AsosiySUG'DIYONA

​Erkaklar diqqatiga: oila tinchligi sizning qo`lingizda!

'​Erkaklar diqqatiga: oila tinchligi sizning qo`lingizda!'ning rasmi

«Ayolim bilan oxirgi paytlarda ko`p tortishib qolayapmiz. Uni xafa qilib qo`yayotganimni bilaman. Uzr-ma`zur qilib yarashib olsak ham, kichik tortishuvlarimiz bir-biriga ulanib, katta janjalga aylanishidan, oilaviy xotirjamligimni yo`qotishdan xavotirdaman...» Bu o`ylab topilgan gaplar emas, tahririyatga bo`lgan murojaat! Murojaat egasiga, avvalo, rahmat aytib, ruhshunos Barno ILHOMOVAning oila mustahkamligi yo`lida erkaklar bilishi kerak bo`lgan tavsiyalari bilan tanishtiramiz.

«Nega urishib qolaveramiz?»

1-sabab: temperament. Psixologiyada temperament tushunchasi bor. Unga ko`ra insonlar to`rt toifaga bo`linadi: sangvinik, xolerik, flegmatik va melanxolik. Ularning o`zaro munosabatlari ham o`ziga yarasha bo`ladi. Ya`ni qaysilaridan bir-biri bilan oson til topishadi, ba`zilarida esa bir-birini tushunish biroz qiyin kechadi. Bu yashab bo`lmaydi, o`rtada sevgi yo`q, degani emas. Sevish tabiiy, qaysidir nuqtalarda til topishish ham mumkin. Faqat bir-birining fe`lini tushunish qiyin kechadi. Deylik, er — xolerik. U hamma ishini tez bajaradi, ammo sifat masalasida biroz oqsaydi. Flegmatik xotin esa sekin ish qiladi, lekin hammasini maromiga etkazadi. Erning tiliga «Sen ko`ylagimni dazmol qilguningcha, men oshga borib, qaytib ham kelaman», degan tanbeh ko`chadi-yu orada gap qochadi. Demak, qaysi toifaga mansubligingizni o`rganib, o`ziga xosliklaringizni inobatga olib, muomala qilsangiz, olam guliston (temperament mavzusiga keyingi sonlarimizda batafsil to`xtalamiz)!

2-sabab: oilada rollarning aniq taqsimlanmagani. Ya`ni er va xotin o`z vazifalarini bilmaydi, burchlarini to`la ado etmaydi, ma`suliyatni doim ikkinchi tomonga yuklaydi, natija esa baqir-chaqir. Oldini olish uchun o`z vazifalaringizni do`ndirib bajaring, keyin janjalga nima sabab bo`layotganini aniqlab, uni bartaraf eting.

3-sabab: o`ziga bo`lgan ishonchning pastligi. Har ikkala tomonda ham bu holat kuzatilsa, uyingiz janjalning iniga aylanishi hech gapmas. Chunki o`ziga nisbatan past baho beruvchi kishi o`zini juda yomon his qiladi va ishonchni yonidagi odamni azoblash, unga yuqoridan nazar solib, kamchiligini topib, tanqid qilish bilan oshirmoqchi bo`ladi. Bu o`rinda erkak ham, ayol ham o`z ustida ishlab, shaxsiy sifatlarini shakllantirishi kerak. Balkim, mutaxassis ko`magi zarurdir.

4-sabab: oilaviy krizis davri. Oilaviy hayotning ma`lum bir bosqichlarida ayrim sabablarga ko`ra inqiroz davri kuzatiladi. Masalan, birinchi yillikda moslashish davri bo`lgani, uchinchi yillikda esa farzand tug`ilgach, ayol e`tiborining katta qismi bolasiga qaratilishi, er-xotinga ota-onalik vazifa-burchlari yuklangani sabab ham tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Ularni birgalikda, muhabbat va sabr, tushunish va hurmat bilan enga olasiz!

Mustahkamlash shartlari

1-shart. Sizni uylantirib qo`yishmasin, UYLANING! Ya`ni oilaviy hayotga, uni boshqarish, ta`minlash, farzand tarbiyalashga ma`nan va moddiy jihatdan tayyor bo`lgach, oila quring. Majburiyat yukining ostida emas, mas`uliyatni his qilib, turmush ostonasiga qadam tashlasangiz, muammolardan himoyalanasiz!

2-shart: ayollardagi o`ziga xoslikni tan oling. Ya`ni bizning his-tuyg`ularga tayanib ish ko`rishimizni qabul qiling. Biroz vahimachi, shoshqaloq, ta`sirchan, qiziquvchan va talabchanligimizni bilamiz. Shunaqa yaratilgan bo`lsak, nima qilaylik? Sizdan nimagadir va`da olib, to u amalga oshmaganuncha tinchimasligimiz, sizni ham shoshirishimiz bor gap. Shunday kezlarda jahlingiz chiqmasin. Bu sizni yaxshi ko`rmasligimiz emas, asabingizni egovlashni yoqtirishimiz hammas, his-tuyg`uga beriluvchanligimizdandir.

3-shart: oila boshlig`i bo`ling. 2-shartdan ko`rib turibsizki, bizning qo`limizga tizginni tutqazib bo`lmaydi. Qo`yib bersangiz, oyga ham uchgimiz keladi. Uyda har doim har qanday masalada oxirgi va eng oqil so`zni siz ayting. OILA BOShLIG`I degan so`zning mag`zini chaqing. Bu «xotinni qattiq ushlash kerak» degan mashxur maslahat emas. Gul ko`chatini qo`lingiz bilan mahkam qisib ushlasangiz, u nobud bo`ladi-ku axir. Boshliq bu –– tasarrufidagi korxonani boshqarish, uni rivojlantirish, yuksaltirish uchun oqilona qarorlar chiqaridigan, ularning ijrosini ta`minlaydigan shaxsdir. Siz ham shunday bo`ling. Oilangizning bugunidan ertasini, ertasidan indinini chiroyli va yaxshi qilishga harakat eting.

