26.11.2013 10:08
O`zbekistonda global aksiya start oldi
Ushbu tadbir har yili BMT shafeligida butun dunyoda o`tkaziladigan global aksiyaning bir qismidir, deya xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda mazkur aksiya O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi, Xotin-qizlar qo`mitasi, Xalqaro kurash assosiasiyasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg`armasi (UNFPA), BMT Taraqqiyot dasturi, qator xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Xotin-qizlarning, ayniqsa, qishloq joylarda bandligini ta`minlash, turmush sharoitini yaxshilash, ularni tadbirkorlik sohasiga faol jalb qilish, kasanachilikni rivojlantirishga oid keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari doirasida mamlakatimizning eng chekka hududlarida kasanachilikni yo`lga qo`yish, xotin-qizlar ishtirokida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga imtiyozli mikrokreditlar ajratish, xizmat ko`rsatish hamda servis sohasini kengaytirish choralari ko`rilmoqda.
Ayollar va qizlar mamlakatimizda ro`y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etayotir. Ular orasida O`zbekiston Qahramonlari, nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham mashhur insonlar – korxonalar, tashkilotlar va NNT rahbarlari, fermerlar, shifokorlar, fan, madaniyat, san`at, ta`lim sohalari namoyandalari ko`p.
Shunisi e`tiborliki, barcha sohalarda, jumladan, ta`lim, sog`liqni saqlash sohalari, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini ta`minlashda gender tenglikni ta`minlash bo`yicha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish yo`lida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda.
O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi ijrochi direktori Dilshod Otaboevning ta`kidlashicha, mamlakatimizning ushbu global aksiya va «Uydagi tinchlikdan jahondagi tinchlik sari» tadbirini o`tkazishda faol ishtirok etishi O`zbekistonning xotin-qizlar huquq va erkinliklarini ta`minlash tarafdori ekanining yana bir tasdig`idir.
Tadbir davomida mamlakatimiz bo`ylab Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikka barham berish uchun kurash kuni, Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni, Xalqaro nogironlar kuni, Xalqaro inson huquqlari kuniga bag`ishlangan turli tadbirlar, uchrashuvlar, seminarlar, musobaqa va tanlovlar o`tkaziladi.





