Yaqinda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni yashirin yo`llar bilan oolib kirilishiga doir bir nechta bojxona qoidabuzarliklarini oldi olingani haqida xabar berdi “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati.
Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Moskvadan uchib kelgan fuqaro J.Reymovga tegishli bo`lgan bagaj bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, uning ichida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovida taqdim qilinmagan 23 turdagi 3389 dona dori vositalari va 4 turdagi 8 dona biologik aktiv qo`shimchalar borligi aniqlandi.
Ekspertiza xulosalariga ko`ra, mazkur dori vositalari O`zbekiston Respublikasida Tibbiyot amaliyotida qo`llanishga ruxsat etilgan dori vositalari Davlat reestriga kiritilmaganligi bois, ularni sotish va tibbiyot amaliyotida qo`llash ta`qiqlangan. Biologik aktiv qo`shimchalar esa tegishli sifat va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlari yo`qligi bois foydalanish uchun yaroqsiz deb topildi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalari va biologik aktiv qo`shimchalarning umumiy bahosi 84 mln. so`mdan oshar ekan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro J.Reymovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
“Istanbul-Toshkent” reysi bo`yicha pavrozini yakunlagan fuqarolar G.Ashimova, Ch.Polvonova hamda J.Oltiboevlar ham bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilish maqsadida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimining og`zaki so`rovlari paytida ma`lum qilinmagan dori vositalarini bagajlardagi bolalar oyoq kiyimlari qutilari orasiga yashirgancha olib kirmoqchi bo`lishdi.
Ammo, bu qing`ir reja ularga naf bermadi. G.Ashimova 1000 dona, Ch.Polvonova salkam 1200 dona va J.Oltiboev 1,5 ming donadan ortiq konvalyutada 3 turdagi dori vositalarini olib kirishga uringan paytda to`xtatib qolindi. Yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan mazkur dori vositalari va 30 juft bolalar oyoq kiyimlarining umumiy qiymati esa salkam 148 mln. so`mni tashkil qilar ekan.
Ta`kidlash joizki, 2017 yilning dastlabki 5 oyi davomida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 150 ga yaqin qonunbuzarlik holatlarida qiymati 1,7 mlrd so`mlik 107 ming donadan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlarning yashirin olib o`tilishiga chek qo`yildi.
Eslatib o`tamiz, respublikamizda jismoniy shaxslar shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o`ramdan ortiq bo`lmagan dori vositalari, shuningdek 5 birlikdan ortiq bo`lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishlari yoki olib chiqishlari mumkin.
Bu jarayondagi eng muhim talablardan yana biri shundaki, bojxona chegaralari orqali shaxsiy maqsadlarda olib o`tilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o`ramida bo`lishi kerak.