4-shart: taqiqlaringiz o`rnini to`ldiring. Har bir qiz turmushga chiqar ekan, hatto, uni majburlab uzatishayotgan bo`lishsa-da, «Bo`lajak umr yo`ldoshimning uyida tinib-tinchib ketay», deya niyat qiladi. Shuning uchun itoatkor bo`ladi, nima desangiz, labbay deb ado etadi, ko`zingizga qarab turadi. O`zingizni xon, uni qul sanamang. Nimanidir cheklasangiz, uning o`rniga nimadir qilib, ko`nglini ko`taring. Aytaylik, tog`asining qizining to`yiga jo`natmadingiz. Qarindoshlarini ko`rolmaganidan, to`yga borib, o`ynab-kulib kelolmaganidan, buning ustiga «Tushgan joying yaxshi ekan, mana, jo`natishibdi», degan e`tirofni eshitmaganidan xafa kelinchakka hech bo`lmasa, bitta shokolad ko`tarib keling. «Rahmat senga, aytganimga ko`nganing uchun», deya qo`liga tutqazganingizda, uning sizga bo`lgan hurmati chandon oshadi! Bo`lmasa, doimiy taqiqlardan bir kuni sabr kosasi to`ladi. Xullas, ayolimning fidokorligini qadrlayapmanmi? Buning evaziga men unga qanday javob qaytarayapman, deya mulohaza qiling.

5-shart: psixologik ehtiyojlar. Bular quyidagilar.

1. Gapirib, maza qilamiz. Ko`rgan voqea-hodisalarimizni kimgadir to`lib-toshib so`zlab bersak, engil tortamiz. Iltimos sizdan, kuniga aqalli o`n besh daqiqa bizni eshiting. Nimagadir og`iz juftlaganimizda «Ey...» deya qo`l siltasangiz, ertaga sizga chiroyli muomala qilishga o`zimizda kuch topolmay qolishimiz mumkin.

2. Har kuni maqtov eshitishni istaymiz. Kunda bir marta bo`lsa ham, «Chiroylisan», «Qo`ling biram shirin!» «Mehribonsan» degan so`zlarni aytsangiz, osmonlarga uchib ketamiz, albatta, siz bilan birga!

3. «Men sevimliman!» Shu tuyg`uni his qilishimizga imkon bering. Har kuni dil izhori kutmaymiz. Haftada, oyda bir «Boringga shukr, xotin!» «Seni qanday yaxshi ko`rishimni bilsang edi» degan gaplar dilingizdan tilingizga ko`chib tursa, oilamiz yanada mutahkamlashadi.

4. Sovg`a kayfiyatimiz kaliti. Aslida, oiladagi tinchlik ayolning kayfiyatiga bog`liq. Uning kayfiyati a`lo bo`lsa, qozoningizda shirin ovqat qaynaydi, uyingiz sarishta bo`ladi, bolalaringizning ko`zi kulib turadi, sizni «Yaxshi keldingizmi, dadasi», deya kulib kutib oladi. Buning uchun esa faqat tug`ilgan kun va 8 Martda emas, kunora kichik-kichik sovg`alar bilan bizni xushnud qiling. Ishdan chiqib, bozorlik qilganingizda biz yaxshi ko`rgan nimanidir xarid qiling. Pistami, konfetmi yo shokolad? «Bu senga, oyisi!» deganingizda, «Erim ko`cha-ko`yda ham meni o`ylab yurarkan, nimani yaxshi ko`rishimni bilarkan», deya o`zimizda yo`q xursand bo`lib ketamiz.

6-shart: tarozi pallasini teng ushlang. Aslida ikki ayolning o`rtasida turib, ularni murosaga keltirish ham bir san`at! Biri sizni dunyoga keltirgan volidangiz, biri avlodingiz davomchilarining onasi, axir! Avvalo, bir tomonga to`liq og`mang. Adolatli bo`ling. Kim birinchi shikoyatni boshlasa, bilingki, muammoda uning aybi kattaroq. Eshitganingizga darhol ishonib, ayolingizni urisha ketmang yo onangizga qarshi bormang. Ikkisining ham fe`li sizga ayon, shunga yarasha muomala qiling. Qarzingizni ham, farzingizni ham unutmang.

7-shart: bosiq va mulohazali bo`ling. Nimadir xato qilsak, yo aytganingiz yodimizdan ko`tarilsa, darrov kamsitishga, urishishga, haqoratlashga tushmang. Avvalo vaziyatni o`rganib, keyin xulosangiz bilan o`rtoqlashing. Shunda kamchiligimizni darrov bartaraf qilamiz.

8-shart: hozir va shu erda yashang. O`tgan haftadagi sho`r ovqatni, kechagi kun o`rtangizda gap qochganini hadeb «chaynamang», xotiningizning yuziga solmang. Bu ayollarga xos odat va faqat zararimizga ishlaydi, aslida.

9-shart: qo`l ko`tarmang! Ayolingiz jahl otiga mindirgan bo`lsa ham, zaifaga aslo qo`l ko`tarmang. Bu sizning ojizligingiz bo`ladi, hurmatingizni to`kadi, ayolning ko`nglini sovutadi. U sizning jufti halolingiz, bolalaringizning onasi, rafiqasini jismonan va ruhan xo`rlash er kishiga yarashmaydi!

MUXLISA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar