1

YaXShI NIYaT — YaRIM DAVLAT

Mutolaa 31.08.2017, 10:19
YaXShI NIYaT — YaRIM DAVLAT

Niyat qalb amalidir. U har bir ishimizning boshi, ham oxiri. Axir amallarimiz niyatlarimizga qarab baholanadi. Shuning uchun niyatni yaxshi qilaylik.


KO`PRIK QURUVChI USTA

Aka-uka otalaridan qolgan hovlida kun kechirishardi. Bir tushunmovchilik sabab oralariga sovuqchilik tushdi, gaplashmay qo`yishdi. Kunlar o`tgani sari o`rtadagi jarlik kattalashib borardi. Oxir-oqibat hovlining qarama-qarshi tomonlariga uy solib yashay boshlashdi.

Bir kuni akaning eshigi taqilladi. Ostonada katta yoshlardagi odam turardi:

— Men ustaman, ish qidirib yuribman. Balki hovlingizda menbop yumush topilib qolar, — dedi.

— Іa, albatta! Іovlini kesib o`tgan ariqni ko`rayapsizmi? O`tgan haftada ukam kavlatdi, o`zicha hovlini ajratib, erni chegaralab qo`ydi. Bu erda etarlicha taxta bor, — dedi omborxonasiga ishora qilib. — Siz hovlini butkul ajratish uchun o`sha ariq bo`ylab to`siq qurib bering.

Usta darhol ishga kirishdi. Taxtalarni olib chiqdi, o`lchab kesdi, randaladi. Bu orada ohorli kiyimlarini kiyib olgan aka so`radi:

— Men bozorga ketayapman. To`siq uchun yana biror narsa kerak emasmi?

— Rahmat, hamma narsa etarli, — javob berdi usta.

Kechga yaqin shahardan qaytgan akaning jahli chiqdi. Chunki usta ariq ustiga ko`prik qurib qo`ygandi.

— Men sizga to`siq quring, degandim-ku! — dedi g`azab bilan ustaga qarab.

Usta javob berishga og`iz juftlagandi, uyidan chiqib ko`prikni ko`rgan uka ular tomonga yura boshladi. Akasining xohishi bilan qurildi deb o`ylab, xursand bo`lgan uka shoshib ko`prikdan o`tdi va akasini quchoqladi. Ariq qazitgani, qo`pol muomalasi uchun uzr so`radi. Birpasda ikkovlari suhbatga kirishib ketishdi. Bu orada anjomlarini yig`ishtirib, ketishga hozirlanayotgan ustaga «Shoshilmang, mehmonimiz bo`ling», deb taklif qildi aka. U esa:

— Rahmat, qololmayman. Men hali juda ko`p ko`priklar qurishim kerak, — dedi tabassum bilan…

Nigora NE`MAT qizi

TILAB OLINGAN DARD

To`qsoninchi yillarda, ayni bahor chog`lari tomorqalarda ishlar qizg`in paytlar. Maktabda o`qituvchi bo`lib ishlardim. O`quv yili oxirlab borayotganidan hammada charchoq alomatlari sezilardi. Men ham hech bo`lmasa bir hafta dam olish niyatida shifokor tanishimga uchradim-da, biror kasallik bahonasida varaqa ochib berishini so`radim. Vaholangki, o`zim soppa-sog` edim. Shifokor ham hech kim tekshirmaydigan kasallik deb bavosil «tashxis»i bilan kasallik varaqasi yozib berdi.

Ishim bitganidan xursand bo`lib ko`chaga chiqdim va shifoxona darvozasi yonida bir tanishimni uchratdim. U motosiklida meni ham olib ketadigan bo`ldi. Rahmat aytib, orqaga mingashdim va yo`lni tekshirganimdan so`ng yurishi mumkinligini, avtomashina yo`qligini aytdim. Endigina qo`zg`algandik hamki, orqadan katta tezlikda kelayotgan mashina motosiklni urib yubordi. Bu holat juda tez ro`y berdi. Men yo`lning narigi tomoniga uchib tushdim. Ajablanarlisi, motosikl haydovchisiga, ya`ni tanishimga hech narsa qilmagandi. Mening esa oyog`im singandi. Keyin singan oyog`im tufayli bir oy shifoxonada yotib qoldim. Qarangki, oyog`im tuzalganidan so`ng bavosil kasalligini orttirdim. Bir joyda uzoq qolganimning ta`siri edi bu. Shu xastalik tufayli yana ikki oy ishga chiqolmadim. Ishdan biroz hordiq olishni niyat qilgandim, ortig`i bilan dam ham oldim va yolg`on kasallikka rozi bo`lgandim qimmatga tushdi...

Gulxumor SIDIQOVA

INShO

Boshlang`ich sinf rahbari Malika opa adabiyotdan bugun insho yozdirishni reja qilgan. Bolalar «insho» so`zini eshitib, diqqatlarini jamlab, yaxshilab o`rnashib olishdi. O`qituvchi mavzuni ishtiyoq bilan tushuntira boshladi. Іammaning ko`zi ustozda. Shu payt eshikning asta g`ichirlashi bolalarning diqqatini bo`ldi. Muxtor kelgan edi. U doimiy kechga qoluvchilardan emas, ammo bugun negadir boshqacha ko`rinardi.

Sinfda g`ala-g`ovur boshlandi.

— Kech qolib, darsni buzding! — deya zarda bilan qo`lini stolga urdi o`qituvchi.

Muxtor indamadi. Negadir, xayoli parishon, bepisand turardi. O`qituvchi bu «qahramon»ga qanday jazo berishni o`ylab, biroz jimib qoldi. So`ng Muxtorning tartibsiz ust-boshiga razm soldi-da:

— Insho mavzusi o`zgardi! — dedi.

Keyin doskaga katta harflar bilan: «Zararkunanda Muxtor» deb yozib qo`ydi.

Bolalar yozishga tushib ketishdi. Qo`ng`iroq chalingach, daftarlar yig`ib olindi.

Ertasi kuni dars oldidan o`qituvchi daftarlarni stol ustiga qo`yib, nigohlarini derazaga qadagancha o`ychan o`tirardi, negadir bitta daftar ochib qo`yilgan, undagi insho esa juda qisqa edi:

Muxtorni kechirardim...

«Muxtor mening yaqin o`rtog`im emas. Lekin bugun unga rahmim keldi. Oldin kech qolganlarni ko`rsam, bunday bo`lmasdi. U o`zini oqlamadi. Kechirim ham so`ramadi. Faqat erga qaragancha jim turaverdi. Uning nimadandir qattiq xafa ekanini sezdim. Kim bilsin, balki onasi kasal bo`lib qolgandir? Muxtor ukalariga qarab turganida do`xtirga borib kelgandir? Balki ukalari betob bo`lib, tuni bilan yig`lab chiqishgandir? Bizning oldimizda ustozga to`g`risini aytishga uyalgandir? Ehtimol, boshqa jiddiyroq sababi bordir.

Men o`qituvchi bo`lganimda, uni kechirardim...»

Gulchehra ABDULAZIZ qizi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1