Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har safargiday, uni ko`rganimga suyunib, keyin kuyinib, yana o`sha dard-armon bilan qolaveramanmi?
Ko`nglimda shirin va hayajonli bir umid bor: hozir uni ko`raman. Tamom!..
Mana uning xonasi. Yurak yutib eshikni taqillatdim. Ichkaridan dugonasi chiqdi. Salomlashgach, sekin so`radim:
— Sayyora bormi?
— Bor, kiring.
— Rahmat, chaqirib qo`ysangiz.
Kutyapman, titrayapman. Hozir u chiqadi, hozir... Chiqadi-yu butun sog`inchim, bor mehrim yangidan lovullab ketadi.
U negadir ancha hayallab chiqdi. Meni ko`rdi-yu ko`zlari quvonchdanmi yoki hayratdanmi charaqlab ketdi.
– Alisher?! Keling!
– Keldim. Yaxshimisiz?
– Rahmat...
O! Boshlandi! Menga ko`pdan tanish, ko`pdan aziz va ardoqli, ammo har safar qalbimni yangidan larzaga solib, yangidan erkalovchi, yangidan azoblovchi siymo edi bu. Kuchli sog`inch, cheksiz mehr bilan unga tikilib qoldim. U esa ko`zlarini chiroyli pirpiratib, dam menga ajablanganday tikilar, dam meni koyiganday ko`zlarini olib qochar, bu holat sira bir-biriga o`xshamagan holda qayta-qayta takrorlanar, faqatgina ikkimiz anglaydigan shu holatning o`zi juda betakror, bag`oyat go`zal edi.
— Sayyora, nega telefon qilmay qo`ydingiz? – dedim undan gina qilib.
U ko`zlarini bir nuqtada to`xtatib, qoshlarini chimirdi: “Nega endi telefon qilishim kerak ekan?”
— Darslar og`irlashib ketdimi?
Sayyora bir zum o`yga tolganday bo`ldi-da, sekin bosh chayqadi.
— Vaqt yo`qmi yoki?..
— Toptiyiz. Xo`jayindan vaqt ortmayapti sira.
— Qanaqa “xo`jayin?”
Sayyora atay meni ajablantirmoqchi bo`lganday yayrab kuldi.
— Biram soddasizki, azizim! Qanaqa xo`jayin bo`lardi, peshonaga yoziladigan “xo`jayin”da.
Men buning hazil yoki chinligini bilolmay garang edim. Sayyora ham endi o`zini jiddiyroq tutmoqchi bo`lar, ammo ko`zlaridagi o`ynoqi ifoda bunga yo`l qo`ymasdi.
— Xohlasangiz, sizni u bilan tanishtirib qo`yaman. Ularning xonasi pastki qavatda.
Endi tushundim. U samimiy gapirayotgandi. Men “keragi yo`q” degandek bosh chayqadim. Chunki hozir gapira olmas, o`zimning bu ahvolimni oshkor qilishni ham istamas edim. Indamay turaverish esa yana noqulay tuyuldi. Zo`r-bazo`r gap boshladim:
— Birga o`qiysizlarmi?
Sayyora imo bilan “yo`q” ishorasini qildi, keyin qo`lini past qilib ko`rsatdi.
— Pastki kursdanmi? – uni yaxshi tushunsam ham so`roqqa tuta boshladim. Chunki shu damda sukunat men uchun juda og`ir edi. Sayyora ko`nglidagi ichki bir bezovtalikni yashirish uchunmi yana so`zsiz javob qildi.
— O`zingiz tarbiya qilib olarkansiz-da?!
— Qaydam...
— Ismi nima?
— Suvonqul.
— Nima?
— Suvonqul, Suvonqul.
— Namuncha ismi sovuq?
Men ilgarigi erkin suhbatlarimizni xayol qilibmi, shunday deb yuborganimni sezmay qoldim. Sayyora yalt etib menga qaradi. So`ng ko`ksiga tushib turgan sochini o`ynab, ko`zlari bilan meni ta`qib qila boshladi. Bu odati ham menga yaxshi tanish. U mendan engilgina ranjiyapti, koyiyapti, “tentaksiz” deya tanbeh beryapti. Izza tortib, erga qaradim.
– Bilasizmi, Suvonqul menga pianino chalishni o`rgatyapti. Ertaga kechqurun kelsangiz, siz ham eshitasiz. Kelasizmi? Siz ham musiqani yaxshi ko`rardingiz-ku! Keling...
“Tezroq ketishim kerak, yo`qsa, o`zimni tutolmay sharmanda bo`laman”.
— Rahmat, Sayyora. Endi men qayta qolay...
Shuncha tirishsam ham ovozim o`ksik va siniq chiqqani alam qilib ketdi. Ortiq unga jur`at qilib qaray olmadim. Oraga yana azobli sukunat cho`kdi.
— Ketasizmi? Xonaga taklif qilolmaganim uchun uzr. Kecha bir dugonamizning tug`ilgan kunini nishonlagandik, hozir hammayoq tartibsiz, shunga...
— Zarari yo`q, baribir kirmasdim!
— Nega?
— Mash`um xabarlardan keyin...
— Dadilsiz-ku, Alisher! Jur`atingiz faqat tilda emas, dilda ham bo`lsa edi...
U ohista, o`ychan, xuddi kitobdan o`qiyotgandek, ammo samimiy gapirardi. Dilidan quyilib kelgan so`zlarga o`zi ham quloq tutayotgandek edi. Uning shu bir og`iz gapidan har ikkimiz ko`p narsani anglardik...
Nazarimda, Sayyora mendagi asosiy zaiflikni to`g`ri topdi.
Shu lahza undan ajralishni istamasdim. Ammo ilojim qancha?! U bilan xayrlashib, tashqariga chiqa boshladim. Sayyora ham beixtiyor menga ergashdi.
— Sayyora, siz qolavering, men o`zim...
— Qo`rqmang, u rashk qilmaydi.
— Rashk qilmasa... sevmas ekan-da?
— Na u sevgi, na u?! – dedi u sho`xlik bilan xorazm lahjasida va hayron qolganimni ko`rib, tushuntirdi: — Kechirasiz, “xo`jayin” xorazmlik.
“Ajab bo`pti!” dedim o`zimcha alam bilan. Tashqariga chiqqach, neon chiroqlari yoritib turgan salqin xiyobondan borarkanmiz, Sayyora mening dardimdan butunlay bexabardek, birdan yaproqlar orasida yonib turgan chiroqni ko`rsatib qoldi.
– Qarang, qarang, qanday chiroyli! Men nurning shunaqa yaproqlar orasida charaqlab turganini yaxshi ko`raman.Har xil rangda tovlanadi. Allaqanday sirli, go`zal... Xuddi mening ... tuyg`ularimga o`xshaydi.
Men Sayyora ko`rsatgan yaproqlar orasidagi nurga tikilaman. Rostdan ham sirli va go`zal! Qiziq, nega shu vaqtgacha payqamaganman. Sen mening hayotimdagi shunday nur eding, Sayyora! Nahotki bugundan boshlab men uchun so`nsang! Ehtimol sening ana shu nurday sirli va go`zal ekaningni hech kim, hech qachon tushunmas. Axir yaproqdagi nur orasidagi sehrli jozibani hamma ham sen kabi payqay olmaydi-ku! Yo`q! Sen men uchun hech qachon so`nmaysan, hech qachon! Mening hayotimni shunday bir nur bilan yoritdingki, bunday o`zing ham bexabarsan...
— Nimalarni o`ylayapsiz, Alisher?
— Nurni... yo`q, sizni, ikkingizni ham. Sizni ana shu nurga qiyoslab kelayotuvdim...Sayyora, men baribir sizni unutolmayman, sizdan bir umr ... minnatdorman...
– Men sizga juda o`rganib qoluvdim, Alisher. Juda ham. Menga yaqin bir hamdard, suyanchiq kerak edi. Usiz yashashim qiyin bo`lib qoluvdi. Balki siz ishonmassiz, o`zini oqlayapti dersiz... Yigitlarning doimiy ta`qibi, doimiy “sevgi” izhorlari jonimga tegib ketgandi. Ulardan qutulish uchun hatto o`zimni “turmushga chiqqanman” deb gap tarqatdim. Foydasi bo`lmadi. Eski dardim qo`zib, yana yotib qoldim. Bilmadim, bu bilan nechanchi bor kasalxonaga tushdim ekan? Busiz ham besh yillik o`qishni etti yilga cho`zib yuborgandim. Men uchun endi hamma narsa baribirday bo`lib qoluvdi. Shunda... shunda Suvonqul bilan tanishdik...U menga dalda bo`ldi...
Ikkimiz ham uzoq vaqt jimib qoldik. Bu sukunat oramizga tushishi muqarrar bo`lgan ayriliqni eslatdi. Yuragim zirqirab ketdi.
