— Rasulxon, O`zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda kino borasida aytilgan tanqidiy fikrlarni tinglab, aybdorlik hissi o`tdimi?
— Uchrashuv talabga javob beradigan filmlar suratga olinishiga katta zamin bo`lganidan faqat xursand bo`ldim. Aybdorlik hissini esa tuyganim yo`q. Chunki aytilgan e`tirozlar ko`proq rejissyorlarga tegishli. Doim bachkana filmlarda suratga tushishdan bosh tortib kelganman. E`tiborga javoban o`zimga nisbatan mas`uliyat kuchaydi. Avvalroq rus va ingliz tillarini mukammal o`rganishni oldimga maqsad qilib qo`ygandim, istagim yanada kuchaydi. Vaqtimni to`g`ri taqsimlab, bariga ulgursam, degan o`y bilan yashayapman.
— Teatrlarimizning repertuarlari g`oyaviy-badiiy jihatdan nochor, spektakllarda bugungi kun nafasi, odamlarni o`ylantirayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o`z aksini topmayotgani ayni haqiqat. Maishiy mavzulardagi engil-elpi asarlarda band aktyor sifatida nega tarixiy spektakllar borasida tashabbus ko`rsatmaysiz? Aktyor – rejissyorning qo`g`irchog`i emas-ku!
— Albatta, tarixiy rollar ijro etgim keladi. Bu borada katta va yosh avlod o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish kerak. Shunda tajriba va tirishqoqlik o`z “so`z”ini aytib, barcha yoshdagi tomoshabin uchun qiziq asar sahna yuzini ko`radi. Yashirmayman, teatrimizda yoshlarning fikrini deyarli tinglashmaydi. Katta gapirganda sukut saqlash mentalitetimizga xos jihat. Bu yaxshi, lekin tezkor fikrlash nuqtai nazaridan biz yoshlarning ham foydamiz tegishi tayin-ku. Yoshlarning tashabbuslarini ko`proq qo`llab-quvvatlashlari tarafdoriman. Aktyor qaysidir ma`noda rejissyorga tobe xalq. Rejissyor bo`lganimda allaqachon tarixiy spektakllar ustida ish boshlagan va uni ko`ngildagidek sahnalashtirgan bo`lardim. Tajriba yig`ib, kelajakda rejissyorlikda ham o`zimni sinab ko`rmoqchiman. “Tohir va Zuhra”, “Layli va Majnun” spektakllari tomoshabinga havola qilindi, yomon chiqmadi. Lekin bundan-da yuqori saviyada sahnalashtirish imkoniyatimiz bor. Bu masala zudlik bilan hal bo`ladigan ish emas-da.
— Prezidentimiz “O`zbekistonda adabiyot va san`at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma`naviyat va ma`rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo`l qo`ymaymiz”, dedilar. Shu ma`noda “San`atimni sotmaydigan aktyorman”, deya olasizmi?
— Albatta! O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutini tamomlab, teatrda ish boshlaganimda ustoz darajasiga etgan ba`zi aktyorlarni ko`rib, “nega rolni soxta o`ynashadi?!” kabi “nega?” degan savollar tinchlik bermasdi. Aktyorlik mahorati bo`yicha domlam rahmatli Ulug`bek Zufarov bilan har bir asarni xijjalab tahlil qilardik, teatrga kelib esa tahlilga kam vaqt ajratilishiga guvoh bo`ldim. Shunda ustoz aktyorlar “teatrda tezlik va natija muhim!” deb tushuntirishgan. Biroq baribir o`z fikrimda qolaman, har bir asar chuqur tahlildan o`tishi lozim. To`g`ri, tirikchilik, kundalik xarajatlar, oilali bo`lgach, zimmaga tushadigan majburiyat masalalari doimiy ko`ndalang turadi. Lekin sira “pul topaman”, deb san`atdan chetga chiqqan emasman. Rost, teatr va kino aktyoriman, televidenie hamda to`ylarda boshlovchilik qilaman. San`at orqali ezgulikni tarqatish bilan bandman. San`atimizdagi kamchiliklar o`tish davrining uzrli sabablari. Lekin Prezidentimiz “bugun oldini olmasak, ertaga kech bo`ladi”, dedilar. Shu bois biz aktyorlar o`z ijro etgan rollarimizga yanada jiddiy e`tibor berishimiz kerak.
— “Ikkita qayiqning boshini tutgan suvga g`arq bo`ladi”, degan fikrni eshitganmisiz? O`zingiz sanab o`tganingizdek, “qayiqlar”ingiz bir nechta...
— To`g`ri, lekin hozircha g`arq bo`lganim yo`q. Paulo Koeloning “Alkimyogar”idagi bosh qahramon yonida turgan baxtni izlab, butun dunyoni kezib chiqqanidek, men ham balki oldimdagi muvaffaqiyatga etaklaydigan bitta yo`nalishni payqamayotgandirman.
