Yaqinda San-Xose shahrida tadbirkor va futurologlar (kelajakshunoslar) ishtirokida an`anaviy “Institute for the Future” — futurologik anjumani bo`lib o`tdi. Anjuman yakunlariga ko`ra, yaqin o`n yil ichida yuzaga kelishi kutilayotgan texnologik yangiliklar aniqlandi...
Yaqin o`n yil ichida internetning yangi avlodi vujudga keladi. Sir emaski, internet dastlab davlat va tijorat manfaatlaridan xoli bo`lgan yagona erkin hudud sifatida yuzaga kelgandi. Ammo bugungi kunda internet hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olgan yagona markazlashgan tizimga aylandi. Bu tizimdan nafaqat ezgu, balki turli qora niyatli kuchlar ham unumli foydalanmoqda. Biroq yaqin yillarda internetning konsepsiyalari bir muncha o`zgaradi. Uning xavfsizligini oshirish yuzasidan keng qamrovli ishlar qilinadi.
Ishlab chiqaruvchilar uchun vikipediya tarmog`i vujudga keladi. Mazkur onlayn ensiklopediya ma`lum vaqt axborotga bo`lgan monopoliya tushunchasini yo`qqa chiqardi. Endilikda bugungi kunda mavjud barcha mahsulotlar haqida yagona markazlashgan axborot tizimi vujudga keladi. Shu tariqa monopoliya gigantlari “egardan” tushishlariga to`g`ri keladi. Endi iste`molchi internet tarmog`i orqali istalgan korxonaning mahsuloti haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lib, unga buyurtma berishi mumkin.
3D-nashr qurilish tizimida inqilob yasaydi. U qurilish va ishlab chiqarishdagi eski qoliplarni butunlay engib chiqadi. “Bosib chiqarilgan uylar” mavjud inshootlardan keskin farq qiladi va u fantastik filmlardagi “kelajak uylari” haqidagi orzularni ro`yobga chiqaradi.
Penitensiar tizim haqidagi tushunchalar ham o`zgarib ketadi. Mehnat bilan davolash asosiy yo`nalish ko`rinishini oladi. Hatto mahbuslar ham o`z ishini yuritishi, izlanishlar olib borishi mumkin bo`ladi.
Moddiy boyliklar va tabiiy resurslardan foydalanish tizimi ham qayta ko`rib chiqiladi, ulardan hamkorlikdagi foydalanish g`oyasi hayotga tatbiq etiladi. Deylik, kimdadir moddiy resurs (mashina, uy va v.b.) bo`lsa, boshqa undan vaqtincha foydalanish uchun ma`lum miqdorda to`lov to`lashga rozi bo`lsa, har ikki kishi o`zaro kelishgan holda bu resursdan umumiylikda foydalana oladilar. AirBnB orqali arendaga olingan turar-joylar, Mobility yoki ZipCar dasturi orqali ijaraga olingan avtomashinalar ana shu tendensiyaning ilk ko`rinishlari sanaladi. Chunki tekshiruvlarga ko`ra odamlar ham biznes sub`ektlari ham o`zlaridagi moddiy resurslardan o`rtacha o`n foiz holda to`liq foydalanishar ekan.
Jamoatchilik va xayriya munosabatlari oldindan to`lov tizimi evaziga rivojlanadi. Masalan, ayrim qahvaxonalarda siz o`zingizdan keyin kelishi mumkin bo`lgan notanish mijoz uchun to`laysiz. Sizni esa bu qahvaxonaga sizdan avval kelgan mijoz to`lab ketgan pul evaziga mehmon qilishadi. Albatta bu usul xayriya maqsadlari uchun ancha qiziq va maqbul.
Masofadan turib ishlash odatiy ko`rinish kasb etadi. Frilanser (erkin jurnalistlar) soni tobora oshib boradi. Futurologlar fikricha, masofadan turib ish bitirish afzalliklarini insoniyat to`la-to`kis anglab etadi. Odamlar o`rtasidagi masofaning ahamiyati qolmaydi.
Er mikroflorasining global xaritasi tuziladi. Shu tariqa bizning ekotizim haqidagi qarashlarimiz ham o`zgaradi. Agar “Earth Microbiome Project” nomli loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, sayyoramiz aholisining turli hayot darajasi haqidagi tasavvurlari o`zgaradi. Bakteriyalarni o`rganish darajasi yanada rivojlanadi.