1

​YoQUB AHMEDOV. AKTYoR BO`LIShNI ISTAGAN FUTBOLChI

Shou-biznes 11.07.2017, 14:10
Teglar: Aktyor
​YoQUB AHMEDOV. AKTYoR BO`LIShNI ISTAGAN FUTBOLChI

Uchrashuvimiz mehmonini kinodagi katta-kichik rollari orqali yaxshi taniysiz. San`atga kirib kelguniga qadar esa u sportchi bo`lgan. So`zimiz chin. Jarohat olmaganida ehtimol bugun aktyor emas, futbolchi bilan suhbatlashayotgan bo`larmidik, tag`in kim biladi, deysiz.

– Qarshimdagi suhbatdoshim aslida kim, aktyor, tadbirkor yoki futbolchi?

– Asosiy ishim tadbirkorlik, ammo bu san`atimga xalaqit qilmaydi. Aktyorlik — bolaligimdagi orzum! Endi etishdim deganimgami, butun bor diqqat-e`tiborim san`atga qaratilgan. Biznesda esa ishongan yordamchilarim bor.

– Ukalaringiz Odil va Azimjon sizga ergashib futbolga kirib kelishgani rostmi?

– Mahallamizda stadion bo`lar edi. U erda futbol mashg`ulotlari olib borilishidan xabar topib, murabbiy bilan uchrashdim. Bu 1993 yillar edi chamamda. Mashg`ulotlarga qatnay boshlaganimdan so`ng Odil ham qiziqib qoldi. Bizdan keyin Azim sport bilan shug`ullanish istagi borligini bildirdi. Uch aka-uka futbol jamoasida to`p surardik.

– Qozog`istonning «Yassi Sayram» futbol jamoasida to`p surganingizni ko`pchilik bilmaydi?..

– Ochig`i, bu ma`lumotni sir tutgandim. «Yassi Sayram» jamoasiga chaqirishganida, «Qishki ta`til vaqti shug`ullanasan, iqtidoringni ko`ramiz, sinov muddatidan o`tolsang, jamoamizdasan», deyishgan. Astoydil tayyorlanib, jamoaga qabul qilinganman. Bir yilcha «Yassi Sayram»da to`p surdim, ammo jarohat olganimdan so`ng men uchun futbol bilan bog`liq karera eshiklari yopildi. Bunga qadar «Navbahor» jamoasi o`yinchisi edim, asli. Qozog`istondan taklif tushgach, o`z ustimda yanada ko`proq ishlayman, deb rozi bo`lgandim.

– Har narsaning hikmati bor deyishganidek, jarohatdan so`ng kinoga kirib keldingiz, to`g`rimi?

– Ha! Kichikligimdan san`atga mehrim bo`lakcha edi. Qaysi filmni tomosha qilmay, undagi qahramon o`rnida o`zimni tasavvur qilaverardim va «Men ham shunday rollar ijro qilsam», derdim o`zimcha. Jarohat olib uyga qaytganimdan so`ng ijtimoiy tarmoq orqali rejissyor Akbar Bekturdiev bilan tanishib qoldim. Uning aktyorlar bilan tushgan rasmlarini tomosha qilib, o`zimdagi havas to`g`risida so`zlab berdim. Akbar meni eshitdi va kichik rolga taklif qildi. «Salom, sevgi, xayr, sevgi» kartinasi edi bu.

– Rostini ayting, futboldan ketganingizga afsuslanmaysizmi?

– Sira ham! Hech qaysi sportchi jarohat olishni istamaydi. Aksincha, bu holatdan ehtiyot bo`lishga urinamiz. Lekin falokat oyoq ostida deganlaridek, bir tarafdan o`zim ham keskin harakat qilgandim o`shanda. Mendagi jarohat bilan futbolni davom ettirish mumkin emasdi. Shuncha yillik mehnatim, urinishlarim, albatta, achinganman, alam qilgan paytlari ham bo`lgan. Chuqurroq tahlil qilinsa, bir eshikning yopilishi boshqasining ochilishi uchun xizmat qilarkan. Buni keyin anglab etdim.

