Muhtaram Birinchi Prezidentimiz yoshlarga qarata “Marrani doimo yuqori oling. Zero, O`zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo`lmaydi” degan so`zlari kun sayin o`z isbotini topyapti. Shu ma`noda, galdagi qahramonimiz boks bo`yicha Olimpiya o`yinlari g`olibi, ikki karra Osiyo chempioni, “Oltin Mangust” xalqaro mukofoti sovrindori, “Olimpiada-2016”ning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker Kubogi sohibi Hasanboy DO`SMATOV. "Darakchi" gazetasi yutuqlarni yanada ko`paytirish niyatida Germaniyada yurgan bokschimiz bilan internet orqali bog`lanib, eksklyuziv suhbat uyushtirdi...
— Bilishimcha, sizdagi sportga bo`lgan ilk qiziqishni buvangiz Do`smatjon ota, buvingiz Buoyshaxon aya uyg`otgan. Besh yoshida qishloqdagi karate va kikboksing to`garagiga olib borishgan. O`sha vaqtlardayoq mushti tugilib turadigan kichkinagina Hasanboy keyinchalik nega karateni davom ettirmadi?
— To`g`ri, buvam va buvim menda sportga bo`lgan mehr, katta qiziqishni uyg`otgan. Xuddi kechagidek yodimda, 2006 yil buvim Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga olib borganlar. U erda kikboksing sport turi yo`qligi bois tanlovim boksda to`xtagan.

— Albatta, tanlovimdan bugun mamnunman! Boisi kikboksing olimpia sport turiga kirmagan. Lekin sportning bu turi bilan shug`ullanganimda ham chempion bo`lishim mumkin edi. Biroq tan olib aytaman, xuddi hozirgidek mashhur bokschi bo`lolmasdim. Shu ma`noda boksni tanlaganimdan sira afsus qilmayman.
— Qiziqishlaringiz shunchaki bolalarcha injiqlik emasligini anglagan buvijoningizdan bugun behad minnatdor bo`lsangiz kerag-a?
— Haqsiz! Chempion bo`lishimning asosiy sababchisi buvim! Doim “mening nabiram Muhammadqodir Abdullaevga o`xshab chempion bo`ladi”, deb orzu qilgan. Buvimni yillar davomida qilgan ezgu istagiga sazovor qilganimdan bugun behad shodman. Va albatta, buvijonimning menga bo`lgan e`tibori, kelajagimni ko`ra bilgani, diliga tukkan yuksak ishonchi uchun rahmat aytaman!

