AsosiyJamiyat

2018 YILDAN YaNGI MAKTABGAChA TA`LIM MUASSASALARI TAShKIL ETILADI

“Maktabgacha ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

9 sentyabrda qabul qilingan mazkur qaror bilan Xalq ta`limi vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta`lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Qarorda maktabgacha ta`limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o`quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta`lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta`lim muassasalarini tashkil etish belgilandi.

Davlat rahbari tomonidan tashabbus qilingan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi zamonaviy va hammabop maktabgacha ta`lim muassasalarini tashkil etish uchun investorlarga er uchastkalari va bo`sh turgan binolarni 50 yil muddatga beg`araz ajratishni ko`zda tutadi.

Investorlar tashkil etilayotgan maktabgacha ta`lim muassasalarida davlat ta`lim talablariga, sanitariya-gigiena va boshqa normalarga rioya qilish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo`nalishini saqlab qolish, shuningdek, maktabgacha ta`lim xizmatini ko`rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta`minlash uchun mas`ul bo`lishi nazarda tutilmoqda. Bunda investorlarga keng soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, shuningdek, imtiyozli kreditlar takdim etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga tadbirkorlik sub`ektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni etkazib berish to`g`risida to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berildi.

Mazkur eksperimentlar yakunlari bo`yicha respublikaning boshqa hududlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini va maktabgacha ta`lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish masalasi ko`rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qaror bilan ushbu sohadagi dolzarb muammolarni hal qilish bo`yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasida maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Maktabgacha ta`lim tizimini tanqidiy o`rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo`yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha ta`lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo`shliqlar, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish, shuningdek, maktabgacha ta`lim sohasida davlat siyosatini samarali ro`yobga chiqarishga to`sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o`rganish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zarur infratuzilmani yaratish va maktabgacha ta`limning xususiy sektorini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratiladi.

Qarorning to`liq matni bilan O`zAda tanishishingiz mumkin.

Hozirgi vaqtda respublikada 4 893 ta davlat maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyat olib borayotgan bo`lib, ularni moliyalashtirishga faqat 2016 yilda Davlat byudjetidan 1,6 trillion so`m ajratilgan.

Ushbu sohada sog`lom va har tomonlama rivojlangan o`sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qo`shib kelayotgan 57 mingdan ortiq mutaxassislar mehnat qilmoqda.


    Boshqa yangiliklar