AsosiyJamiyat

​Toshkentda “Jahon adabiyoti” jurnalining 20 yilligi munosabati bilan ilmiy konferensiya bo`lib o`tdi

'​Toshkentda “Jahon adabiyoti” jurnalining 20 yilligi munosabati bilan ilmiy konferensiya bo`lib o`tdi'ning rasmi

Poytaxtimizda «Jahon adabiyoti» jurnalining 20 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi, deb xabar beradi O`zA.

«O`zbekistonda mustaqillik davri ma`naviyati rivojida «Jahon adabiyoti» jurnalining tutgan o`rni va ahamiyati» mavzuida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, akademik B.Nazarov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.Sirojiddinov, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Sh.Rizaev va boshqalar mamlakatimizda ma`naviy islohotlar samaradorligini oshirish jarayonida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ta`lim muassasalarini badiiy, ma`rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta`minlashni yanada kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilayotgani, avvalo, yosh avlodni har jihatdan etuk insonlar qilib tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta`kidladi. Bu ezgu ishlar silsilasida "Jahon adabiyoti" jurnali xalqimizni jahon adabiyotining eng sara namunalari bilan tanishtirish, kitobxonlik muhitini yaxshilash, o`zbek tarjimonlik maktabini rivojlantirish va adabiyotimizni yangi ijodiy tajribalar bilan boyitishga hissa qo`shib kelmoqda.

Mazkur jurnal yigirma yil avval – 1997 yil 27 fevralda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil etilgan. Bu yangilik mamlakatimiz ma`naviy-madaniy hayotida tarixiy voqea bo`lgan edi. O`zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning fidokorona xizmatlari, jonkuyarligi va tashkilotchiligi bilan qisqa fursatda tahririyatda taniqli tarjimonlar, adiblar, munaqqidlar jam bo`lgan, ularning samarali mehnati natijasida mazkur jurnal nufuzli nashrga aylandi. O`tgan davrda jurnalning 240 soni nashrdan chiqdi. Ularda 100 dan ortiq roman, 200 dan ziyod qissa, mingdan ortiq hikoya va novella, mingga yaqin ijtimoiy-falsafiy, adabiy-badiiy, ilmiy-nazariy maqola va esselar e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 mart kuni bo`lib o`tgan yig`ilishida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida»gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida jurnal tashkil etilganining yigirma yilligini munosib nishonlash masalasi ko`zda tutilgan edi. Aprel-may oylarida mamlakatimizdagi qator oliy o`quv yurtlarida talaba-yoshlar, keng jamoatchilik ishtirokida o`tkazilgan ijodiy uchrashuvlar yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda mazkur jurnal jahon adabiyoti sari ochilgan yo`l ekani, ijodkorlarimiz bu orqali dunyo adabiyoti manzaralarini kuzatish jarayonida o`z ijodiy salohiyatini yuksaltirayotgani qayd etildi. Nashr o`zbek tarjima san`atini yangi bosqichga ko`tarishda ham o`ziga xos maktab vazifasini o`tamoqda. So`nggi yillarda jurnal mazmunan va shaklan yangilandi. Yangi ruknlarda jahon adabiyotining oxirgi yillardagi sara asarlari e`lon qilindi. Ilg`or adabiy-falsafiy qarashlar yoritildi, navqiron tarjimonlar avlodi shakllandi. Xorijiy tillardan to`g`ridan-to`g`ri tarjima qilish – asliyatdan o`girishga e`tibor qaratildi.

Konferensiyada badiiy tafakkurimiz yuksalishida «Jahon adabiyoti» jurnalining o`rni, dunyo adabiyoti namunalarini o`zbek tiliga tarjima qilish muammolari, mazkur nashrda G`arb adabiyotshunosligi talqini kabi mavzularda ma`ruzalar tinglandi.

Boshqa yangiliklar