— 2000 yili Avstraliyaning Sidney shahrida o`tkazilgan Olimpiada o`yinlarida hamyurtimiz Muhammadqodir Abdullaev boks bo`yicha musobaqada barcha raqiblari ustidan zafar quchib, g`oliblik shohsupasiga ko`tarilganini ko`rib, xuddi buvingiz singari “men ham Olimpiya chempioni bo`laman”, deya niyat qilgansiz. 7 yoshli bolakayning orzusi ro`yobiga buva-buvingiz, ota-onangiz mehnatini yuzaga chiqarish istak kuchliligi sababmi yo mashhur bokschi bo`lish istagi?
— To`g`ri, o`zimda ham qiziqish bor edi. Eng muhimi, bu qiziqishimni oila a`zolarim vaqtida payqab, to`g`ri yo`naltira olishdi. Hozirgidek yodimda, televizorda karate bo`yicha chempionatni ko`rib, otamga “Men ham O`zbekiston chempionati bo`laman”, dedim (miriqib kuladi). Otam esa “O`zbekiston chempionati emas, chempioni bo`laman, degin”, deya gapimni to`g`irlagandi. Orzuim albatta ota-onamning mehnatlarini yuzaga chiqarib, yurtimiz bayrog`ini yuqori ko`tarish edi.
— Hasanboy Do`smatov zamonamizning chinakam qahramoniga aylanguniga qadar hafsalasini pir qilgan holatlar ham bo`lgandir, hayot bir tekis emas, axir?
— Albatta, bu darajaga etish oson bo`lmadi. Yodimda, bundan avval o`tgan ikkita Jahon chempionatida hakamlarning xatosi bilan chempionlik bahslaridan chiqarilgandim. 2015 yil Qatarning Doxa shahrida ozarboyjonlik raqibimni mag`lub qilganimda ham uni g`olib, deya e`lon qilishgan. Sira unutmayman, o`shanda ringdan yig`lab chiqib ketgandim. Ochig`i, bu nohaqliklar sabab sportdan biroz hafsalam pir bo`ldi, bezdim. Hatto “qaytib boks bilan shug`ullanmasammikan?” degan xayolga ham bordim. Shunda murabbiyim Ziyotdin Tayganboev “Sen hammadan kuchlisan, albatta chempion bo`lasan! Bunga ishon va sabr qil”, deb menga ruhiy tomonlama katta kuch berdi. Ko`rib turganingizdek, bari ortda qoldi va bolalikdagi orzuimga etdim (samimiy kuladi).
— Onangiz Dilnoza Hayitboeva bolaligingizda siz bilan mashq qila turib, “Hasanboy, mashhur bo`lganingda “birinchi ustozing kim?” deyishsa, “onam degin-a!” deganida “Eee, aya”, deya javob qaytarganingiz yodingizdami? Bugun onangizning o`sha savoliga qanday javob berasiz?
— Shubhasiz, chempion bo`lishimda onamning mehnati juda katta. Onamning otasi — buvam bokschi bo`lgan va farzandlarini boks bilan shug`ullantirgan. Shu bois oz bo`lsa-da, onamning boksdan xabari bor. Buni bilganim uchun 5-6 yoshimda onamning qo`liga “boks-boks”, deb urardim (kuladi). Onamning sabri va kamolim yo`lidagi mehnati uchun benihoya minnatdorman.
— Bolaligingizda qarindoshlar bilan o`tkaziladigan marosim va to`ylar ham mashqlar bilan teng kelib qolsa, shubhasiz, mashq qilish uchun zalga ketar ekansiz. Bu natijaga etish uchun o`yin-kulgi va erkaliklardan voz kechgansiz. O`shandagi qat`iyatingiz dunyoni qoyil qoldirishingizga asos bo`ldi. Bugun yanada yuqori marralarni zabt etishda nimalardan voz kechyapsiz?
— Sport bilan shug`ullangan kishi ko`p narsalardan kechishi kerak. To`g`ri, bolaligimda mashg`ulotlar bilan to`y yoki boshqa marosimlar bir vaqtga to`g`ri kelib qolsa, hech ikkilanmay sportni tanlaganman. Hozir ham bu odatimga sodiq qolganman. Chunki bugungi kunda men uchun sport birinchi o`rinda! Qolgan narsalarga keyin ham ulgursa bo`ladi. Axir “bir narsaga erishish uchun boshqasidan voz kechish kerak”, deb bejiz aytishmagan.

— Bolalikda oldingizga qo`ygan marraga etdingiz. Bugun-chi, qanday yangi marraga erishishni niyat qildingiz?
— Albatta, ko`zlagan marramga etdim. Lekin bu bilan to`xtab qolish niyatim yo`q. Oldimda Jahon chempionati, Osiyo o`yinlari va Tokio olimpiadasi turibdi. Demak, marrani yanada kengroq olib, tinimsiz mehnat qilishim kerak. Bu yo`lni ham bosib o`tib, professional boksda Jahon chempionati kamarlarini qo`lga kiritib, O`zbekistonning dovrug`ini butun dunyoga taratishni niyat qilganman.
— Odatda jangda raqibingizning qanday kamchiliklari g`alaba qozonishingizda sizga qo`l keladi?
— Raqibimni birinchi o`rinda ruhan engsam, u ko`p xato qila boshlaydi. Va men bundan foydalanaman.
— O`zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, taniqli ijodkorlar Nodir Jonuzoq va Orif Tolib muallifligidagi sizning hayot va faoliyatingizga bag`ishlangan kitob chop etilishi 24 yoshli bokschining tarixdan mustahkam o`rin egallashiga bir zamin. Siz uchun kutilmagan sovg`a bo`lgandir?
— Shubhasiz! Bu katta voqea bo`ldi va tarixga muhrlandi. Mendan keyin farzandlarimiz ajdodlari qanday inson bo`lganini his qilib, ular ham yangi cho`qqilar sari intilishadi. Fursatdan foydalanib, kitob mualliflariga o`z minnatdorligimni bildiraman, e`tiborlarini qadrlayman!
— Ko`plab uchrashuvlarda ishtirok etdingiz, xususan Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi”da ham sizni intizor kutgan jajji sportchilar bilan ham ko`rishdingiz. Ularning umidli ko`zlariga qarab, o`z bolalik xotiralaringiz ko`z oldingizda gavdalangan bo`lsa, ajabmas...
— Albatta, bolajonlarni ko`rsam, o`z bolaligim xuddi kinotasmadek ko`z o`ngimdan birma-bir o`ta boshlaydi. Muhammadqodir Abdullaevning ortidan yugurganlarim sira yodimdan chiqmaydi. O`ylaymanki, bolajonlarimiz ham o`z ustida ishlab, o`qib-o`rganib, biz egallagan marralardan-da yuqori cho`qqilarni egallashadi. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar bor, unumli foydalanilsa, bas.

— Sport bilan shug`ullanayotgan ba`zi o`smirlar zo`ravonga aylanishyapti, natija esa ayanchli yakun topyapti. Bu vaziyatda sport vakili sifatida qanday maslahat berasiz?
— Haqiqiy sportchi ko`chada kuchini ko`rsatmaydi. Nomdor sportchilarimiz ham shu vaqtgacha biror marta ko`chada urishmagan, zo`ravonlik qilmagan. Zo`ravon “sportchi”larning esa oldiga qo`ygan aniq maqsadi yo`q. Undaylar o`zini ko`rsatish uchungina sport zallariga borishadi. Ishonchim komil, bizning yutuqlarimizni ko`rib, zo`ravonlik qilayotgan yoshlarimiz to`g`ri xulosa chiqaradi va bizning izdoshlarimizga aylanishadi.
— Kelajakda farzandlaringizni ham sportchi qilasizmi yo boshqa soha vakili bo`lishlari tarafdorimisiz? Siz ota-onangizga tortiq qilgan baxtni kelajakda farzandlaringiz ham sizga tortiq qilishini istarsiz balki?
— Farzandlarim sportga qiziqsa, iste`dodi bo`lsa, albatta sport bilan shug`ullantiraman.
— Qator-qator yutuqlar, mukofotlar egasisiz. Bularning bari sizga bildirilgan ishonch va mas`uliyat. Ishonch va mas`uliyat yuki og`irlik qilmayaptimi?
— Yutuqlarim mehnatlarim evaziga berilgan rag`bat. Va bu olg`a qadam bosishda menga yanada kuch bag`ishlaydi. Qaysi sohada faoliyat yuritishimizdan qat`i nazar bari mehnatlarimizga yarasha bo`ladi.

Xorijda bo`lsangiz-da, Mustaqillik bayramini nishonlaganingiz shubhasiz. O`tgan yilgi yutug`ingiz bayramga munosib tuhfa bo`lgandi. Istagimiz, shunday zafarlaringiz davomiy bo`lsin!
— Rahmat, bunga bor kuchim bilan harakat qilaman! Fursatdan foydalanib, O`zbekiston xalqini eng aziz bayramimiz bilan muborakbod etaman. Tinchligimiz, inoqligimizga ko`z tegmasin!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi






