. Agar hujjatlarni qalbakilashtirib, doimiy ro`yxatga qo`yildi, degan muhrni bosish qo`lingizdan kelsa, men istaganingizcha odam topib beraman. Tanish-bilishlarim ko`p, bu haqda ularga aytsam, qarabsizki, hamma viloyatliklar yopirilib keladi, – dedi Gulsara.

Shunday qilib, bir necha kishidan iborat uyushgan guruhga asos solindi.

U Gulsaraning zimmasiga o`zining ko`rsatmalarini bajarish, Toshkent shahriga doimiy propiskaga kirishga istagi hamda moddiy imkoniyati keng bo`lgan, viloyatlarda yashovchi fuqarolarni topish, ularni aldash va ishonchiga kirish, Yashnobod tumani IIB XChKvaFRBda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ularni Toshkent shahriga doimiy propiskaga kiritish imkoni borligini aytish bilan qiziqtirgan holda mansabdor shaxslarga pora berishga da`vat qilish topshiriqlarini berdi. Gulsara ham o`z navbatida doimiy ro`yxatga qo`yish borasida tanish-bilishlariga ko`rsatma berib, maqsadlarini amalga oshirish uchun viloyatlik fuqarolarni jalb etish vazifasini topshirib, ularni ham uyushgan guruhning a`zolariga aylantirdi.

Gulsara rejaga asosan, tanish-bilishlari orqali topgan Buxoro viloyatida doimiy ro`yxatda turgan Esonova Madinani noqonuniy yo`l bilan Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo`yish maqsadida, uni Yashnobod tumani IIB XChKvaFRB mansabdor shaxslariga pora berish bilan aldadi.

– Opa, tushuning, bu narsa bitta menga bog`liq emas. Yuqorida boshliqlarimiz bor, agar 3000 AQSh dollari bersangiz, bu ish xamirdan qil sug`urganday amalga oshadi. Avval Buxoro viloyatidan propiskadan chiqib kelishingiz zarur, – dedi Gulsara.

Doimiy propiska dardida kuyib-yonayotgan ayol uning taklifiga darrov ko`na qoldi. Kelishuvga ko`ra, ayol Buxoroga borib pasportini doimiy ro`yxatdan chiqarib keldi va pasport bilan 1500 AQSh dollarini Gulsaraga topshirib, va`da qilingan pulning qolganini ishlar hal bo`lgandan keyin berishini ma`lum qildi. Oradan ikki kun o`tgandan keyin Gulsara Esonova Madinaga qo`ng`iroq qilib, va`da qilingan pulning hammasi to`liq berilmasa, boshliqlari ishni hal qilmasligini bildirdi. U Esonova Madina bilan qolgan pulni olish uchun Qo`yliq bozorida uchrashishga va`dalashdi. 3000 dollar pulni qo`lga kiritgan Gulsara 1200 dollarni o`ziga olib qolib, 1800 dollarni va Esonova M.ning fuqarolik pasportini Yashnobod tumani IIB XChKvaFRB binosi yaqinida Manzuraga topshirdi.

Manzura Yashnobod tumani IIB XChKvaFRBning qat`iy hisobida bo`lgan muhr va shtamplardan foydalangan holda, XChKvaFRBning mas`ul mansabdor shaxslari va xodimlarida shubha uyg`otmaslik maqsadida, Esonova M.ning fuqarolik pasportining yashash joyi ko`rsatilgan sahifasiga “Toshkent shahar Yashnobod tumani IIB ro`yxatining 2, 3, 5, 9-12-bandlariga asosan doimiy ro`yxatga qo`yildi” deb yozilgan shtampni hamda dumaloq gerbli muhrni xufiyona ravishda bosib, doimiy propiskada turganligi to`g`risida soxta yozuv va ma`lumotlarni kiritdi. U Esonova M.ning asossiz ravishda Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo`yilganligini yashirish va hech kimda shubha uyg`otmaslik maqsadida, uning nomiga Yashnobod tumani IIB XChKvaFRB tomonidan biometrik turdagi fuqarolik pasportini rasmiylashtirishga asos bo`luvchi hujjatlarni ham soxtalashtirdi.

