AsosiyDunyo

2013 yil tarixdagi eng iliq yillar o`ntaligidan o`rin oladi

2013 yil tarixdagi eng iliq yillar o`ntaligiga kirishi mumkin. Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ana shunday xulosaga keldi.

Birinchi to`qqiz oy natijalariga ko`ra, 2013 yilda sayyoradagi harorat 1961-1990 yillardagiga qaraganda 0,48 daraja yuqori bo`lgan.
1998 yildan boshlab tarixdagi eng anomal iliq yillar qayd etilmoqda. Joriy yil ham ushbu tendensiyaning uzoq muddatli ekanini tasdiqlayapti.
Shu bilan birga, Shimoliy Amerikaning ayrim qismlarida, Janubiy Amerikaning markaziy qismida, Rossiya shimolining uncha katta bo`lmagan qismida hamda shimoli-sharqiy Osiyoning kichikroq hududida odatdagidan ko`ra sovuqroq bo`lgan.
Umuman olganda esa, ko`rib chiqilayotgan davrda quruqlikning katta qismida harorat o`rtacha ko`rsatkichdan yuqori bo`lgan. Bu Avstraliyada, Janubiy Amerikaning shimoli-sharqida, Afrika shimolida, Shimoliy Amerika qit`asining shimolida va Evroosiyoning katta qismida yaqqol sezilgan.
2013 yilning dastlabki 10 oyi davomida sayyoraning ko`pgina hududlarida, ayniqsa, AQSh, Braziliya, Avstraliya, Angola va Namibiyada qurg`oqchilik kuzatilgan.
Shuningdek, 2013 yilda mo`l yog`inlardan jabrlangan mamlakatlarni ham ajratib ko`rsatish mumkin. Bular Meksika, Hindiston, Pokiston va Eron. Ekstremal yog`inlar Germaniya, Polsha, Chexiya, Avstriya va Shveysariyada ham kuzatilgan. 

    Boshqa yangiliklar