Bolalikdan Qurbon hayitini allaqanday intiqlik bilan kutardik. Chunki hayitdan bir hafta oldin shoxlari qayrilgan qo`chqor olib kelinardi. Bedani terib, uning oldiga qo`yardik. Suv berardik. U bilan o`zimizcha gaplashardik. Xullas, hayit xursandchiligi xonadonimizda bir hafta oldin boshlanib ketardi. Hayit namozidan keyin qassob amakining kirib kelishidan hammamiz uyga qamalib olib uvvos solib yig`lardik. Qo`ni-qo`shniga tarqatilgach, qarindosh-uruqqa deb ajratilgan nasiba go`shtlarni akam velosipedda tarqatib kelardi. Rahmatli otamiz hayitliklar berib, «Bolalarim, qurbonlik go`shtidan iste`mol qilish savob», deya bizga hikoya aytib boshlardi…
Vaqti zamonida Ibrohim ismli payg`ambar yashab o`tganlar. U kishining Ismoil degan o`g`illari bor edi. Shaytoni la`in Alloh taologa Ibrohimning iymon-e`tiqodini sinash uchun «Uning yakkayu yolg`iz farzandi Ismoilni qurbonlik qilishni so`ra, ko`rasanki, u hech qachon bu ishni qilmaydi», deydi. Alloh Ibrohimning iymon-e`tiqodi mustahkamligini bilsa-da, uni sinash uchun o`g`lini qurbonlik qilishni amr etadi. Ibrohim alayhissalom Yaratguvchining amrini so`zsiz bajarishga kirishadi. Endi 5 yoshga to`lgan o`g`li Ismoilni onasi ko`rmasin, bilmasin uchun etaklab chiqib ketarkan, yo`lda unga bo`lgan voqeani so`zlab beradi. Ismoil «Mayli, otajon, siz nima desangiz, men shunga roziman», deb otasiga ergashib boraveradi. O`g`lining oyoq-qo`lini arqon bilan mahkam bog`lagan chog`i Ismoil «Otajon, ko`zimni ham bog`lang, jon talvasasida sizga olayib qarab qolmayin tag`in», deydi. Ibrohim bolasining shunchalik itoatda bo`lganidan ich-ichidan xursand bo`lsa-da, ko`zlari jiqqa yoshga to`ladi. Bu ishni qanday bajaraman, deb qiyin ahvolga tushadi. Shunda o`g`li Ismoil «Otajon, Allohning amri vojib, hech ikkilanmang, tezroq bo`ling», deganidan so`ng Ibrohim alayhissalom Ismoilning bo`yniga pichoq tortadi. Qarangki, pichoq uning bo`ynini kesmaydi. Shu payt bir qo`chqor ma`rab uning yoniga kelib, bo`ynini egib turadi. Alloh taolodan amr bo`ladiki, «Ismoilni qo`yvor, mana shu qo`chqorni so`ygin». Shunda Ibrohim o`g`lining ko`zi, oyoq-qo`lini echib, mana shu qo`chqorni so`yadi. O`sha kundan boshlab qurbonlikka qo`chqor so`yish odat tusiga kirgan ekan.
Otamizning ushbu hikoyasini hali-hanuz eslab, Qurbon hayiti Ibrohim alayhissalom hamda uning o`g`li Ismoil va xotini Hojar onamizning shayton vasvasasi ustidan qozongan g`alabasi sifatida tarixda qolganligiga guvohmiz. Shu bois Qurbon hayitini hayotimizdagi unutilmas voqea sifatida nishonlashga odat qilganmiz. Hayit kunlari tabarruk zot — ota-onamiz, qarindosh-urug`larimiz, bemor va xasta kishilarni, yolg`iz keksalarni ziyorat qilamiz. Xalqimiz hayitni yaxshilik va ehson kunlari, fazilati ko`p bayram deb hisoblaydilar. Arazlashganlar yarashib olishadi, insonlar bir-biriga rizq-nasiba ilinib, mehr-oqibat ko`rsatishadi, xonadonlarga baraka yog`iladi. Eng ulug` fazilatlaridan biri Qurbon hayiti kunlarida musulmonlar haj amalini bajarish baxtiga muyassar bo`lishadi.
Yaratganning marhamati bilan muborak haj safariga borganimda, butun dunyoning yuzlab mamlakatlaridan kelgan musulmon do`stlarimiz bilan uchrashib, muqaddas Madinai munavvara, Makkai mukarramada bo`lib, Ka`ba yonverida joylashgan Ibrohim maqomini ham ziyorat qildik. Shunda Ka`baning qurilishida qaynotasi Ibrohim alayhissalomga xizmat qilgan kelini, o`g`li Ismoilning xotini to`g`risidagi hikoyani eshitib, lol qoldim. Ibrohim otamiz bo`ylari barobar g`isht terib bo`lgach, oyoqlari ostiga chorpoya qo`yib, ishlarini davom ettiribdilar. O`g`illari Ismoil g`isht tashish bilan ovora ekan. Har gal g`isht olish uchun egilib turgan qaynotasining qiynalayotganini ko`rgan kelin qaynotasiga yordamga kelib, g`isht olib berib turgan ekan. O`sha davrlardayoq kelinlar qaynota-qaynonaga beminnat xizmat qilishgan ekan-ku, nechundir bugun ayrim kelinposhshalarimiz o`z xizmatlarini hayf ko`rishadi, deb o`ylanib qoldim. Shu joyda o`sha kelinga tahsinlar aytib, uning ruhiga fotiha bag`ishladim.
Fazilatli hayit kunlarida biz — onalar farzandlarimiz, nabiralarimiz, kelinlarimizu kuyovlarimiz haqqiga ezgu duolar qilaylik. Obod va ozod yurtimiz, farovon hayotimiz, shirayu sharbat mevalar, sarxil mahsulotlar bilan to`kin dasturxonimiz, davru davronimiz uchun duolar mustajob kunlarda Yaratganga shukronalar aytaylik. Xalqimizning ezgu istaklari amalga oshaversin. Biz onalarga farzandlar kamolini ko`rib piru badavlatlikda tinchlik-xotirjamlikda yashash nasib etaversin. Qurbon hayitingiz muborak bo`lsin, azizlar!
Payg`ambarimiz Muhammad s.a.v. (Molik rivoyati) hadisda marhamat etganlar: «Kunlarning eng afzali arafa kunidir. Duolarning eng afzali ham arafa kuni qilingan duodir...»
Muhiba HAMIDOVA, hoji ona