Ishning bunchalik oson bitgani va mo`maygina daromadga ega bo`lgani uning kayfiyatini ko`tarib, yanada ko`proq daromad topishga undadi.

Ayupova Baxtigul (ism-shariflar o`zgartirilgan) asli qoraqalpog`istonlik bo`lib, 2005 yilda oilasi bilan Toshkent shahriga ko`chib keldi. Qaynonasining doimiy propiskasi borligi tufayli avvaliga turmush o`rtog`i, keyin o`zi qonuniy ravishda Toshkent shahrining doimiy propiskasiga ega bo`ldi. U propiska masalasida ichki ishlar bo`limiga qatnab yurganda Gulsara bilan tanishib qoldi. Shundan keyin pasport yuzasidan biror ishi bo`lsa uning oldiga keladigan bo`ldi.

Uning doimiy propiskaga ega bo`lganini eshitgan tanishlaridan biri Rafiqov Habib mazkur masalada undan yordam so`radi.

U zudlik bilan Gulsaraga aloqaga chiqdi.

– Salom, Gulsara! Sizdan bir iltimosim bor edi. Yaqin tanishimga doimiy propiska kerak edi. Uning hamma hujjatlari qonuniy, faqatgina ishni tezlashtirish kerak. Agar yordam bersangiz xafa qilib qo`ymaydi,– dedi Baxtigul.

– Yaxshi, boshliqlarim bilan gaplashib ko`ray, agar rozi bo`lsa, sizga o`zim qo`ng`iroq qilaman, – deb javob berdi Gulsara.

U uzoq kuttirmadi.

– Baxtigul, 700 dollar bilan birga barcha hujjatlarni olib keling, hamma ish hal bo`ldi, gaplashdim.

Ammo Baxtigul Habibga o`zining ham xizmat haqini qo`shib, 1000 dollar olib kelishni buyurdi.

– Hamma hujjatlarim qonuniy bo`lsa, shunga ham 1000 dollar beramanmi? – dedi Habibning jahli chiqib.

– Ishim tezlashsin desangiz, berasiz, – dedi pinagini buzmay Baxtigul.

Baxtigul Gulsaraga Rafiqov Xabibga tegishli barcha hujjatlar bilan birga 700 dollarni berdi, qolgan 300 dollarni esa cho`ntagiga urdi. Shu tarzda u Gulsara bilan aloqa o`rnatib, uning ishonchiga kirdi. Bel og`ritmay mo`may pul topishning bu usuli Baxtigulga juda yoqib qoldi, u endi o`zi o`lja izlaydigan bo`lib qoldi. Qo`shnisi farg`onalik Shahlo bilan bo`lgan suhbatda ataylab pasport xizmatida yaqin dugonasi ishlashi haqida og`iz ko`pirtirdi. Doimiy propiskasi bo`lmagan Shahlo uning gaplarini mahliyo bo`lib eshitdi va mazkur masalada yordam berishni so`radi.

– Bu masalani dugonamni oldiga borib hal qilishim kerak, telefonda gaplashib bo`lmaydi, – dedi Baxtigul.

– Mayli, opa, gaplashib ko`ring. Dugonangizni xafa qilib qo`ymayman,- dedi Shahlo yalinchoqlik bilan.

U ertasi kuni ertalabdan Gulsaraning oldiga borib, qo`shnisiga doimiy propiska kerakligini ma`lum qildi.

– Bu ish qaltisroq va noqonuniy bo`ladi, mazkur masalada rahbarlarim bilan maslahatlashib ko`rishim kerak, ularni moddiy tomondan manfaatdor qilsamgina ish osonlik bilan hal bo`ladi. Xizmat haqqi ham shunga yarasha, agar 2000 dollar bersa, boshliqlar bilan gaplashib ko`raman. Avval pasportni viloyatdan hisobdan chiqarib kelish kerak, – dedi Gulsara.