— “Shuhrat” medali sovrindori bo`lgan aktyor sifatida elkangizda katta mas`uliyat bor. Shu ma`noda nega ijroingizda zamon qahramonlarini ko`rmayapmiz?
— Men aktyorman, rejissyorga “zamon qahramoni haqidagi asarga qo`l uring va uni o`zim ijro qilaman”, deya olmayman. Muhimi, “zamon qahramonini ijro eta olasanmi?” degan taklifga “ex, attang aktyor sifatida tayyormasman”, deyishdan qo`rqaman. Qalbimdagi xohish sidqidildan, beminnat xizmat qilayotgan askar rolini ijro etish. Qisqasi, hozir kutish davridaman. Oyoqni cho`zib olib kutayotganim yo`q, o`z ustimda ishlab, bilim darajamni oshiryapman. Hamma narsaning o`z vaqti-soati bor. Qachon rejissyorlar mengacha etib kelishini esa bilmadim. Rejissyor Nozim To`laxo`jaev diniy ekstremizmga qarshi kurash haqidagi filmining kinosinoviga chaqirgandi, o`tolmadim. Bu mag`lubiyat yanada ko`proq ilm olishimga turtki bo`lyapti.
— Madaniyat va san`at sohasida 50 foiz soha mutaxassisi bo`lmaganlar faoliyat yurityapti. Kino ta`limini olmaganlardan teatr sahnasi va kinoni qizg`anmaysizmi?
— Albatta, ham professional, ham iste`dodli bo`lsa nur ustiga a`lo nur. Lekin O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutida shunchaki qiziqish, televizorda ko`rinish uchungina o`qiyotgan ota-onasining erkatoylari - iste`dodsizlar talaygina va qobiliyati bo`la turib, o`qiy olmaganlar ham bor. Shu ma`noda qizg`anmayman. Aynan shu qobiliyat yuzaga chiqishi uchun Prezidentimiz Farg`onada O`zbekiston san`at va madaniyat institutining filialini ochdilar. Bu professionallar soni ortishiga bir zamin. O`g`ri-kazzoblardan ko`ra, san`atkor ko`paygani yaxshi.
— Qo`shiq kuylaganingiz etmaganidek, jurnalistikada nima qilib yuribsiz? Soha vakillari etarli, axir?!
— Etarli emas ekan-da, biz aktyorlarga ehtiyoj tug`ilibdi-ku?! To`g`ri, yuzim tanilishi, muxlislar xizmatlariga chaqirishidan manfaatdorman, buni rad qilmayman. Har bir faoliyatim o`zimni anglashning bir usuli ham. San`atning vazifasi qaysi yo`l bilan bo`lsa ham ezgulikni tarqatish. O`zimga qiyin bo`lsa ham barini bajarishga harakat qilyapman. Filmlarda band bo`lib qolsam, boshlovchiligim kutib turadi. Televideniedagilar ham ikki marta ko`z yumadi, uchinchisida kutmaydi ham. Demak, haqli ravishda mening xizmatimdan voz kechishga majbur bo`lishadi.
— Televideniening kuchi bilan “Opa-singillar” seriali orqali tomoshabinga tanildingiz. Nega teatrdagi 12 yillik faoliyatingiz davomida salmoqli, sizni yanada mashhurlik shohsupasiga olib chiqadigan rollaringiz yo`q?
— Teatr aktyorni charxlaydi, kino foydalanadi. Hali siz aytgandek rollarni o`ynamagandirman, inkor etmayman. Hali butun hayotim va katta-katta loyihalar oldinda. San`atimiz dunyoga bo`ylashida chetda turish niyatim yo`q. Bu borada qilayotgan harakatlarim kamligini ham his qilyapman. Chunki vaqtni to`g`ri taqsimlay olmayapman.
— Kinoga rejissyor Orif Yo`ldoshevning “Yo`qolgan odam” filmi bilan kirib kelgansiz. Lekin ilk qadamingiz muvaffaqiyat olib kelmadi. Filmlarda omadingiz kelmayotgani etarli darajada mahoratga ega emasligingiz bilan bog`liqmi yo rejissyorlar mos rol berishmayaptimi?
— Mahoratim etarli emas va hali fursat kelmadi. Lekin men harakatchanman, nasib bo`lsa barchasiga erishaman!
Boir XOLMIRZAEV, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist
— Siz uchun oila ustunmi yo san`at?
— Ikkalasi ham ustun, bir-biridan ajratolmayman. Qaniydi, ikkalasi ham ko`ngildagidek bo`lsa? Ko`pincha bir tarafida kemtiklik bo`ladi. Bu hayot sinovli, menda ikkalasida ham sinov etarli. Biroq tushkunlikka tushganim yo`q, sinovlardan munosib o`taman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi