«Qadr kechasi» («Laylatul-Qadr») Ramazon oyi ichiga yashirilgan eng fazilatli, ming oydan yaxshiroq, gunohlar kechiriladigan, duolar ijobat bo`ladigan kechadir. Qur`oni Karim shu kechada nozil bo`la boshlagan. Bu kechada ayniqsa ibodatga g`ayrat qilinadi, Allohga ko`plab hamd-zikrlar aytiladi, gunohlar uchun mag`firat so`raladi. Ko`pchilik musulmonlar hadislardagi ba`zi ishoralarga muvofiq Qadr kechasini Ramazon oyining yigirma oltinchidan yigirma ettinchiga o`tar kechasida deb bilishadi.
Alloh taolo Qur`oni Karimni Qadr kechasida nozil qilgani shunday marhamat qilinadi:
Alloh jalla sha`nuhu aytadi:
«Albatta, Biz uni (Qur`onni) Qadr kechasida nozil qildik. Qadr kechasi ne ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Robblarining izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otgunicha salom bo`lib turadi» (Qadr surasi, 1-5-oyatlar).
Alloh taolo yana shunday degan:
«Ochiq-oydin Kitob ila qasam. Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Albatta, Biz ogohlantiruvchi bo`ldik» (Duxon surasi, 2-3-oyatlar).
Demak, Qur`oni majid Ramazon oyining Qadr kechasida nozil qilina boshlagan. «Qur`oni Karim Qadr kechasida nozil qilingan» degan mufassirlarning fikrlari ikki xildir: ba`zilari «Qadr kechasida Qur`onning hamma oyatlari Lavhul Mahfuzdan dunyo osmoniga nozil bo`lgan, so`ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dunyo osmonidan ehtiyojga qarab amr va qaytariq, va`z-nasihat tarzida yigirma uch yil davomida bo`lib-bo`lib nozil qilingan» deyishsa, ayrimlari ushbu kechada Qur`oni Karim oyatlarining bir yilga zarur miqdori dunyo osmoniga tushirilgan, so`ng esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazib turilgan», deyishadi.
Abu Lays Samarqandiy tafsirida bunday deyilgan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlarning amallarini ko`ryapman», dedilar. U zotga ummatlarining umrlari qisqa, shu sababli ularning amallari oldin o`tgan ummatlarning amallari darajasiga etmayotgandek tuyuldi. Shu bois Alloh taolo u zot va ummatlariga Qadr kechasini berdi».
Mujohiddan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Banu Isroildan bir kishining Alloh yo`lida ming oy qurol-aslaha ko`tarib yurganini aytdilar. Musulmonlar bundan rosa hayratlanishdi. Shunda Alloh taolo ushbu suraning dastlabki uch oyatini nozil qildi» (Ibn Jarir rivoyat qilgan).
Qadr kechasining fazli va bu kechani Ramazon oyining qaysi kunlaridan izlash haqida Nabiy alayhissalomdan ko`plab hadislar rivoyat qilingan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Laylatul Qadrni iymon bilan, savob umidida qoim bo`lib o`tkazsa, o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam (oxirgi) o`n kunlik kirsa, belni mahkam bog`lab, kechani qoim qilar va ahllarini uyg`otar edilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan. Termiziyning lafzida:
«Oxirgi o`n kunlikda undan boshqada qilmagan ijtihodni qilar edilar», deyilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o`n kunida e`tikof o`tirar edilar va: «Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o`n kunligidan izlanglar», der edilar».
Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ba`zi sahobalari tushlarida Qadr kechasini oxirgi etti (kecha)da ekanini ko`rdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tushingiz oxirgi etti kechaga muvofiq kelayotganini ko`ryapman. Kim uni izlaydigan bo`lsa, oxirgi etti (kecha)da izlasin», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o`n kechasining toq (kecha)larida izlanglar», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyat qilishgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qadr kechasini Ramazonni oxirgi o`n (kechasi)da izlanglar: to`qqiz kecha qolganida, etti kecha qolganida, besh kecha qolganida», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilishgan. Boshqa rivoyatda shunday kelgan:
«Bir kishi Qadr kechasi yigirma ettinchi kechada ekanini tush ko`rdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning tushingizdagi oxirgi o`n(kun)likda ekanini ko`ryapman. Demak, uni toq (kecha)da izlang», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan. Boshqa rivoyatda shunday deyilgan:
«Unioxirgi o`n(kun)likda izlang. Agar birortangiz zaiflashsa yoki ojiz bo`lsa, qolgan ettida engilib qolmasin», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oyi, muborak oy keldi. Alloh azza va jalla sizlarga bu oyda ro`za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do`zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim uning yaxshiliklaridan mahrum bo`lsa, (barcha yaxshiliklardan) mahrum bo`libdi», dedilar».
