AsosiySUG'DIYONA

​Qorindagi ortiqcha yog`lardan sportsiz xalos bo`lish mumkinmi?

'​Qorindagi ortiqcha yog`lardan sportsiz xalos bo`lish mumkinmi?'ning rasmi

Qorin sohasidagi ortiqcha yog`lardan aziyat chekuvchi ayol borki barchasi biladi: hipchabel bo`lish uchun kam eb, ko`p harakat qilish kerak! Ammo bu qoidaga amal qilish unchalik ham oson emas-da. «Ko`p harakat qil va kam e» qoidasi shak-shubhasiz samara beradi, ayniqsa, yoshlarga. Biroq o`rta yoshli xonimlarga-chi? Uy, ish, maishiy muammolar sport bilan shug`ullanishga vaqt ham, hafsala ham qoldirmaydi. Shuning uchun bugun sizlarga o`rta yoshlilarga mos ozish va ortiqcha yog`lardan xalos bo`lish yo`llarini o`rgatamiz.

Stressga «Yo`q», uyquga «Ha» deymiz!

Tadqiqotlarda ko`hlikkina ayollar stressga, his-hayajonga beriluvchan bo`lishlari aniqlangan. Ya`ni bunday ayollarning organizmida qon tarkibini va moddalar almashinuvini o`zgartirib yuboruvchi stress gormonlari ko`p ishlab chiqariladi. Natijada, asabiylashganda, his-hayajonga berilganda, alam ustida tarkibida shakar va yog` mo`lu ko`l bo`lgan shirinliklarni qanday qilib paqqos tushirganlarini bilmay qolishar ekan. Agar belingiz hipchaday bo`lishini istasangiz, bugundanoq bu odatingizni unuting. Yaxshisi uni uyqu bilan almashtiring. Bir kunda 8-9 soat uxlashga odatlaning, shunda asablaringiz joyida, ko`nglingiz esa xotirjam bo`ladi.

Gormonal muvozanat ham muhim

Vazningiz ortayotganini sezishingiz bilan endokrinolog shifokor qabuliga yoziling. Hech kimga sir emaski, gormonlar faoliyatining buzilishi vazn to`plashga olib keladi. Qalqonsimon bez va jinsiy gormonlarni tekshirtiring.

«Kam eng va kam harakat qiling»

Maslahatimizga ajablanmang, gap shundaki, «Ko`p harakat qiling» iborasi ostida faol jismoniy mashqlar, ya`ni: sport majmuasiga hafatasiga 4 marta borish, yugurish va aerobika mashg`ulotlari yotadi. Ammo bir narsani yodda tuting, uzoq davom etgan faol jismoniy mashqlar ishtahangizni shunaqayam ochib yuboradiki, so`ng qancha taom eb yuborganingizni bilmay qolasiz. Natijada, yo`qotilgan kaloriya o`rnini osongina qoplaganingiz kamday, semizlikka ham zamin yaratasiz qo`yasiz. Mushaklaringiz chiniqadi, lekin qorindagi yog`lar o`z joyida qolib ketaveradi. Shunday ekan o`zingizni mashqlar bilan qiynamang, yayov kezish rejimiga o`ting, o`zingizni majburlab, qiynalib emas, sayrdan rohatlangan zavqlangan holda bu ishni bajaring. Masalan, kechki ovqatdan so`ng sayrga chiqing, ishga borayotganda va qaytayotganda avtobusdan bir bekat avval tushing-u, u yog`iga piyoda uyingizga etib oling.

Qanday taomlanish kerak, deysizmi?

Kam-kam va tez-tez 5 mahal taomlanishga o`tish vaqti keldi. Taomlanish rejimingiz nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, tolmachoy va kechki ovqatdan iborat bo`lsin. Shu bilan birga ovqat miqdori ham doimgidan kamroq bo`lishiga ahamiyat Bering. Aytaylik faqat sho`rva, go`sht va salat yoki garnir va sabzavotlar yaxshi taklif. 3 xil taomdan iborat tushlikni unuting, shunchaki ochlik hissidan qutulish uchungina taomlaning, qorin va ko`zni to`ydirish uchun emas.

Oqsilli mahsulotlarni ko`proq iste`mol qiling. Dasturxoningizda, albatta, baliq, tuxum, yog`siz go`sht va sut maxsulotlari tursin. Ular qorinni to`q tutadi, to`q qoringa esa hadeb ishtahangizni ochavermaydi. Meva va sabzavotlarni ham muntazam ravishda tanovvul qilishni unutmang.

Beklarni ham chetlab o`tmaymiz

Qorin muammosi ayollardan ko`proq erkaklarda uchraydi. Ularga yuqoridagi maslahatlarga qo`shimcha ravishda kichik tavsiyamiz bor: spirtli ichimliklar ichishni butunlay tashlang. Har qanday turdagi spirtli ichimliklar yog` to`qimalari erishiga to`sqinlik qiladi. Spirtli ichimliklarda ham kaloriya bo`lishini bilarmidingiz? Tanangiz mast qiluvchi ichimlikni qabul qilganda, undagi spirtni organizmdan chiqarib yuborish bilan shug`ullanadi, kaloriyani yo`qotish bilan emas.

Xullas, anglagangizdek, mo`jiza o`zidan o`zi yuz bermaydi. Sport bilan shug`ullanmasangiz ham, baribir, nimadandir voz kechishingiz kerak. Shunday ekan, harakatdan to`xtamang. Axir siz xushbichim qomat va sog`lom ko`rinishga munosibsiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar