Buviyu bobolarimiz «Ota-onali farzand bo`lsin!», «Farzandlaringga bosh bo`lgin, bolalaring o`zingga buyursin!» deb duo qilishlarida katta hikmat borligiga yana bir karra amin bo`ldim. Bunga hayotimda yuz bergan ikki voqea sabab edi.
Birinchi voqea uch o`g`ilni oq yuvib-oq tarab katta qilgan, ertadan kechgacha tinim bilmagan kelinoyimning to`satdan vafot etishi bo`ldi. Ketma-ket bo`yi etib turgan o`g`illari onasining ortidan bo`zlab qolishdi. Kattasini uylantirishga chog`lanib, sovchilikka borishni rejalashtirgan kuni amakimning xotini yurak hurujiga dosh berolmay, bu dunyoni tark etdi. «Bizni kimga ishonib tashlab ketayapsiz?», deb nola qilgancha yigitlar qolib ketishdi. Akalarim va ukamga o`sha kuni, hatto, hanuzgacha birorta taskin so`zi topib gapira olmaganman.
O`tgan hafta metro bekatlaridan birida tanishimni ko`rib qoldim. Rustam – onamning kursdoshi Dilbar opaning o`g`li. Adashmasam, mendan bir yosh kichkina. Bu yigitni oxirgi marta ko`rganimga chamasi 10 yillar bo`ldi, biroq bu uni tanishim uchun to`sqinlik qilmadi. Qizig`i u ham meni tanidi. Bir-birimizni darrov savollarga tuta ketdik. Avvaliga o`qish, ish hakida gaplashdik. Keyin kulib turgan Rustam birdan jiddiy ko`rinishga kirdi.
— Oying yaxshimi? Kursdosh dugonalari bilan hali xam ko`rishib turishibdimi?
Men qisqagina qilib, ikkala savolga ham «ha» deb javob berdim.
— Shoshmayotgan bo`lsang, kel, biroz gaplashaylik?! Oldinlari biznikiga ko`p mehmonga kelib turardinglar-a?! Qaniydi, o`sha vaqtlar qaytsa...
Rustam og`ir xo`rsinish bilan tin oldi, men hanuz jim edim. Ochig`i, nima deb javob qaytirishga hayron ekanligimdan sukutni afzal bilgandim. Bir nuqtaga tikilib, jim turganimni ko`rib, Rustam xuddi o`ziga-o`zi gapirgandek davom etdi.
— Ukam Ravshan bilan hali ham o`sha katta hovlida yashayapmiz. Hovliga deyarli o`zgarish kiritmadik. Hammasi o`sha-o`sha. Talashib-tortishib uchadigan arg`imchog` esingdami? U haliyam bor! — deb menga yuzlandi.
Rustam hamma bilan urushib, o`tirib oladigan katta arg`imchoqni eslarkanman hovlilarining ko`rinishini xayolan ko`z oldimda gavdalandi.
— Hovli o`rtasidagi olma daraxtini-chi? Eslay olasanmi? O`sha vaqtlar kichik nihol edi, endi esa katta daraxt! Hosilga kirgan. Olmalari juda ko`p, — deya bolalarcha entikish bilan gapida davom etardi.
— Shu daraxtga qarasam, onam ko`z oldimga kelaveradi. Bilasanmi, oyimning kasali zo`raya boshlaganida, o`zini qo`yishga joy topolmay qolgandi. Har ikki gapining birida «Sizdan xavotirdaman», deb aytaverardi. O`yinga berilib ketsak, «ovqat emaymiz», deb xarxasha qilsak, muloyimlik bilan koyirdi. Hozir eslasam, bu tanbehga emas, ko`proq erkalatishga o`xsharkan.
Bu vaqtda esa men xayolan Dilbar opani jonlantirardim. Ha-ha, aynan jonlantirardim. Dilbar opa juda muloyim, yuzidan nur yog`ilib, labida doim tabassum o`ynab turadigan chiroyli ayol edi. Bundan bir necha yil avval og`ir xastlik — «krasnaya volchanka» tufayli vafot etgandi. Ularni ko`rgani borganimizda, yuzlaridagi kapalakka o`xshash qizil dog`ni ko`rib, shunday chiroyli xol ham bo`lar ekanda, deb o`ylagandim. Bola bo`lganim uchun hech narsani tushunmagan ekanman.
— Kunlarning birida oyim ukam va meni oldiga chaqirib, har doimgidan ham mayin ovoz bilan gapira boshladi:
— Men juda uzoqlarga ketmoqchiman… Ancha vaqtgacha ko`risha olmasak kerak… Lekin men sizlarni doim sog`inaman! Sizlar hamma aytganlarimni yodingizda tuting. Bir-biringizga mehribon, elkadosh bo`ling! Vaqtida ovqatlaning, uy vazifalarini a`lo bahoga bajaring. Rustam, sen kattasan! Ukangni xafa qilma, barcha ishida yordamlash. Ravshan, sen esa akangga quloq sol! Otangni birorta so`zini erda qoldirmanglar, jahlini aslo chiqarmang. Men va otangiz sizni judayam yaxshi ko`ramiz!