– Yaxshi, hammasini unga tushuntiraman, – dedi Baxtigul.

Ammo Baxtigul Shahloning oldiga kelib, xizmat haqi 2000 dollar emas, balki 3300 dollar bo`ladi, dedi. Shahlo bergan pulning 1300 dollarini olib qolib, qolganini Gulsaraga etkazdi. Gulsara va Manzuraning karomati bilan Shahlo bir dumalab, doimiy propiskali odamga aylandi.

Shunday qilib, Baxtigulning “doimiy propiska” hadya etish “san`ati” og`izdan-og`izga ko`chib, tillarda doston bo`ldi. Endi odamlarning o`zi uni izlab keladigan bo`ldi. U tanishlari bergan pul va hujjatlarni Gulsaraga etkazadigan, Gulsara esa “rahnamosi” Manzura orqali viloyatliklarni doimiy propiska muammosidan qutqaradigan bo`ldi.

U doimiy propiskaga qo`yish sharti bilan xorazmlik Saidova N.dan 2000, Xudoyberdieva M.dan 2800, “Maftuna” ismli ayoldan 5.500, Karimov E.dan 4500, “Gulbibi” ismli ayoldan 7200, qoraqalpog`istonlik ikki nafar erkakdan 7200 dan, 14400 AQSh dollarini olib, ularning teng yarmini o`z ehtiyojlariga ishlatib, qolganini Manzuraga berdi. Manzura esa barcha pora bergan fuqarolarning pasportlariga doimiy propiska muhrini, duch kelgan uyning raqamini qo`yib, ro`yxatga olinganlik to`g`risidagi muhrni bosdi va propiska olish uchun asos bo`ladigan hujjatlarni soxtalashtirdi. Doimiy propiskaga ega bo`lgan fuqarolarning bu haqda bir-biriga ma`lum qilishi natijasida jinoiy guruh a`zolarining soni 25 tagacha etdi. Ularning orasida talabalardan tortib, yoqilg`i quyish shahobchasi operatori-yu, direktor kotibasi va dispetcherlarni ham uchratish mumkin edi. Guruhning barcha a`zolari zanjir halqasi kabi bir-biriga bog`landi.

Ulardan biri Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetiga o`qishga kirgan surxondaryolik Odilov Javlon birozgina ijara uyda yashagach, onasi Toshkent shahrining Uchtepa tumanidan uy sotib oldi va ular ko`chib kelib, birgalikda yashay boshlashdi. Bir kuni Javlonning uyiga qo`shnisi qashqadaryolik Olim chiqdi. Ular allamahalgacha suhbatlashib o`tirishdi. Shunda Olim Toshkentga o`z vaqtida ko`chib kelib, doimiy propiskaga ega bo`lganligi haqida gap ochdi.

– Ha, vaqtida ko`chib kelib, yaxshi qilgan ekansiz, mana men bilan onamda doimiy propiska yo`q, poytaxtda bu narsa juda ko`p muammo tug`dirar ekan.– dedi Javlon Olimga.

– Ey, uka! Bu dunyoda faqat o`limning chorasi yo`q. Boshqa hamma narsaning iloji bor. Mullajiring bo`lsa, bo`ldi. Agar judayam doimiy propiska kerak bo`lsa, qo`shni uyda yashovchi «Gulya» degan ayol bor. Shunga uchrashsang, hamma muammongni hal qilib beradi, – dedi Olim.

– Men uni tanimayman, nima deyman begona ayolga? – dedi Javlon elka qisib.

– Ha, mayli mavridi kelsa tanishtirib qo`yarman, bo`pti, vaqt ham allamahal bo`ldi. Men uyga chiqay, – dedi Olim.

Javlon uni tashqariga kuzatib chiqdi. Ular hovliga chiqqanda, Olim “Ie, ana «Gulya»ning o`zi!”, deb Javlonga hovlida turgan ayolni ko`rsatdi. Ular birgalikda «Gulya»ning oldiga yaqinlashishdi. Olim unga vaziyatni tushuntirdi, Javlon onasi bilan unga doimiy propiska kerakligini aytdi.