– Ochiqroq gapiring.

– Futbol jamoasiga qabul qilinganimda endi sportchiman, kino men uchun armon bo`lib qolarkan-da, eh orzum, edi-ya, degandim. Kinoga taklif qilishganida esa... o`sha paytdagi holatimni tushuntirib berolmayman.

– Siz kutgan onlar ham keldi, suratga olish maydonchasidasiz, xo`sh, bu qanday bo`ldi?

– Faqat ekran orqali ko`rgan aktyor-aktrisalaringiz bilan bir maydonchada ishlash, kutilmagan, allaqanday tushunarsiz holat bo`larkan. Adiz Rajabov, Asal Shodieva, Zarina Nizomiddinovalarning yonida qattiq xayajonlanganman, qo`rquv bo`lgani ham rost. «O`zingni qo`lga ol, axir shuni kutmaganmiding», deya takrorlayverdi ichki ovozim, epizod sahnani suratga olish payti etganida, mashinadan tushib, harakatlanishim kerakligini aytishdi. Shunchalik hayajon bosganki, avtomobil eshigining ushlagichini topolmay qolganman. Rejissyor tushuntirgach, lavha ikkinchi dublda suratga olindi. Ertasi kuni avvalgisidan kattaroq edi rolim, tasvirga olish ishlari tugagach, Akbar Bekturdiev yonimga kelib, «Yoqub aka, rostini ayting, aktyorlikka o`qiganmisiz?» deya savolga tutdi. Faqat sport maktabini tamomlaganimni aytganimda, birinchi rol uchun ijrom juda yaxshi ko`rsatkichligini ta`kidladi-yu, go`yo qanotlarim paydo bo`ldi. O`zimga nisbatan ishonchim ortdi. Epizodik roldan so`ng bosh qahramonlarni ijro etishga taklif qilishdi.

– Bu ham omad! Negaki, ayrim aktyorlar epizodik rol bilan boshlashdimi, keyingilarining taqdiri ham shu chiziqda ketaveradi.

– Ehtimol san`atga qiziqishim kuchliligidandir tezda tilga tushganim, yana kim biladi, deysiz. Shu paytgacha ham rolimdagi dialoglarni yod olib, kechasi bilan ko`zgu oldida tayyorlanib, s`yomkaga taxt bo`lib boraman. Hozir rejissyorlarni qiynamayapman, bir-ikkita dublda suratga olinayapti.

– Sizni O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov bilan adashtirganlar ko`p edi, avvalida. Ustoz san`atkor bilan qanchalik tanishsiz?

– Men dunyoga kelganimda, bobom Yoqub Ahmedovga o`xshagan inson bo`lsin, xalqning nazariga tushsin, deya niyat qilib, ism qo`ygan ekanlar. Aktyorlik faoliyatini boshlaganimdan so`ng ustozning yonlariga bordim, o`zimni tanishtirdim, ismim Yoqub deganimda, «yaxshi» dedilar, keyin familiyamni aytdim-u, bir necha daqiqalik jim-jitlik cho`mdi oraga. Men ham Namangandanman deya pasportimni ko`rsatdim, so`ng u kishiga bobomning niyati haqida so`zlab berdim. Ustoz chuqur xo`rsinib, «Yaratganga shukr, ismim yo`qolib ketmas ekan», deya duo qildilar. Lekin hali ham ikkimizni adashtiradiganlar yo`q emas. Kuni kecha ijodiy safarga borganimizda ham shunday bo`ldi, ustoz san`atkor keladilar deb o`ylashibdi-da, ism-sharifimni o`qib. Bunday voqealarga o`rganib qoldim, ancha.

– Bugun san`at sohasida qizg`in ijod qilayapsiz, ammo nega xususiy filmlar bilan cheklanib qolgansiz?

