Jinsiy aloqa paytidagi katta-kichik noxushliklar haqida ayollarning ochiq gapirishga uyalishlari rost. Ammo bu jinsiy hayot sifati va juftliklarning o`zaro munosabatlariga salbiy ma`noda ta`sir etayotgan bo`lsa, albatta, chorasini ko`rish zarur. Ayniqsa, jinsiy yaqinlikka kirishishdan qo`rqish, qorinning pastki sohasi, qinda og`riq yuzaga kelishi tez-tez takrorlanayotgan bo`lsa, mutaxassisga murojaat qilishdan aslo cho`chimaslik kerak. Tibbiyotda mazkur holat vaginizm kasalligi nomi bilan yuritilib, bugungi kunda uni davolashning samarali usullari mavjud.
Vaginizm — nima?
Jinsiy yaqinlikka kirishishdan xavfsirash, aloqa vaqti qin mushaklarining tortilib, siqilishi natijasida og`riq yuzaga kelishidir. Mazkur kasallik belgilari faqat jinsiy yaqinlik paytida namoyon bo`lgani bois, ko`pchilik ayollar uni jiddiy qabul qilmay, jinsiy a`zolar yallig`lanishi bilan adashtirishlari mumkin. Shuning uchun ham og`riqlar kuzatilganida yoki homilador bo`lolmasangiz, muammoning asl negizi bilan darhol qiziqing. Chunki jinsiy aloqa vaqtida tez-tez va muntazam takrorlanuvchi bezovtaliklar aynan vaginizm kasalligiga xos bo`lib, to`liq davolanilmasa, jinsiy hayot sifatini oshirish yoki istalgan homiladorlikka erishish mushkul.
Sabablari qanday?
Kasallikning kelib chiqishiga sabablar turlicha taxmin qilinsa-da, asosiy omil sifatida qo`rquv, jinsiy hayotdan xavfsirash, stress, nevroz holatlari ko`rsatiladi. Vaginizm aksariyat hollarda yangi turmush qurgan juftliklar orasida ko`proq kuzatiladi. Turmushga chiqmagan qizlar ruhiyatidagi o`zgarishlar, birinchi nikoh kechasi haqidagi vahimali o`ylar, jinsiy hayot to`g`risidagi noto`g`ri tasavvurlar ham kasallikni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bilan birga jinsiy a`zolardagi yallig`lanishlar asorati yoki tug`ruq jarayonidagi jarohatlar ta`sirida ham vaginizm paydo bo`lishi ehtimoli bor.
Nimalarda namoyon bo`ladi?
Kasallik kechishiga ko`ra, uning uch davri mavjud. Bular:
- Engil daraja – jinsiy yaqinlik qilish imkoniyati saqlanib qolinsa-da, yoqimsiz hissiyotlarning mavjudligi, jinsiy a`zolardagi og`riqlar, xohish so`nib borishi;
- O`rta dajara – jinsiy yaqinlikka kirishish jarayonida qin sohasidagi og`riqning namoyon bo`lishi;
- Og`ir daraja – jinsiy yaqinlikka kirishish oldidan hatto bu haqda xayol qilinsa ham qin mushaklarining tortilishi va qisilishi yuzaga kelib, barmoq bilan paypaslaganda kuchli og`riq kuzatiladi.
Shunisi ham borki...
Mazkur xastalikka tashxis qo`yishda uning birlamchi va ikkilamchi turlari ham inobatga olinadi. Xususan:
- Birlamchi vaginizm – ilk jinsiy yaqinlik vaqtidagi qo`rquv, kuchli hayajon, xavfsirash natijasida yuzaga kelib, qin sohasidagi og`riqlar bilan kuzatiladi. Bunda jinsiy aloqaga kirishish mushkul. Odatda, kasallikning mazkur turi bilan og`rigan ayollar ginekologik tekshiruv chog`ida ham noqulayliklarga duch kelishadi, qolaversa, tampon gigiena vositalaridan foydalanishda muammolar borligini e`tirof etishadi.
- Ikkilamchi vaginizm – jinsiy hayot bir maromda davom etib, bu borada muammolar bo`lmaydi. Kasallik jinsiy a`zolar, peshob ajralishi tizimidagi yallig`lanishlar asorati, jinsiy aloqa vaqti erkakning qo`pol harakatlanishi kabi sabablar tufayli yuzaga keladi.
Davosi bor!
Kasallikni davolashda avval uning kelib chiqishi sabablari o`rganilib, shunga ko`ra, zarur muolaja tanlanadi. Ikkilamchi vaginizmda, asosan, yallig`lanish asoratini bartaraf etishga e`tibor qaratilib, turli xil preparatlar buyuriladi. Birlamchi ko`rinishida esa ruhiyatga ta`sir etish orqali tasavvurdagi turli noxushlik va bezovtaliklar bartaraf etilib, sog`ayishga erishish mumkin. Bunday holatlarda ginekolog, seksapatolog va psixonevrolog mutaxassislarga murojaat etib, kompleks muolajalar olish ayni muddaodir. Muolaja davomida kasallikning negizi asab tizimi bilan bog`liqligi aniqlansa, tinchlantiruvchi dori-darmonlar, massaj, fizioterapiya usullari qo`llanadi. Shu bilan birga seksapatolog shifokorning individual seanslari ham o`tkaziladi.
Muammodan cho`chimang!
Mutaxassislar bir martalik to`g`ri va to`liq davolanishdan so`ng kasallik qayta bezovta qilmasligini ta`kidlashadi. Agar sizda mazkur kasallikka doir belgilar kuzatilayotgan bo`lsa, bu haqda juftingiz bilan suhbatlashishdan cho`chimang. Negaki, muolaja davomiyligini ta`minlash va mutaxassislar ko`rigida er-xotinning birgalikdagi ishtiroki muhimdir.
Androlog-seksapatolog Ramazon Nazarov tavsiyalari asosida Marjona Rahimova tayyorladi