1

​«ERIMNING MA`ShUQASI O`ZIDAN YIGIRMA YoSh KATTA…»

Mutolaa 03.08.2017, 10:06
​«ERIMNING MA`ShUQASI O`ZIDAN YIGIRMA YoSh KATTA…»

Sarlavhani ko`rib, hayron qolgandirsiz? Ha, bu haqiqat, achchiq haqiqat. Ammo men hozir dardi hol qilib, kundoshimu erimga tosh yog`dirmoqchimasman. Erim uch bolani tirik etim qilib, o`zidan yigirma yosh katta ayolning etagini tutib ketish sabablarini aytmoqchiman. Zero, yana kimdir men kabi taqdir qozonida kuyib qolmasin...

Turmush o`rtog`im bilan sovchilar orqali tanishganmiz. Ota-onam mahallaga borib surishtirishganida qo`shnilar «Yaxshi oila, yigit ham yomonmas», deyishgan. Shu bilan to`yimiz bo`ldi.

Zafar aka oilada uchinchi farzand, ikki opasi, ikki ukasi bor. Qaynonamning erimga homiladorligi juda og`ir kechgan. Ustiga-ustak, chaqaloq o`pkasida nuqson bilan dunyoga keladi. Shu sabab o`n bir oylik bo`lguncha shifoxonada davolangan. Bu orada katta qizlar sariq kasaligiga chalinishganu qaynonam go`dagini shifoxonada qoldirib, qizlarini davolatadi. Bolaning holidan esa qaynotam xabar olib turgan. Keyin onasi yana homilador bo`lib, o`g`illi bo`ladi. Xullas, erimga oilada chaqaloqligidan e`tibor kam qaratilgan. Ota-onasi boshqa farzandlari bilan andorman bo`lishgani sababmi, u kishi ancha bezori bo`lib ulg`ayadi. Maktabda baholari a`lo bo`lsa ham, tartibsizligi tufayli doim muammolar girdobida yurgan. Ota-onasini maktabga yig`ilishga chaqirtirishsa, «Yana gap eshitamiz, bu bolaning dastidan hech tinchlik yo`q», deya borishmaskan.

O`smir yoshlarida zararli odatlar bilan shug`ullangan erim, hatto, nasha ham chekib ko`rgan. Mahalla noziri ogohlantirish bersa, qaynonam: «Bu bola emas, boshga bitgan balo» deb qarg`ashdan nariga o`tmaydi. Oqibatda esa ham e`tiborsiz qolgan, ham alamzada bola hayotga nafrat bilan qarovchi yigit bo`lib voyaga etadi. Oliy o`quv yurti imtihonlaridan o`tadi, lekin o`qishni tashlab ketadi. Bir tashkilotga oddiy ishchi bo`lib joylashadiyu, bir-ikki so`m pul topib, uyidagilarga umuman hisob bermay qo`ygan. Aslida uni tergashmas, kechalari uyga kelmasa, xavotirlanishmas edi..

To`g`ri, erim menga uylangan paytlari ancha bosilib qolgandi. Ammo bora-bora yana eski holiga qayta boshladi. Biror marta menga qo`l ko`tarmagan. Bolalarimizni ham eru ko`kka ishonmasdi. Uyda ota-onasi bilan janjallashsa, alam bilan uydan chiqib ketar, shu bilan ertasi yoki keyingi kun kirib kelardi. Men ham «Turmush o`rtog`im ozgina asabiy-da», deb o`zimni o`zim ovutib yashaganman. Janjallarning oldini olishga harakat qilishlarim, shu uyda tiniib-tinchib ketay deya urinishlarim bir kunda yakuniga etdi. O`sha kun erim yuzidagi niqobni sidirib tashlab, shirin qilishga urinayotgan achchiq turmushimni zaharga aylantirdi.

Yoz kunlari edi. Doimgidek ertalab uyda qaynonam va erim o`rtasida janjal chiqdi. Zafar aka onasini bolalarini ajratishda aybladi. Qaynonam esa «Xotining bilan bolalaringni olib uydan ket! Yoshing o`ttizga yaqinlashayaptiyu hamon boqimandasan!» deb urishdi. Bu gaplardan keyin jahl bilan uydan chiqib ketgan erim bo`kib ichgan. Alamzadalik esa kechga borib quvonchga aylangan. Sababi Zafar akaning o`zidan yigirma yosh katta ma`shuqasi qirqdan oshganida unga qiz farzand tug`ib beradi. Andishani ham sharobga qo`shib ichvorgan erim tug`uruqxonaga borib, xuddi ilk marta ota bo`lgandek xursand kayfiyatda hammaga suyunchi ulashgan. Shifoxonada ishlaydigan dugonam darrov mendan ham «suyunchi» oldi. Oldiniga «U-bu qarindoshimizmikan yoki o`rtog`ining xotini tug`dimikan? Biror anglashilmovchilikdir?..» deb o`yladim. Yo`q! Yana bir qizli bo`lgan ota uyga xon yurish qilib kirib kelganida hammasining haqiqatligi isbotini topdi. Zafar aka hovlini boshiga ko`tarib, quvonchini biz bilan baham ko`rdi. Qaynonam «Oxiri o`sha xotin tug`ib ham beribdi-da!» deb qarg`ashga tushdi. Men esa tosh qotdim. To`g`ri, shu kungacha u kishining xiyonatlarini sezardim. Necha bor uyga arazlab ketdim. Ikki norasidam uchun qaytardim doim. Ahvol bu darajaga etishi xayolimga ham kelmagandi. Yoshi qirqdan oshgan, ikki bor ajrashgan, qizlari men qatori ayol bilan erimning don olishishi…

