12.11.2013 09:22
«Yangi intellekt – 2013» tanlovi g`oliblari aniqlandi
Agentlik respublikada ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag`batlantirish, innovasion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko`maklashish, ilg`or texnologiyalarni tadbiq etish, ixtirochilik faoliyatini qo`llab-quvvatlash, eng yaxshi intellektual mulk ob`ektlarini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash maqsadida ixtiro “Yangi intellekt – 2013” eng yaxshi intellektual mulk ob`ekti uchun yillik tanlovi o`tkazilishini e`lon qilgan edi.
Tanlov joriy yilning 27 mayidan 25 oktyabriga qadar 3 bosqichda o`tkazilib, unda ishtirok etish uchun 141 ta talabnoma qabul qilindi. Bu ko`rsatgich o`tgan yilgi davr bilan taqqoslaganda 4,7 barobar ko`p. Shunindek, agentlikning rasmiy veb-saytiga joriy yilning 7 oktyabridan 20 oktyabriga qadar tanlab olingan, ya`ni ixtiro, foydali model, sanoat namunasi yo`nalishlari bo`yicha 10 tadan va dasturiy mahsulotlar yo`nalishi bo`yicha barcha kelib tushgan talabnomalar on-layn ovoz berish uchun qo`yildi.
Komissiya qarori va on-layn ovoz berish yo`li orqali to`plangan ballar asosida g`oliblar aniqlandi.
Unga ko`ra 2013 yilning “Eng yaxshi ixtirosi” nominasiyasida 1-o`rin Sulfid-misli konsentratlarni qaytaruvchi pechda eritish usuli uchun (“Fan va taraqqiyot” ilmiy texnologik majmua DUK, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ, “NTS Kompozit” MCHJ)ga berildi.
2013 yilning “Eng yaxshi foydali modeli” nominasiyasida 1-o`rin. Diskli tribometr uchun Abu Rayhon Beruniy nomli Toshkent davlat texnika universitetiga nasib etdi.
2013 yilning “Eng yaxshi sanoat namunasi” nominasiyasida bosh o`rin “Stol yasatish uchun to`plam” uchun “Sovplastial” OAJga berildi.
2013 yilning “Eng yaxshi dasturiy mahsulotlar” nominasiyasida g`oliblik O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo`mitasining “Bojxona qonunchiligining buzilishlari” avtomatlashtirilgan axborot tizimi uchun berildi.
Tanlov g`oliblariga mukofotlar O`zbekiston Respublikasi intellektual mulk tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi o`rinlar uchun pul mukofotlari, diplomlar topshiriladi.