Ahmad va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Zirr ibn Hubayshdan rivoyat qilinadi:
«Ubay ibn Ka`bdan: «Birodaring Ibn Mas`ud «Kim bir yilni bedor o`tkazsa, Laylatul Qadrni topadi», deydimi?» deb so`radim. «Alloh unga rahm qilsin, odamlar suyanib qolmasin demoqchi bo`lgandir. Aslida uning Ramazonda ekanini, oxirgi o`n kunlikda ekanini va yigirma ettinchi kechada ekanini aniq bilgan», dedi. So`ngra inshaalloh demasdan qasam ichib, uning yigirma ettinchi kecha ekanini aytdi. «Buni nimaga asoslanib aytyapsan, ey Abu Munzir?» dedim. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xabar bergan alomat asosida. O`sha kuni quyosh yog`du sochmay chiqadi», dedi».
Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan. Abu Dovudning lafzida:
«Alomati nima?» dedim. «O`sha kechaning tongida quyosh tog`oraga o`xshab yog`du sochmay chiqadi dedi», deyilgan.
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qadr kechasi yigirma ettinchi kechadadir», dedilar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ramazon oyidagi Qadr kechasi fazilat bobida ming oydan afzal va mo``tabardir, bu kechada qilingan ibodatlar ming oyda qilingan ibodatlardan yaxshiroqdir. Oyatdagi «ming oy» jumlasi ma`lum vaqtni ko`rsatish uchun emas, misol tarzida kelgan bo`lishi mumkin, ya`ni Qadr kechasi ming oydan va undan ko`proq muddatdan afzal, degan ma`noni ham bildiradi.
Qadr kechasida Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va Sidratul-muntahodan erga tushishadi, tong otgunicha insonlarni duo qilishadi va duo qilganlarga qo`shilib «omin» deb turishadi. Ko`pchilik mufassirlarning fikricha, farishtalar bu kechada Alloh taoloning keyingi yilgi bo`lajak qazoi qadari bilan ham tushishadi.
Qadr kechasi tong otgunga qadar turli ofat-balolardan omonlik, xotirjamlik kechasi, barakot kechasidir. Bu kechada shayton yomonlik qila olmaydi. Qadr kechasi boshdan-oxir faqat salomatlik, omonlik, yaxshilik va barakot bilan to`la, unda aslo yomonlik yo`qdir. Bu hol quyosh botganidan tong otgunga qadar davom etadi. Tong otgunicha farishtalar guruh-guruh bo`lib, rahmat bilan erga tushib turishadi.
Hasan ibn Ali roziyallohu anhu Payg`ambarimiz alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Qadr kechasi oydin va yoqimli bo`lib, na issiq, na sovuq bo`ladi. U kechaning tongida quyosh nurlari ko`zni qamashtiradigan darajada chiqadi».
Qadr kechasini bunday yashirishning hikmati o`lim vaqtini va qiyomat kelishini yashirishning hikmati kabidir. Qadr kechasi bandalar toat-ibodatga rag`bat va harakatni kuchaytirishi, g`ofil va dangasa bo`lmasligi uchun yashirilgan.
Shuning uchun Qadr kechasini har qancha nishonlasa arziydi. Bizning ushbu kechani nishonlashimiz o`zimizga xos bo`ladi, habibimiz va yo`lboshchimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko`rsatganlaridek va aytganlaridek bo`ladi. U zot «Kim Qadr kechasini iymon bilan, savob umidida bedor o`tkazsa, o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi», deganlar.
Biz mazkur ulug` va muborak kechani iymon kechasiga, savob talab qilish kechasiga aylantirishga harakat qilamiz. Bu kechani Allohga, Islomga bo`lgan iymonimizni yanada kuchaytirishga harakat qilib, toat-ibodat bilan o`tkazamiz. Biz bu muborak kechaning har lahzasini g`animat bilib, ko`proq savob hosil qilishga urinamiz. Alloh taolodan ushbu kechada barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshishini, taqdirimiz oliymaqom tayin qilinishini so`rab, iltijolar qilamiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Mo`minnig qalqoni kitobidan)