Yo`q, bunga chidab bo`lmasdi. Arosatda qoldim. Erim allaqachon pishillab uxlab qolgan, u kishidan biror narsani so`rashning foydasi ham yo`q edi. Qaynonam hammasini tan oldi: o`g`li sakkiz yildan beri o`sha ayol bilan yurarmish. Bosilib qolarmikan, o`sha bilan munosabatlarini uzarmikan deb menga uylantirib qo`yishibdi. Men esa besh yildan buyon ko`rga o`xshab yashayveribman. Erim uydan chiqib ketsa, kechalari uyga kelmasa, qaynona-qaynotam bilsa, yana janjal bo`ladi deb, uning ayblarini yopib yuraveribman. Aslida ota-onasi hammasidan xabardor bo`lgan, faqat menga hech narsani bildirishmagan. Ertalab hammasiga oydinlik kiritdik. Turmush o`rtog`im ko`zimga tik boqib, kecha qizli bo`lganini, unga familiyasini ham berishini aytdi. Men esa o`sha kunning o`zidayoq bolalarimni olib uyga ketdim. Mana, bir yildan buyon otamnikidaman. Eshitishimcha, hozir ma`shuqasinikiga butunlay ko`chib o`tibdi…

Xo`sh, mening hayotim barbod bo`lishiga, bolalarim etim qolishiga kim aybdor? Nima uchun erim o`zidan ancha katta ayolga ilakishib qoldi? Undan nima topdi ekanki, hatto guldek farzandlaridan voz kechdi? Nega qaynota-qaynonam bolasining hayoti izdan chiqishiga beparvo qarab turishdi? Ikki bor erdan ajrashgan xotin nimasi bilan erimni o`ziga ipsiz bog`lab oldi?..

Avvalo, Zafar aka oilasidan mehr topa olmagan. Bolaligidan nazoratsiz o`sgan. Onasi bezori, topganini kayf safoga sarflaydigan o`g`lidan ko`ra toparman-tutarmon, har kuni qo`lida bozorliku pul bilan kirib keladigan farzandlari uchun ko`proq qayg`urgan. Qaynotam kechalari o`g`li uyga kelmasa, ishi ko`payib ketgandir, ishxonasida qolgandir, deya o`ziga taskin berib qo`ya qolgan. «Yoshgina qizga uylantirsak, ma`shuqasini esdan chiqaradi», deya kengashgan oila a`zolari.

Menimcha, Zafar aka boshini silaydigan onaga muhtoj edi. Ha, avvaliga erim o`sha xotinga ma`shuqa sifatida qaramagan. Uning qiyofasida g`amxo`r va sirdoshni ko`rgan. Undan panoh topgan. Ayol har doim tushkun kayfiyatda yuradigan yigitga e`tibor beradi, hol-ahvolini so`raydi, boshini silaydi. Ishda kech qolsa, kuzatib qo`yishini iltimos qiladi. Keyin-keyin erimni uyiga taklif etgan. Issiq uy, issiq ovqat, muhimi iliq munosabat! Cheksiz mehr, e`tibor, jon quloq bilan dardini tinglash, «Siz haqsiz!» deyishlar, keyin o`z dardini dasturxon qilish. Turmushning mushtlari, ayol boshi bilan ro`zg`or tebratish, xiyonatkor, tanbal erlar tarixi… Bir emas, ikki bor turmushidan ajrashgan xotin haqiqiy erkakni orzu qilishi… Va o`sha erkak Zafar aka ekanligiga sha`ma qilishlar. Natija esa… Natijada mening hayotim izdan chiqib, bolajonlarim etim qoldi. To`g`ri, bu ham sinov. O`zimda ham ayb bor. «Erimning fe`l-atvorini o`zgartiraman» deyavergancha, uning yurish-turishini nazoratga olishim kerakmidi? Atrofdagilarning gap-so`zlariga ozgina e`tibor qaratishim, xiyonat qilganini sezib ham ichimga yutmasligim lozim edi. Xonadonimizda faqat ota-ona va farzand o`rtasidagi muammolar hal qilinishini emas, kelindek bir jon borligini bildirib turishim shart edi. «Shundoq ham oilamiz notinch», deb ularning tinchini o`ylab, o`z oilamni bir chetga surishim menga qimmatga tushdi.

Vaqt ortga qaytmaydi. Peshanaga yozilganidan ham qochib qutilib bo`lmaydi. Ammo turmushga chiqish ostonasidagi qizlarga kuyovning o`tmishini yaxshilab surishtirishlari kerakligini aytmoqchiman. Asosiysi, o`g`il tarbiyalayotgan onalar o`z bolasidan e`tibor, mehr va vaqtlarni ayamasliklarini istayman. Ertaga erkatoyingiz bir uyning begi bo`lishini unutmanglar, demoqchiman. Siz tarbiyalay olmagan bolangizni begona bir qiz odam qilib berolmaydi. Axir, «Bola boshidan» degan ibora bejiz aytilmagan-da…

Shoira VAFOEVA qog`ozga tushirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1