– Ko`ryapsizmi, azizim, siz bilan Shirmonbuloq tog`larida sayr qilishimiz boshqa, hayot boshqa ekan, – dedi Sayyora ohista.
Oxirgi marta xayrlashayotganimizda Sayyora yana Xorazm shevasida: “Galib turing, Alisher”, dedi. Yuragimga nimadir o`qday sanchildi. Bu uning hazilimi yoki endi mening uchinchi – ortiqcha kishi ekanimni eslatganimi? Ha, uchinchisi... Kim bo`lsa ham ortiqcha!
Sayyora xiyobondan burilib, yotoqxonaga kirib ketguncha orqasidan qarab qoldim. So`ng shu erdagi o`rindiqlardan biriga og`ir cho`kdim. Ko`ksimda bir nima xuddi tuz sepgandek jizillab achishar edi.
Eh, Sayyora, Sayyora! Men seni bevafolikda ayblay olmayman. Biz sevishib, ahdu paymon qilganimiz yo`q. Sen “sevgi” degan so`zdan qo`rqarding... Ammo oramizdagi munosabatni men har qanday sevgidan muqaddas deb bilar, hech qanday sevgiga alishmas edim. Taqdirimizni bog`lashga esa ikkilanar, bunga jur`at qilolmas edim. Sening, o`z ta`biring bilan aytganda, “ob-havo” fe`lingdan cho`chirdim. O`zgarib turuvchi fe`lingni o`zing shunday ataganding. Men esa seni chiroyli ochilib turgan lolaqizg`aldoqqa o`xshatardim. Lolaqizg`aldoq har qancha chiroyli bo`lmasin, har qancha ko`zni kuydirmasin, o`z joyida turgani yaxshi. Agar uzib olsang, so`ladi.
Qalbimga naqadar chuqur o`rnashib qolsang-da, sen bilan birga bo`la olmasligimni o`ylab, shunchalik azoblanardim. Harqalay, sen shoshilding, Sayyora! Axir senda meni har qanday ko`yga solishga qodir bo`lgan sehru jodu bor edi-ku! Mendagi ikkilanishni payqagandirsan-u, o`zingning men uchun naqadar aziz va ardoqli ekaningni sezmagansan. Men ham senga naqadar bog`lanib qolganimni mana endi – sendan ajralgach tushundim. Sen bilan kechgan har bir daqiqa, endi bilsam, hayotimdagi eng betakror, eng ajoyib damlar ekan. Hayotda hamma narsaning qadri yo`qolgandan keyin bilinarkan...
Sayyora! Oxirgi marta bizning ijaraxonamizga borganimiz yodingdami? Seni qattiq sog`ingandim. Eslasam hali-hali entikib ketaman. Oqshom edi-a o`shanda? Qanday ajoyib, totli damlar edi... Afsus, endi unday lahzalar ortiq nasib etmaydi. O`shanda ruhimiz shunday engil, shunday ko`tarinki ediki, ikkimiz ham shu yurishimizdan sarxush, sarmast edik. Lekin sen uyda ko`p o`tirmading. Dugonalaring xavotir olishini aytib, ketishga shoshilding. Seni kuzatishda, yo`lda bo`lib o`tgan o`sha suhbat ham boyagidek yodimda. Sen kutilmaganda, uylaringga ketma-ket sovchilar kelayotganini aytib, oxiri gapni: “Shunaqa, bozorimiz chaqqon shu kunlarda”, deb hazil bilan tugatgan bo`lsang ham, aslida mening fikrimni bilmoqchi eding. Men esa senga to`g`ri javob berishga qiynalar, to`g`ri javob berolmasdim ham. Balki shu bois, “Bunday imkoniyat g`animat bo`ladi. Fursatni qo`ldan bermaslik kerak” degan bema`ni, bemavrid hazil og`zimdan chiqib ketganini sezmay qoldim. Eh, men - tentak! O`shanda bu gapim senga qanday ta`sir qilishini o`ylamabman ham. Nahotki o`sha gapdan keyin o`zgarib qolgan bo`lsang? Yo`q, yo`q! Bunga ishonmayman, Sayyora!
Men ba`zilarga o`xshab: “Mayli, kim bilan bo`lsang ham baxtli bo`lsang bas”, deyolmayman. Chunki seni hech qachon, hech kimga ravo ko`rmayman, hech kimga... Faqat meni tushunsang, meni kechirsang bas deya olaman, xolos.
Shodmon OTABEK