– Yashnobod tuman pasport stolida mansabdor tanishlarim ishlaydi, ammo propiska uchun 6000 AQSh dollari kerak.

– Shu pulni topib bersam, hamma ishim hal bo`ladimi?

– Avval onangni doimiy propiskaga qo`yamiz, shundan keyin sen o`z-o`zidan doimiy propiskaga o`tasan, shunda hech qanday muammo bo`lmaydi, – dedi «Gulya».

Javlon bu xabarni zudlik bilan onasiga etkazdi. Onasi ham o`z navbatida Surxondaryo viloyatidagi turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qilib, maslahatlashdi. Javlonning otasi uydagi qora mollarni sotib, ularga 6000 AQSh dollarini etkazadigan bo`ldi. Shu tarzda avval Javlonning onasi, keyin ukasi va o`zi ham doimiy propiskaga ega bo`lishdi. Bir kuni u o`rtoqlari bilan choyxonada o`tirganda, kayf ustida qanday qilib, doimiy propiskaga ega bo`lganligini og`zidan gullab qo`ydi. Bu xabarni eshitgan tanishi O`tkir unga “propiska bo`yicha” menga ham yordam ber, deb yopishib oldi. U O`tkirga “6000 dollar berolsang, yordam berishim mumkin”, dedi. Shu tariqa u O`tkirdan 6000, Isroilov U.dan 13500, O`ktamga tanish bo`lgan ayoldan 7000 AQSh dollarini olib, ularning ma`lum qismini shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab, qolganini “Gulya”ga tutqazdi. Pora bergan har bir shaxs esa Manzuraning sharofati bilan Toshkent shahrining doimiy propiskasiga ega bo`laverdi.

Manzura va Gulsara bilan aloqada bo`lgan har bir guruh a`zosi tanish-bilishlari orqali mo`maygina pulni olib kelib berayotgan viloyatlik fuqarolarning birortasini “xafa qilishmadi”. Ular firibgarlar tuzog`iga tushganligini anglamay, pora evaziga bo`lsa-da, ishlari bitganidan xursand bo`lib yuraverishdi.

Ammo ko`za kunda emas, kunida sinadi, deydi dono xalqimiz. Ularning sirlari fosh bo`lgach, guruh a`zolari va barcha pora bergan shaxslar O`zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Yashnobod tuman IIB XChK va FRB xodimlari ham xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari uchun jazodan benasib qolmadi. Tergov jarayonida doimiy propiskaga qo`yilgan fuqarolarning ro`yxatga qo`yilgan manzillari tekshirilganda, u erda umuman boshqa odamlar yashashi, yuqorida nomlari keltirilgan odamlarning birortasini tanimasliklari aniqlandi.

Jinoyat ishi bo`yicha etkazilgan moddiy zarar jami 188.852.843 so`mni tashkil qilib, shundan tergov harakatlari davomida yuqorida nomlari keltirilgan ayblanuvchilar mazkur pul miqdorining 39.699.502 so`mini qopladi, Xolboeva Manzuraga tegishli 159.639.000 so`mlik uy-joy va 13.206.000 so`mlik avtoulov xatlandi.

Biz mazkur maqolaga jinoyat ishiga tegishli barcha tafsilotlarni sig`dira olmadik, chunki zanjirni eslatuvchi bu voqea shunchalik uzundan-uzoq ediki, unda nomlari keltirilgan odamlar-u, barcha voqea-hodisalar haqida batafsil ma`lumot berish imkoniyatimiz cheklangan. Shunday bo`lsa-da, sizlarni yuqoridagi kabi firibgarlar tuzog`iga tushishdan ogoh etish maqsadida ushbu maqolani e`tiboringizga havola etdik.

O`zbekiston respublikasi IIV huzuridagi Tergov Departamenti katta tergovchisi, kapitan Elbekov Tal`at

Lola Shoimova jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1