1

Odamlarni baxtiyor qilgan kompyuter tizimidagi buzilishlar

Hi-tech 12.11.2013, 12:22
Odamlarni baxtiyor qilgan kompyuter tizimidagi buzilishlar
Amerika matbuoti “Walmart” chakana savdo do`konining kompyuter tizimidagi buzilish haqida xabar qiladi.

Buning natijasida, mahsulotlarni kompaniya sayti orqali katta chegirmalar bilan xarid qilish mumkin bo`lgan. Masalan, televizorlar va kompyuterlar 10 dollardan, yugurish yo`laklari 30 dollardan sotilgan, “GTA5” kompyuter o`yini esa 60 dollardan 18 dollargacha arzonlashgan. "Rossiyskaya gazeta" nashri qiziqarli texnik buzilishlar va ularning natijasida millionerga aylangan, arzon narxlarda parvoz qilgan, qimmat dasturlarni bepul yangilab olgan va metroda bepul yurgan odamlar haqidagi ma`lumotlarni tayyorladi.
Bepul elektron dasturlar
Dasturlar bilan savdo qiluvchi “Mac App Store” onlayn-do`koni “maklar” sohiblariga ba`zi dasturlarning sinov versiyalarini bepul yangilab olish imkonini berdi. Bundan tashqari, dasturdagi muammolar natijasida, elektron qurilmalarida qaroqchi nusxalari o`rnatilgan kishilar ham ilovalarning qonuniy versiyalarini o`rnatishga muvaffaq bo`ldi. Xususan, "iWork” va “iLife”dan tashqari, “Aperture”, “GarageBand”, “iMovie” va “iPhoto” paketlarini ham bepul yangilab olish mumkin edi. Ushbu xatodan ko`rilgan zarar 200 ming dollarga baholanmoqda.
Noiloj millioner
Oddiy bankomat ishidagi buzilish tufayli Rossiyaning Rostov-na-Donu shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro millionerga aylandi. Shu yil sentyabr oyi oxirida 29 yoshli yigit pul echib olish xizmatidan foydalangan va apparat unga nominali ming rubllik pullar o`rniga besh minglik rubllarni chiqarib bergan. Naqd pullarning umumiy miqdori 40 ming emas, 200 ming rublni tashkil etgan. Topqir yigit “mo`may pul” ishlab olish imkoniyati borligini bilib qolib, ushbu amaliyotni yana bir necha marta takrorlagan (uning kartasida 200 ming rublga yaqin pul bo`lgan), keyin esa qochib ketgan. Biroq tez orada “omadli” yigitni polisiya qo`lga olishga muvaffaq bo`ldi. Hozir unga qarshi jinoiy ish qo`zg`atilgan.
Samolyotga arzon chiptalar
“United Airlines” aviakompaniyasining (AQSh) kompyuter tizimidagi buzilish natijasida chiptalar 10 dollar va undan kam narxlarda sotildi. Bu haqdagi yangilik internetda yashin tezligida tarqalib ketganidan keyin aviatashuvchining saytiga arzon narxlarda chipta sotib olishni istovchilar ko`p miqdorda kira boshlagan. Kompaniya vakillari aynan nechta arzon chipta sotilganiga aniqlik kiritmadi, ammo buzilish tez orada bartaraf etilgani ma`lum. “United Airlines” rahbariyatining olijanobligiga qoyil qolsa bo`ladi, chunki yo`lovchilar sotib olishga ulgurgan arzon chiptalar hech qanday cheklovlarsiz amal qilgan.
Ochiq eshiklar
2011 yil aprelida Yangi Zelandiyaning Gamilton shahri aholisi mahalliy “PAKnSAVE” do`konida bepul xaridlarni amalga oshirish imkoniga ega bo`lgandi. Ushbu kutilmagan omad kompyuter tizimidagi buzilish bilan bog`liq. Ma`lum bo`lishicha, tizim do`kon eshiklarini xodimlar ishga kelishidan oldin ochgan. Yuz bergan xatolik natijasida do`kon deyarli ikki soat sotuvchilarsiz “ishlagan” va gamiltonliklar boshlariga qo`ngan omad qushidan yaxshigina foydalanib qolgan. Do`kon xo`jayinining so`zlariga ko`ra, ushbu vaziyatga qaramasdan, xaridorlarning taxminan yarmi tovarlarning pulini to`lagan. Mahsulotlarni bepul olganlarni esa, do`kon ma`muriyati qaytishlarini va pulini to`lab ketishlarini taklif etib, ularni ta`qib qilmaslikka va`da berdi.
Turniketlar buzilishi tufayli metro bepul bo`lib qoldi
2007 yilning oktyabr oyi Tokio metrosi uchun unchalik omadli kelmadi. Kunlarning birida avtomat turniketlar buzilib qoldi, ular chiptalar va ko`p martalik kartalarga javob bermay qo`ydi.
Metroda tiqilinchni hosil qilmaslik va odamlarni asabiylashtirmaslik uchun ma`muriyat turniketlarni ochib qo`ydi, shundan so`ng barcha xohlovchilar metroga bepul tushish imkoniga ega bo`ldi. Ertalabki tig`iz paytga to`g`ri kelgan bayram bir necha soat davom etdi, keyin yana turniketlarning normal ishini tiklashga muvaffaq bo`lindi.
“Walmart”da xatolik yuz berdi
“Walmart” do`koniga to`xtaladigan bo`lsak, 10 dollardan televizor sotib olishga muvaffaq bo`lgan xaridorlarga buyum emas, sarflangan puli qaytariladigan bo`ldi. Hozir kutilmagan “arzon savdolar” sababi o`rganilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1