– Yaqinda «O`ztelefilm» tomonidan suratga olingan «Dugonajonlar» nomli serialda ishtirok etdim. Bu mening davlat buyurtmasi asosida ishlangan serialdagi ilk ishim bo`lsa-da, menga manzur bo`ldi. Hozir yana taklif tushayapti, nasib qilsa, yangi serialda ko`rasiz meni. Davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan filmlarga chaqirishadi-yu, ammo salbiy rollarga-da. Yuz-ko`zimda jiddiylik bo`lgani bilan, o`zim salbiy obrazlarga tayyor emasman! Fikrimcha, hali uddalay olmasam kerak. Komediya janriga ham tishim o`tmaydi.

– Aktyorlikka qiziqishingiz shu qadar kuchli bo`lsa, xoynahoy bu borada saboq olishga ham ulgurgandirsiz? Yoki...

– Niyat qilgandim, aktyorlik bo`yicha ta`lim olaman, deya. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi Munavara Abdullaeva bilan bog`lanib, sizda saboq olaman ham degandim, ammo biznes ishlarini deb fursat bo`lmadi. Namanganda tibbiyot klinikasi tashkil etdik. Bu besh yillik katta loyiha. Anglaganingizdek, ancha kuch va vaqt talab qilindi. Bu bilan savoldan qochayapti yoki saboq olmas ekan-da endi, deb o`ylamang. Klinikamiz shu oyning oxirlarida rasman ishga tushadi. Shundan so`ng, albatta, aktyorlik bo`yicha kurslarda o`qiyman.

– Nega aynan klinika?

– Namanganda ko`p insonlarni ko`rdim, og`ir xastalik operasiyasi uchun Hindiston yoki boshqa mamlakatlarga borishayapti. Nega endi bizning odamlarimiz boshqa yurtlarda davolanishlari kerak, axir bu yaxshigina harajat degani-ku. Ukam Odil bilan shu tomonlarini o`ylab, tibbiyot klinikasi tashkil etilsa, namanganliklar uchun foydasiga tegadi, degan qaror keldik. Hindistonga borib, u erdagi tibbiyot markaz shifokorlari bilan shartnoma imzoladik, oy oxirlarida mutaxassislar jamoasi barcha kerakli asbob-uskunalari bilan Namanganga kelishadi.


– Katta loyihaga qo`l uribsiz, ammo bu sizni kinodan chalg`itib qo`ysa-chi?

– Unday bo`lmaydi. Klinikadan tashqari restoran va avtosalon ham ochganmiz. Ularning boshqaruvi o`zim ishongan insonlarga topshirilgan. Shukr, shu kungacha ular yuzimni erga qaratishgani yo`q, oxirigacha ahilchiligimiz yo`qolmasin. Yordamchilarim bo`lgani uchun ijoddan chalg`imasligimni aytolaman.

– Ukangiz haqida so`z ochdingiz, agar savolim sizni ranjitsa, mazur tuting. Odamlar orasida «Odil akasi suratga tushayotgan filmlarga homiylik qiladi» degan gap chiqqandi. Keling, shu mavzuga oydinlik kiritsak?..

– Bu gaplarni o`zimga ham aytishgan, aniqrog`i, ijtimoiy tarmoqlarga qanday surat joylamay «Odil bor-da» degan mazmundagi izohlar yoziladi. Hatto, ust-boshimgacha gapirganlar bo`ldi. Oilada to`rt aka-ukamiz, ota-onam halol luqma bilan katta qilishgan. Ota-onamning bizga bergan eng katta boyligi aka-ukalarning ahil-inoqligimizdir. Bir men emas, har birimizning bu darajaga etishishimiz oson bo`lmagan. Ota-onamiz ming mashaqqat bilan voyaga etkazishdi bizni, agar o`ziga to`q oilada katta bo`lgan deb o`ylasangiz adashasiz. Ular bizga halol bo`linglar deyishdi va o`zlari ham shunday yo`l tutishdi. Halollikda gap ko`p-da, bugun oyoqqa tura olganimizning asosi ham shu, fikrimcha. Ilk bor prodyusser sifatida film suratga olganimda Odil bundan bexabar edi, kartina tayyor bo`lgachgina ukamga aytdim. O`zingiz o`ylang, men akaman, qanday qilib ukadan pul so`rayman. Qaytanga men ko`z-quloq bo`lishim kerak-ku unga. To`rt aka-ukaning «qozonimiz» bir. Topganimizni o`rtaga tashlaymiz, ota-onamiz taqsimlab berishadi. «Seniki-meniki» degan narsa yo`q. 2001 yildan buyon aka-ukalarning an`anamiz bor, suratga tushamiz. Hozir yodimga tushib qoldi, bir safar shunday izoh qoldirishibdi: «Puling bo`lsa, aktyor bo`lish ish emas», deb. Etarli mablag`i borlar oz deysizmi, ko`p! Qani o`shalar kamera qarshisiga kelib, ishlab ko`rishsin-chi, har kimga ham emas aktyor bo`lish. «Ukasining puliga yuribdi-da» degan gaplar og`rintiradi, lekin shunday fikrlaydiganlarga achinaman, negaki bu kaltabinlikdan dalolat beradi.

