Xonandadan intervyu olish uchun uning do`sti — aktyor, xonanda, rejissyor va ayni kunda futbolda faoliyat yuritayotgan Alisher UZOQOVni taklif etdik...Alisher Uzoqov, aktyor: — Shaxsan mening yaxshi-yomon kunimda birga bo`ladigan, ko`nglimga yaqin do`stlarim kam. Shu barmoq bilan sanarli do`stlarim qatorida Sardor Rahimxonning ham alohida o`rni bor. U juda oqibatli, oilaparvar va kasbini sevadigan ijodkor. Respondentim Sardor bo`lgani uchun ham loyihada ishtirok etishga rozilik bildirdim. Bugungi uchrashuvimizdan do`stim o`ziga kerakli xulosalar chiqarib olishini va suhbatdan qo`ngli to`lishini istayman.
— Do`stim, suhbatni boshlashdan oldin savollarimdan xafa bo`lmasligingni so`ramoqchiman. Bordi-yu, o`rningda boshqa ijodkor bo`lganida yuzaki, siyqasi chiqqan savollar bilan cheklanardim. Seni ogohlantirganimdan gazetxonlar tushunishdiki, oddiy suhbat bo`lmaydi va Xudo xohlasa, ular sarflagan vaqtiga achinishmaydi!
— Gazetani sotib olgan puliga ham! Suhbatni boshladik, unda.
— San`atga qadam qo`ygan har bir ijodkorga o`z o`rnini topish hamda uni yo`qotib qo`ymaslik baxti nasib etavermaydi. Bu sen uchun qay darajada qiyin va muhim? Unvon va muxlislardan boshqa nimaga erishding?— Elga tanilishdan ko`ra, senga bo`lgan talabni ushlab turish qiyinroq. Kundan kunga yangi, iste`dodlar chiqyapti. Shu sabab, ular bilan “ring”ga chiqib, ijobiy ma`noda kurashishga to`g`ri keladi. Muhimlikka kelsak, bu mendan ko`ra atrofimdagi insonlarga zarurroq. Xonandalik orqali erishgan mashhurligim ortidan juda ko`p zarbalarga duch keldim. O`sha paytlarda “shu menga kerakmi?” degan savolni o`zimga-o`zim bera boshladim. Va muxlislarim, ota-onam, yaqinlarimning menga bo`lgan ishonchi, orzu-umidlari, ko`zidagi quvonch kasbimda o`z o`rnimni saqlab turish bilan bevosita bog`liq-ku, degan javob topdim. Demakki, erishgan yutuqlarim kuch bag`ishlayaptimi, yarim yo`lda qolib ketmay, bundan-da yuqori marralarni zabt etishga intilishim shart! Ochig`ini aytganda, san`atda erishganlarim, qurbonliklarimga arzimaydi!
— Javobingdan yuz foiz qoniqmadim. Aytmoqchi bo`lganim, mashhurlikka erishgach, Sanjar Rahimovdagi nimalarnidir yo`qotishga majbur bo`lgansan. O`z vaqtida men ham buni boshdan o`tkazganman, busiz bo`lmaydi!
— Tan olaman, rafiqam va farzandlarim bilan ko`chada bemalol sayr qilolmayman. Qolaversa, kasb nuqtai nazaridan halovat, uyqu, ulfatchilikdan voz kechganman. Oxirgi marta qachon choyxonaga borib, qadrdonlarim bilan osh eganimni eslolmayman. San`atga qadam qo`yganimning dastlabki, ikki yilida mana shu o`yin-kulgiga berilganim, hayotga engil qarashim pand bergani rost. Hozirgi kunda esa ijobiy jihatlarimdan biri — odamlarga bo`lgan ishonch tuyg`usini yo`qotdim. Hadeb xiyonat ko`raverganim tufayli atrofimdagi istalgan kishiga shubha ko`zi bilan qaraydigan bo`lib qoldim.— San`atda bugungi mavqega erishish ortidan ijobiy jihatlaringni yo`qotganingdan afsuslanasanmi? Bordiyu, o`sha vaqtda shunday bo`lishini bilganingda ham san`at sohasini tanlarmiding?
— Albatta, afsuslanaman! Biroq san`atga bo`lgan muhabbat sabab, baribir shu yo`lni tanlagan bo`lardim. Rosti, qurbonliklar bu darajada bo`lishini tasavvur qilmagandim.
— Demak, afsuslaring yuz foiz emas ekan!
— Yanglishyapsan! Dunyoqarashi, fikrlashi o`zimniki bilan deyarli bir xil odamlar hamda do`stlarim — ustoz san`atkor Ozodbek Nazarbekov, xonandalar Alisher Fayz, Doston Ubaydullaev, Abdurashid Yo`ldoshev va sendagi ijobiy jihatlaridan o`rnak olishga harakat qilaman. Qisqasi, tasavvurimdagi san`atni o`z atrofimga yig`ishga harakat qilaman. [center]

— Muxlislar sen uchun kim?— San`atkorning hayotida juda katta ahamiyatga ega insonlar. Ular bo`lmasa, biz hech kim emasmiz! Muxlislar go`yo oila a`zolaringdek bo`lib qoladi va ular uchun ham yashashni, ijod qilishni boshlaysan. Muxlislar ham ikki toifaga bo`linadi: vafodor va bevafo. Xudoga shukrki, ashaddiy muxlislarim bisyor!— Sanjar Rahimov kimga muxlislik qilgan, Sardor Rahimxon-chi?
— Sanjar “Bolalar” guruhi va xorij estrdasidan Brayan Adamsga, Sardor esa Yulduz Ibragimovnaga.
— Shaxsiy fikrim, muxlislar - bevafo! Seni qo`shiqlaring bilan ulg`ayayotgan yoshlar oltmish yoshida ham senga muxlislik qilishiga ishonasanmi?— Yuz foiz ishonaman! Mashhurligim, xit qo`shiqlarimga muxlislik qilayotganlar asosan o`n oltidan yigirma yoshgacha bo`lganlar. Qolganlari esa “Ishonmasman”, “Arazingiz”, “Nazar-nazar” qo`shiqlarimni tinglab, yoshlik davrlarini xotirlashiga ishonaman. Chunki o`zim ham shunday muxlisman. Masalan, Tohir Sodiqov, Yulduz Ibragimovna, Avaz Olimov kabi bir qator xonandalarning ayrim qo`shiqlari takrorlanmas davrlarimni eslatadi. “Maftun” guruhining “Do`st, deb yurgan mening do`stlarim, bo`lib qoldi bir kun dushmanim...” degan qo`shig`ini hanuz yaxshi ko`raman. Yaqinda gastrol safari bilan Andijonga borganimda shu guruh vakilini uchratib qoldim. Ular qo`shiq aytganda, qo`llarimni ko`tarib ularga talpinganlarim yodimga tushdi. Xursand bo`lganimdan bag`rimga bosib, ancha suhbat qurdik. Vafodor muxlislar oz bo`lsada, har bir ijodkorda bor!— Yo`q, bu borada fikrimiz bir erdan chiqmadi. Balki menda sadoqatli muxlislar bo`lmagani uchun shunday o`ylarman (kulgi ko`tarildi). Do`stim, “Bombey” qo`shig`ing oldingi reytingni qaytarib berdi. Lekin olti yil avvalgi xitlar ketma-ketligi negadir bugun repertuaringni boyitmayapti?
— Alisher, yaramni tirnab, shu savolni bermagin!
— Do`st achitib gapiradi! Qolaversa, suhbat avvalida ogohlantirdim. Qanchalik og`ir bo`lmasin javob berishingni istardim!
— Ortga qaytib, og`ir kunlarimni eslashga majbur qilyapsan. Istalgan xonandaning eng katta istagi ketma-ket xit qo`shiqlar yaratish! Chunki ijodkor shu bilan tirik. Yo`qsa, xonanda nafaqat muxlislar ko`z o`ngida, balki o`zi qalban ham so`la boshlaydi. Muxlislarga aytmoqchi bo`lganim, sevimli xonandangiz ko`rinmay qoldimi, bilingki, hayotidagi qandaydir qiyinchilik sabab, ijod qilishga qo`li bormayapti. 2010 yil to`yimdan so`ng otam jiddiy xastalikka chalindi. Ikki yarim yil mobaynida topgan-tutganimni farzandlik burchimni bajarib, u kishini davolatishga emas, ijodga sarflab qo`yib, butun umr afsus bilan yashashni istamadim. Reytingim tushishini juda yaxshi bilganman, lekin otamning sog`ligi tiklanishi oldida bu hech qanday qiymatga ega emas! Yo`qsa, “Bombey”, “Otajon”, “Yana manda, yana sanda”, “Tanhoginam” kabi bugun muxlislarga havola etilayotgan qo`shiqlarim aslida 2010 yilda yozilgandi. Biroq ularga klip olish, ommaga taqdim etishga qo`lim bormadi. Ko`nglimga hech nima sig`masdi, ijod qilishga zavqim ham, xohishim ham yo`q edi. Ikkinchi xatoim, “New star media” prodyuserlik markazini ochganim. O`sha paytda yaqinlarim “Hali o`zing qilishing kerak bo`lgan ishlar bisyor, hozir vaqti emas! Ustoz darajasiga etganing yo`q” deganida quloq tutmaganman. Go`yoki, ular menga hasad qilayotgandek tuyulgan. Mazkur markaz vaqtim, imkoniyatlarimni o`g`irlab qo`ydi. Buning ham ortidan boshimga mushkul kunlar tushdi, tuhmatga qolib, ko`p odamlardan pand edim, qarzga botib qoldim. Hattoki, qo`shiq yozish uchun studiyaga berishga pul topolmagan vaqtlarim bo`ldi. Vaziyatdan chiqish uchun mashinamni sotib, taksida ham yurdim. Shunday qiyin kunlarimda borimni bergan yaqinlarimning birortasidan sas chiqqani yo`q. Boshimni egib, qarz so`rab borganimda hamma eshikni ko`rsatib yuboraverdi... Bu haqda batafsil gapirishni istamasdim. Shukr qilamanki, mana shu sinovlarni engib o`tishimga Xudo kuch berdi, sinmadim. Ikkita armonimdan biri... Otamning bo`yindagi ilik suyagini jarrohlik yo`li bilan almashtirish uchun Germaniyaga olib borishim, buning uchun esa, 500 ming dollar pul kerak edi. Ikkinchisi, uzoq yo`lga bardoshlari etmagani uchun Hajga yuborolmadim. Otamning o`limidan tashqari, boshimga tushgan barcha sinovlardan minnatdorman. Chunki nafsni engishim, yulduzlik kasaliga chalinib qilgan xatolarimni to`g`rilashim uchun zo`r imkoniyat bo`ldi! Avvallari asosiy vaqtim, mehr-muhabbatim, imkoniyatlarimni keraksiz narsalarga sarflaganimni angladim. Bugungi kunda oiladan aziz maskan yo`qligini to`la tushundim. Xit qo`shiqlar mavzusiga qaytsak, xonandalarni reytingini bugungi kunda yoshlar talabi belgilab beryapti. Milliy estarada yo`nalishini hazm qilishlari qiyin bo`lib qoldi.
— Qaysidir ma`noda fikring to`g`ri. Lekin hamma narsa ijodkorning qo`lida deb bilaman. Milliy estrada yo`nalishida zo`r qo`shiq yozsang, hech kim “o`chir ovozini, qo`shig`i yoqmadi”, demaydi.
— Avvalgi milliy estrada yo`nalishida “Aylanib ketoyin”, “Oh, Buxoro parilari” kabi bir qancha qo`shiqlarni taqdim etdim. Lekin “Bombey” ommalashdi, bu so`zimning isboti emasmi?
— Balki o`sha milliy estrada yo`nalishidagi qo`shiqlaring talab darajasida chiqmagandir?— Yo`q, u qo`shiqlarning matni, musiqa va aranjirovkasi borasida o`z ishining ustalari ishlagan. Bugun san`atdagi o`zgarishlarni yoshlar auditoriyasi belgilab berayotganini inkor etib bo`lmaydi. Shuning uchun ularning talabidan kelib chiqib, ijod qilishga to`g`ri kelyapti.— Aktrisa Asal Shodievani kliplar tugul, filmlarda ham suratga tushishga ko`ndirish amrimahol. So`nggi paytlarda ketma-ket kliplaringda chiqyapti. Asalni klipda suratga tushishga qanday ko`ndirding? Agar o`zidan so`rasam “Sardor Rahimxonni yoshligimdan taniyman, akamdek hurmat qilaman”, deyishi tayin, balki sen ham shunday dersan (kulgi ko`tarildi)?
— Ko`ndirish uchun ortiqcha harakat qilmaganman. Avvalo klip ssenariysini o`qib chiqadi, yaxshi ijod namunasi chiqishiga ko`zi etgachgina, suratga tushishga rozilik bildiradi. Yosh aktrisalar orasida o`z kasbining ustasi ekani uchun hurmat qilib, klipimga taklif etganman.
— Asal Shodieva “M&TVA-2013” taqdimotining “Yilning eng yaxshi aktrisasi” nominasiyasida g`olib bo`lishga munosibmi?
— Albatta! Asalga o`tgan yili ham ovoz bergandim.
— Bu yilgi taqdimotda “Yilning eng yaxshi xonandasi” nominasiyasiga loyiqman, deb o`ylaysanmi?
— Har yili g`olib bo`lmasamda, “Yilning eng yaxshi xonandasi”, “Yilning eng yaxshi qo`shig`i”, “Yilning eng yaxshi klipi” nominasiyalariga hech bo`lmasa nomzodim qo`yilishini niyat qilib kelganman.
— Shaxsan men “Bombey” uchun “Yilning eng yaxshi klipi” nominasiyasiga nomzoding qo`yilsa kerak, deb o`ylayapman. “Yana manda, yana sanda” qo`shig`ing klipiga kelsak, nazarimda finali omadsiz yakunlangan, shaxsan menga yoqmadi. Lekin klip omadli chiqqan. Qolaversa, klipda aktrisalar Asal Shodieva va Shohida Uzoqovani suratga tushgani ham yoqqan (samimiy kuladi). Yuqorida aytganimdek, pavilonda suratga olinganiga e`tirozim bor.
— Balki sen rejissyor nuqtai nazari bilan yondashib, qandaydir xatolarni ko`rgandirsan. Avvalo bu rejissyorning g`oyasi. Pavilon masalasiga kelsak, ko`chada suratga ololmasdik. Chunki shu klip uchun maxsus dekorasiyalar yasattirilgandi.
Qo`shiq g`oyasi ustida kimlar bilan ishlaysan?
— Endi san`atga kirib kelayotgan bastakorlar bilan. Oxirgi paytlarda Eldor Qayumov va “Benom” guruhi yigitlari bilan hamkorlik qilyapman. So`nggi “Tanhoginam” nomli sokin qo`shiqni ular “Ishonmasman” qo`shig`imdan ilhomlanib yozishgan ekan. Yillar o`tsa ham “Shu qo`shiqni Sardor Rahimxonga beramiz!” degan niyatlari xolis bo`lib chiqdi. Qo`shiqning klipiga professional darajada yondoshib, odamlarni ta`sirlantiradigan, ma`naviy ozuqa oladigan ijod namunasi qilishga harakat qilyapmiz. Tez kunlarda qo`shiqni klipi bilan muxlislarga havola etamiz. Hamkorlar masalasiga qaytsam, bugungi kunda ko`pchilik yulduzlik kasalligiga chalingan. Shu sabab, narxlari osmon. Qo`ng`iroq qilsang javob bermaydi, hamfikrlik bilan ijod qilgisi kelmaydi... Vaholanki, hammamiz bir-birimizni tanilishimizga sababchi bo`lganmiz. “Falon xonandaning qo`shig`ini aranjirovka qilsam, klip olib bersam”, deb yurgan orzulari unut bo`lgan. Chunki mashhurlikka erishib bo`lishdi-da! — Birinchi marta “Voy, Sardor Rahimxon!” deyishgani yodingdami?
— Ha, “Ishonmasman” qo`shig`i ommalashgan kezlari edi. Kunlarning birida avtobusda ketayotsam, bir to`da qizlar “Ie, Sardor Rahimxon ham avtobusda yurarkan”, deyishgandi. Hanuzgacha shu odatim bor, uyalsam qizarib ketaman. O`shanda ham shu holga tushgandim.
— Sen avtobusda ekansan-ku, men piyoda ketayotganimda aytishgandi (kulgi ko`tarildi). Xo`p, xonanda Dilso`zni omadli loyihang desa bo`ladi. “Bayon” guruhining tarqashiga nima sabab bo`ldi?
— Asosiy sabab, moliyaviy tanqislik bo`ldi. Chunki yigitlarning ijarada turishi, eb-ichishi, kiyinishi mening zimmamda edi-da! Qolaversa, yigitlar orasidan gap ham o`tgandi. Bularga to`xtalishni istamayman. Muhimi, ular kerakli vaqtda qilgan xatolaridan xulosa chiqara olishdi.
— Do`stim, suhbatni oila frontiga bursak. Boy otasan! Shu yil tug`ilgan kuningga rafiqang qiz farzand tuhfa qildi. Hissiyotlar qanday?
— Bu chinakam baxt-ku! Sabriyaning “adajonim!” deb jonimni olishlari o`zgacha. Samiya esa katta bo`lsa, opasidan ham sho`x bo`ladi-yov! Chunki hozirdanoq onasiga tinchlik bermaydi.
— Oxirgi marta qachon rafiqang, farzandlaring bilan sayrga chiqding?
— Rosti, ijod bilan bo`lib imkoniyat topolmayapman. Goh-gohidagina ko`chaga oilaviy chiqishga sharoit bo`lib qoladi.
— Shularga alohida urg`u berib gapirgin, do`stim (kuladi)! Ancha muddatdan buyon oilaviy sayr qilolmasligingni aytgin.
— Ha, bu gaplar rafiqangga atalganmi? (kuladi) San`atkorning rafiqasi bo`lish qiyin. Turmush o`rtog`ingizni tushunishingiz, sabr qilishingiz kerak. Ba`zida rafiqam “Qachon kinoga boramiz?” deydi-da, ketidan o`ziga o`zi “Ha, tushunaman, vaqtingiz yo`q. Mayli, xafa bo`lmayman!” deb javob ham beradi. Bunday vaqtlarda “Ozgina kutgin, birga har kuni sayr qiladigan vaqtlarimiz keladi. Hali joningga ham tegib ketadi”, deyman. Meni qo`llab-quvvatlaydigan, tushunadigan ayolim borligiga shukr!
— Otangning so`nggi kunida yonidamiding?
— Albatta! O`limidan bir kun avval Minor qabristoniga borib, go`rkovga “buvimning yonidan joy tayyorlab qo`ying. Ertagacha etib bormaydilar-ov...” dedim (ko`ziga yosh oldi). Ukam “nega unday deysiz, hali uzoq yashaydilar!” dedi. Ko`nglimdan o`tayotgan g`alayonlarni ukamga aytolmadim. Aytganimdek, shu kuni yarim tunda qo`limda jon berdilar. Undan avval qo`ng`iroq qilib, yaqinlarimizni uyga to`pladim, onam hayron... Birgina armonim oxirgi uch-to`rt soatlarda tildan qolgani uchun so`nggi so`zini eshitolmadim. Ota mendan rozi bo`ling, deganimda ko`zidan duv-duv yosh oqardi... Otam - mening idealim! U kishi hayotni dog`siz, oppoq qog`ozdek yaxshi ko`rardi. Yashashga bo`lgan intilishi sabab ham shifokorlar aytgandek bir oy emas, ikki yarim yil yashadi.
[center]

— Shu yo`qotishdan so`ng ta`sirchan odamligingni bilgan ko`pgina san`atkorlar “Sardor, anchayin cho`kib qolsa kerak”, deb o`ylagandi. Biroq bu vaziyatda o`zingni tezda o`nglab olding.
— To`g`ri! Ikki yarim yil depressiyada o`tirganim etadi. Bu ijodkor uchun katta muddat. Yana tushkunlikka tushsam, oila a`zolarimga kim dalda bo`lardi? Shu sabab ichim yig`lasa ham, tashimda kulishga o`zimda kuch topa oldim. Sinov bardoshli bo`lish uchun beriladi, engilishga emas!
— Kutgan odamlaring sendan ko`ngil so`roldimi?
— Yo`q! Nafaqat yordam qo`li, balki iliq so`zlarini ham darig` tutishdi. Lekin men alam bilan yashamayman. Ularning qilgan ishlarini emas, o`zlarini unutganman. Shunday “do`st”larni tushunishni va kechirishni ham bilish kerak.
— O`sha “do`st”laringni shunday munosabatiga qaramay, yaxshi-yomon kunida yonida turib bera olasanmi?
— Albatta! Lekin birinchi qadamni tashlolmayman. Buning uchun g`ururim, otam, oila a`zolarimning tushkun ahvoli, aka-ukam va o`zimning ko`z yoshlarimga oyoq bosishimga to`g`ri keladi. Bu mening qo`limdan kelmadi. Diktofon o`chirilgach...— Xit qo`shiqlar borasidagi savolni berishdan maqsadim ikki yarim yil ichida ijodda ko`rinmay qolganing sabablarini muxlislar ham bilishini istagandim. Bu savolni bermasam ular meni kechirishmasdi.
— O`sha kunlarga borib kelgandek bo`ldim. Suhbat davomida nimani yo`qotding, degan savolingga to`liq javob bermadim. O`ylab qarasam, mashhurligim bu — ojizligim ekan. Kimdir xafa qilsa, nohaq ayblasa, o`zimni himoya qilolmas ekanman. Vaholanki, Sardor Rahimxon lom-mim, demayotgani — u aybdor, degani emas!
— Do`stim, xalqning e`tiboridan chetda qolib ketishdan qo`rqaman, qolib ham ketyapman-ku! Sen nima deb o`ylaysan?
— Karerangni futbolda davom ettirayapsan-ku! Stadionga chiqsang xalq seni olqishlaydi.
— Buning uchun zo`r o`yinchi bo`lishim kerak-da! Jamoada eng qari futbolchiman-ku, zaxirada o`tiraman (kuladi). Futbolchi sifatida karera qilishim qiyinroq.
— Shuni bila turib, futbolni tanlading-ku! Shaxsan men uchun e`tibordan qolish bu —fojea! Ikki yarim yillik tanaffus mobaynida depressiyaga tushib qoldim.
— Undan qanday chiqding?!
— U paytda rahmatli otam “Hammasi yaxshi bo`ladi, sinib qolmagin!” deb ruhlantirib turardi. Oilamning bag`ri butunligi “jar”likdan chiqishimga yordam berdi. Bir narsani ochiq aytaman, tasavvurimdagidek do`st tushunchasi yo`q ekan. Qarshingdagi odamdan nimadir kutish noto`g`ri ekan, sababi u intizorligingni qondirolmaydi. Hech kimga umid bog`lash kerakmasligini ham angladim. Va sevgi-muhabbat, oila, do`stlik, umuman hamma munosabatlarda chegara bo`lishi shart ekan. O`ta yaqin bo`lib, ko`p narsalarni o`zingga ep bilsang, buning oxiri urish-janjal bilan tugaydi. Sen bilan oramizdagi do`stligimizda chegara borligi uchun ham u davomiy!
[center]

XulosaAlisher Uzoqov, aktyor: — Suhbatdan mamnun bo`ldim, muxlislarning fikri ham meniki bilan bir xil chiqadi, degan umiddaman. Do`stimning og`ir kunlari ortda qolib, yorug` kunlari kelgani rost bo`lsin!Sardor Rahimxon, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Alisherga qachon murojaat yo iltimos qilmay, men bilan mashhurlik darajasidan kelib chiqib gaplashmaydi. Bu insoniylik xislatini juda qadrlayman! Qolaversa, do`stimning samimiyligi, xushchaqchaqligi uning katta yutug`i. Men ham u singari quvnoq bo`lishni istardim! Yana bir gap — Alisher aktyorlik faoliyatini davom ettirishini juda istardim.
Sadoqat ALLABERGANOVA oqqa ko`chirdiFotomuxbir: Ibrohim ShOX [center][/center]