AsosiyJamiyat

Davlat byudjetining 60% ijtimoiy sohaga yo`naltirildi

26 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Unda deputatlar Davlat byudjetining 2013 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan moliya vazirining o`rinbosari M.Mirzaev, shuningdek, Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi raisining o`rinbosari S.Otamurodov ma`ruza qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati ma`lumot berdi.

Davlat byudjeti hisobot davrida profisit bilan ijro etildi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 1 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etdi. YaIMning o`sish sur`atlari 8,1 foizni, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari 9,4 foizni, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizni, chakana savdo aylanmasi 14,7 foizni tashkil etdi. Mashinasozlik hamda metallga ishlov berish, engil sanoat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarning jadal rivojlanishi ta`minlandi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy tuzilmasida ushbu tarmoqlarning ulushi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 47,4 foizdan 51,4 foizgacha o`sdi. Shu yilning boshidan taxminan 2,2 ming ishlab chiqarish ob`ekti ishga tushirilganligi ham sanoat ishlab chiqarishining o`sishiga ko`maklashdi.

Majlisda hisobot davrida Davlat byudjetining xarajat qismida ta`lim, sog`liqni saqlash, aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, pensiyalar, nafaqalar to`lovlari kabi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat berilganligi alohida ta`kidlandi.

Umuman olganda, Davlat byudjeti 2013 yilning 9 oyi mobaynida Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan parametrlarga hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq ijro etildi.

Hisobot davrida byudjet xarajatlarining taxminan 60 foizi ijtimoiy sohaga to`g`ri kelishi Davlat byudjetining ijtimoiy yo`naltirilganligidan darak beradi. Jumladan, xarajatlarning 57,5 foizi ta`lim muassasalarini saqlash va rivojlantirishga to`g`ri keldi.

“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida ko`rib chiqilayotgan davrda 540 ming nafar birinchi sinf o`quvchisi uchun o`quv qurollari hamda kam ta`minlangan oilalar uchun qishki kiyim-bosh va poyafzallar olindi, 64 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi hamda 132 ta kollej va akademik lisey kapital ta`mirlandi. Ayni vaqtda aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag`lardan maqsadli foydalanishga bundan buyon ham rioya qilish muhimligiga e`tibor qaratildi.

Davlat byudjetidan bolalar maktabgacha tarbiya muassasalariga ta`lim sohasiga ajratilgan barcha xarajatlarning 11,4 foizi miqdorida, umumta`lim muassasalariga 54,5 foiz miqdorida mablag` ajratildi. O`rta maxsus ta`lim tizimida o`quv-amaliy mashg`ulotlar o`tkazishni tashkil etish uchun xomashyo va yoqilg`i-moylash materiallarining taxminan 2,4 ming turini xarid qilish nazarda tutilgan.

Hisobot davrida fanni rivojlantirish uchun o`tgan yilning shu davriga nisbatan 23,7 foizga ko`proq mablag` ajratildi. Ta`lim sohasini moliyalashtirish hajmlarining oshganligi qayd etilgan holda O`zbekistonda 2013 yil 1 yanvardan boshlab oliy o`quv yurtidan keyingi ta`limning bir pog`onali tizimi joriy etildi, ilmiy-tadqiqot muassasalarida ishlovchi katta ilmiy xodim-tadqiqotchilar soni ortdi va ushbu maqsadlar uchun nazarda
tutilgan xarajatlar oshdi.

Joriy yilning 9 oyi mobaynida aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va uning bandligini oshirishga doir bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ko`rib chiqilayotgan davrda sog`liqni saqlashni rivojlantirishga 2012 yilning shu davriga nisbatan 22,2 foiz ko`proq mablag` ajratilganligi ta`kidlandi. Bu ijtimoiy sohaga ajratilgan barcha xarajatlarning 24,2 foizini tashkil etadi.

O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi Davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish uchun ajratilgan xarajatlar 2013 yilning 9 oyi mobaynida 89,7 milliard so`mni tashkil etishini qayd etdi.

Shuningdek, Qishloq aholi punktlarining ichimlik suvi bilan ta`minlanganligini yanada yaxshilash dasturi doirasida qishloq aholi punktlarini suv bilan ta`minlash tarmoqlarini barpo etish ob`ektlari bo`yicha 106 milliard so`mdan ortiq mablag` ajratildi.

2 ming kilometrdan ziyod suv o`tkazuvchi tarmoq, shu jumladan qishloq joylarda 1,9 ming
kilometr suv o`tkazuvchi tarmoq ishga tushirildi.

    Boshqa yangiliklar