– Savolim ranjitgan bo`lsa...

– Tashvishlanmang, mavzuga nuqta qo`yish kerak dedingiz, aytdim. Odil bilan ko`p suhbatlashamiz, uyga kelganida, hatto qattiq gaplashishim ham mumkin. U futbolchi, fikru xayoli faqat o`yin bilan band. Ammo sportdagi faoliyati ham tugaydi bir kuni, xo`sh, undan keyin-chi? Men ana shu tomonlarini tushuntiraman, ertangi kuningga biror nima qilib qo`y, deyman. Ukam so`zimni ikki qilmaydi, kimdir unga taklif bilan chiqsa ham akam bilan gaplashing, deydi. O`z navbatida u ham aka, ukalarimiz uchun.

– Qarshimda turgan inson chindanam to`ng`ich farzand ekanligiga ishondim!

– Bir Odil emas, Azimga ham ko`p gapiraman. U hozir «Navbahor» futbol jamoasida to`p surayapti. «Ortimda akalarim bor deb ishonma, o`zing harakat qil», deyman. Odil istasa murabbiyiga aytib, Azimni yoniga olishi mumkin, biroq biz buni istamaymiz. «Akalarim bor-ku» deb ishonib qoladi bo`lmasa. Aka-ukalar yig`ilsak, bitta xonaga kirib, uzoq suhbatlashamiz, maqtanishga yo`ymang-u, hech qaysi ukam qanday mavqeda bo`lishidan qat`i nazar ko`zimga tik boqmaydi. Ota-onamning tarbiyasiga rahmat! Chet elda bo`ladimi yoki o`zimizda ukalarim mening yuzim, ularning birgina xatosi uchun men javob beraman. Ana shularni ko`p aytaman ularga, shukr so`zimni ikki qilishmaydi.

– Ahilchiligingizga ko`z tegmasin!

– Aytganingiz kelsin!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​BORIS G`OFUROV OTASI BILAN ALOQASI UZILGANI VA 40 YoShDA OILA QURGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

26.07.2017, 15:43

Shunday aktyorlar borki, ularni ekranda ko`p ko`rmasak-da, ijro etgan rollari bilan yodimizda saqlanib qolishadi. Baxtiyor G`afurov. O`zbek tomoshabinlari uni ko`proq Boris G`afurov sifatida tanishadi. Spektakl,...
​“IShDAGI IShQ” FILMI QAHRAMONLARI BUGUNGI KUNDA(FOTO)

11.07.2017, 15:07

Barchamiz birdek sevib tomosha qiladigan “Ishdagi ishq” filmining suratga olinganiga 40 yildan oshdi. Biroq, mazkur film hamon sevimli, undagi qahramonlar qadrli...Sevimli kinokartinamizda rol ijro etgan...
​BIR QATOR SAN`ATKORLARNING ILMIY DARAJASI BIR POG`ONAGA KO`TARILDI(Foto)

07.07.2017, 12:41

O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining magistratura bosqichi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Mazkur bitiruvchilar orasida turli yo`nalishlarda ijod qilib kelayotgan taniqli san`at vakillari...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1