Facebook ijtimoiy tarmog`ining Xalq bilan muloqot guruhida bu yil oliy ta`lim muassasasiga topshirayotgan abiturientlardan birining murojaati chop etildi.
Ijtimoiy tarmoqning Ravshan Meliqo`ziev ismli foydalanuvchisi oliy ta`lim muassasasi kirish imtihonlari oldidan bozori chaqqon bo`ladigan X variant hamda ba`za savollarni olib chiqayotganlarga qarata murojaat yozib qoldirgan.
Uning ushbu keskin murojaatini o`qib, “Darakchi” tahririyatiga taklif qildik.
Abiturient o`z postida keltirilgan barcha ma`lumotlarni asoslab berdi.
Xususan, u poytaxtga Farg`ona viloyatidan kelganligi sababli bir domlanikida ijarada turgani va uning uyida guvohi bo`lgan ayrim voqealarini so`zlab berdi. Abiturientning ma`lum qilishicha, u shu kungacha aynan mana shu X-variant va baza savollarni test markazidan olib chiqayotganlarga va katta pul evaziga ushbu savollarni javoblari bilan faqatgina o`zlarining uylaridan chiqmagan holda yodlatish holatlarini ko`rgan.
Abiturient bunday qallobliklar bo`lar ekan, o`z kuchiga ishongan, tunlari uxlamay imtihonga tayyorlanadigan bolalar baribir o`sha “bunker”da turadigan yoxud X variantlarni yodlab kiradiganlar oldida ojiz bo`lib qolayotganini, nomdor OTMlar kirish imtihonlarida 200 ballarning to`planayotganligiga aynan shu holatlar sabab bo`layotganligini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqdagi murojaatni yozgan abiturientning o`zi bilan bog`langanimizda, u bu yil ikkinchi bor oliy ta`lim muassasasiga imtihon topshirayotgani, afsuski, kechasi bilan tayyorlanib, haqiqiy talaba bo`lishga munosiblar qolib, aslida ko`p hollarda ana shunday X-variantlarni yod olib, aslida bilimi talabga javob bermaydiganlar talabalik baxtiga sazovor bo`layotganini ma`lum qildi.
Ayni paytda abiturientning birdan-bir istagi uning ushbu murojaati mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, ayrim mansabidan foydalanayotgan va qandini urayotganlarga nisbatan o`z vaqtida tegishli jazo qo`llanilishini ta`minlanishidir.
Darvoqe, Xalq bilan muloqot guruhiga yozilgan mazkur post egasiga guruh tomonidan quyidagi javob yozib qoldirilgan:
“Hurmatli Ravshan Meliqo`ziev! Bunday shaxslar haqida sizda ma`lumot bo`lsa, o`sha zahoti huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qiling. Bu bilan jamiyatimizga katta foyda keltirasiz.”
Ijtimoiy tarmoqda Ravshan Meliqo`zievning murojaatiga Fayzbek ismli foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirgan:
“Afsuski xamma joyda shu gaplar yuribdi. X-Variant oliy o`quv yurtiga kirish uchun eng asosiy qing`ir yo`l bo`lib qoldi. Shamol bo`lmasa, daraxt uchi qimirlamaydi. Har yil shu ahvol. Isbot talab qilguncha, DTMni reviziya qilib korrupsion sxemalar yo`lini to`sish eng maqbul yo`l, deb o`ylayman. Hozir ayni vaqti. Testlar tarqalib ketmasdan, korchalonlar ishga tushmasdan vaziyatni qo`lga olsa bo`ladi. Zudlik bilan variasiyalarni almashtirishmi yoki alternativ choralarni ko`rishmi, ishqilib nimadir qilmoq kerak. Bu siz bilan bizni qo`limizda emas. Buni nazorat organlari qilmog`i kerak va shart.Shu bilan ham adolatni ta`minlagan bo`lishardi, ham jinoyatni issig`ida fosh qilish emas, balki oldi olingan bo`lardi. Zero, hozirgi davr talabi ham shu. Jinoyatni payini qirqish, yo`liga to`siq qo`yish. Siz ariza yozing yoki tegishli joyga bildiring, deb emas, balki fikrlarni inobatga olib tegishli joyda o`rtaga tashlang. Har yil tarqaladigan mish-mishlar puch erdan chiqmaydi. Mavhum, lekin bor narsaga isbot talab qilinmaydi, balki tusmoldan to`g`ri xulosa qilinadi.”
Shu kecha-kunduzda telekanallarimiz orqali aynan mana shu mavzuga bag`ishlangan ko`rsatuvlarda ishtirok etib, bunday variant yoxud baza savollarni sizib chiqishga yo`l qo`yilmasligi, hech qanday “bunker” bo`lmasligi haqida baralla gapirayotgan mutasaddilar nahotki ularning chiqib ketayotganligidan bexabar bo`lsa.
Yuqorida ko`tarilgan masala juda jiddiy va aytish joizki, O`zbekiston kelajagini belgilab beradigan asosiy omillardan biri. Aqlli, o`z ustida ishlaydigan yigit va qizlar qolib, ota-onasining puliga ishonadigan, hamma narsani pul bilan hal qilsa bo`ladi, deb o`ylaydigan yoshlar kelajakda davlatimiz rivojiga albatta o`zining salbiy ta`sirini o`tkazmay qolmaydi.
Afsuski, har qancha fikr bildirmaylik, aybdorlar qo`lga olingan taqdirda ham bu yil ham kechikdik, chunki allaqachon X-variantlar o`z “egalari”ga etib borishga ulgurdi.
Abiturientning yuqorida yozib qoldirgan e`tirozlari va boshqa u kabi o`z bilimiga ishonib, talaba bo`lish istagida bo`lgan shunday yoshlarning murojaatlari asosida davlatimizning huquq-tartibot idoralari, Davlat test Markazi, Oliy ta`lim vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari shu bugundanoq ushbu illatning ildizini qirqishga kirishishsa, ayni muddao bo`lardi...