— O`sha kuni onam ancha paytgacha nasihat qilib o`tirdi. Bu suhbatni aslo unutmasam kerak…
— Ikkalang ham yaxshilab eshitib ol! Hovli o`rtasidagi olma daraxtini bilasanlar-a? Ketganimdan keyin har kuni qush bo`lib kelib, o`sha daraxtning shohiga qo`naman-da, meni aytganlarimni bajarayapsizlarmi, yo`qmi bilib ketaman...
Onam ukam bilan meni bag`riga mahkam bosgancha jim o`tirdi. Keyin esa men charchadim deya yotoqxonasiga kirib ketdi. Onam ertasi kuni tongda uyg`onmadi... Shu kuni uyimizga butun shahar ko`chib kelgandek bo`ldi. Oyimni tuproqqa qo`ygan kunimizdan keyin uch kun tinmay yomg`ir yog`di. Fotihaga kelgan barcha «Allohning qudratini qara! Yaxshi ayol edi-da, tabiat ham qo`shilishib yig`layapti», deb gapirardi.
— Shu-shu ukam bilan oyimni olma daraxtiga qo`nib, bizni kuzatishini kutadigan bo`ldik. Sog`inch yomon qiynardi… Daraxtga qo`ngan qushlarga qarab, «Onajon, bo`ldi, etar! Qush bo`lib emas, o`zingiz keling. Sizni juda sog`indik, hamma aytganlaringizni qilamiz. Faqat qaytib kelsangiz bo`ldi», deb yig`lab iltimos qilardik.
Rustam bu gaplarni og`ir-bosiqlik bilan gapirayaptiku, lekin ko`zlaridan tinmay yosh oqardi. Men ham endi erga qarab ko`rsatmaslikka harakat qilayotgan ko`z yoshlarimni yashirmayotgandim.
— Biroq bandasining aytgani emas, Yaratganning buyurgani bo`lar ekan. Berganiga, boriga shukr kilib yashashdan o`zga chora yo`q. Shu tariqa kunga kun ulanib, yillar o`tganini ham sezmay qoldik. Bu orada dadamni ham berib qo`ydik.
Bu gap men uchun yangilik edi. Yuragim larzaga keldi. Nahotki bu bolalar biri yigirma ikki, boshqasi o`n to`qqiz yosh bo`la turib, butunlay yolg`iz qolgan bo`lsa... Fikrlarim yuz-ko`zimda aks etdi, shekilli, Rustam xayolan bergan savolimga javob bera boshladi.
— Yaxshiyam bobom, buvim, tog`alarim bor. Baxtimizga sog`-omon bo`lishsin! Ular bilan birga yashayapmiz. Hech narsaga zoriqtirmaslikka harakat kilishadi. Hunarga, mehnatga o`rgatishayapti. Kelinoyilarim ham xuddi o`z farzandidek ko`rishadi. Bilasanmi, hozir ham olma daraxtiga qo`ngan juft qushlarni ko`rsam, yuragim orziqib ketadi. Xuddi dadam bilan oyimni ko`rgandek bo`laveraman.
Rustam to`lib-toshib gapirib, birdan jim bo`lib qoldi. Endi suhbatni davom ettirish mening navbatim edi.
— Onam dugonalari bilan tez-tez bo`lmasa-da, ba`zan uchrashib turadi. Aytishlaricha, har ko`rishishganida Dilbar opani, sizlarni eslashar ekan. Dilbar opa o`tkanlaridan so`ng sizlardan xabar olgani ikki marta borishgani haqida eshitgandim. Ukang bilan sening ko`zlaringdagi ma`yuslikni ko`rib, chiday olishmagan ekan. «Oyim uzoqqa ketdi, ularni ko`rgani olib boringlar» deganlaringdan keyin sizlarnikiga boshqa bora olishmabdi. Oyimdan buning sababini so`raganimda, «Har safar borib bolalar va Dilbarning ota-onasini bitayotgan ko`ngil yarasini yangilashdan foyda yo`q. Dilbarni ismi jismiga monand dilbar qilib o`stirgan ota-onasi uning farzandlariga ham xuddi shunday chiroyli tarbiya berishadi. Mard, oqko`ngil yigitlar bo`lib voyaga etishiga ishonaman», deb xotirjam gapirgandi. Seni ko`rib, onam adashmaganligini bildim.
Uning yuzida tabassum paydo bo`ldi. O`zini xotirjam sezardi. Ko`nglidagi gaplarini aytib, taskin topdi chog`i... Ikkimiz ham endi metro bekatidagi odamlarni, ularning shovqinini seza boshlagandik. Soatga qaradim, ishimga allaqachon kechikib bo`lgandim. Xayrlashuv so`zini men boshladim. Suhbatimiz uzoq davom etgan bo`lsa, xayr-xo`shimiz bir zumda tugadi. Ikkimiz ikki tomonga qarab, yo`l oldik. Kun davomida Rustam bilan bo`lgan suhbat ta`sirida yurdim...
ORZU