1

UZOQ TIKILAVER...

Mutolaa 18.09.2017, 21:48
UZOQ TIKILAVER...

— Qanday ishga qo`l urmay, topganimda baraka yo`q, — deya gap boshladi donishmand oldiga maslahat so`rab kelgan yigit.

— Unda siz otangiz kasb qilgan ishdan boshlang harakatni, — dedi donishmand.

— Otam ancha bo`ldi olamdan o`tganiga. Yodimda qolgani bir marta “Ilk ishingizni nimadan boshlagansiz?” deb so`raganimda: “O`g`rilikdan boshlab, usta hunarmandga aylandim”, degan edi. Men o`g`irlik qilmoqchi emasman, halol mehnat bilan ish boshlashni istayman, — deb boshini egdi yigit.

— Ha, otangiz o`g`irlikka usta edi, siz ham, ota kasbni qo`llab, biror hunarni egallang, — dedi donishmand.

Yigit taajjublanib chiqib ketdi va donishmand so`zlarini noto`g`ri deb talqin qildi. Halollikni istagan yigit qay bir hunarmandga shogird tushish uchun bormasin, ustalar undan otasining kasbini surishtirardi. “Otam o`g`irlikdan boshlagan”, degan javobiga ba`zilari “Senda ham o`g`irlik bo`ladi unda, mohir bo`lasan”, derdi. U bunday haqoratga chidolmay, o`rganmoqchi bo`lgan hunariga qo`l siltab, tashlab ketardi. Bora-bora yigitning paymonasi to`ldi: “Otam qilgan ishni qilaman” dedi-yu, qo`shni qishloqda yashovchi bir kishining boqilayotgan hukizini o`g`irlayotib qo`lga tushdi. Mol egasi esa yigitni tanib qolib, “Axir otangni bolaligidan bilardim, hatto bir kasbdosh edik, halol odam bo`lgan. Sen nega o`g`ri bo`lib chiqding”, degan gapidan hayratlanib, u kishini jahl bilan donishmand huzuriga etaklab keldi.

— Siz otamning o`g`ri bo`lganini tasdiqladingiz. Men o`g`irlik qildim va mana bu odam tutib olib, “Otang halol edi”, dedi. Qay biringizning gapingizga ishonay? Qay biringiz adashyapsiz? — dedi yigit g`azablanib.

— Aslida siz adashibsiz, — dedi donishmand yigitga. — Men ushbu inson otangiz bilan bir kasb tanlagani va bir ustozga shogird tushganini bilaman. Ammo otangiz o`g`rilik bilan ustozining eng munosib shogirdiga aylana oldi. “O`g`irlik otangizning ko`zlarida bor edi, bir nigoh bilan hunar sirlarini shunday o`g`irlab olardiki, hatto bunga ustozi ham qoyil qolgan. Siz qilishingiz kerak bo`lgan hunarga ham shunday yondashishingizni istagandim. Ko`zlar tuyg`ularimizni va amallarimizni bajara oladigan ikkinchi “menimiz”dir. Ko`zlar yig`lay olgani kabi kula oladi, gapira oladi, o`qiy oladi, jahl qiladi, hatto o`g`irlik ham qila oladi, — degan ekan...

Darhaqiqat, xalqimiz orasida “Ko`z ostiga olgan”, “Ko`zi qonga to`lgan”, “Meni ko`zim bilan qara”, “Ko`zini yog` bosibdi”, Ko`zga ilmaydi” va shu kabi ko`z so`zi ishtirokidagi bir qancha tuyg`u va holatlarni aks etuvchi iboralar tez-tez qo`llanilib turadi.

Inson a`zolari ichida ko`zlar o`ziga xos ahamiyatga ega. Ko`zlarimiz bizning naslimiz haqida ham, aslimiz haqida ham ma`lumot beruvchi manba hamdir. Shunday ekan, o`zimiz haqimizdagi ma`lumotlarni ular orqali bildirib qo`yishimiz turgan gap. Chunki inson ko`zining oqi (oqsili) mavjud bo`lgan yagona zot hisoblanadi. Bu holat ko`zlarga qarab inson emosiyalari maqsadlarini bilib olish uchun imkoniyat yaratadi.

Quyidagi misralarga e`tibor qiling:

Uzoq tikilaver ey kimsa menga,

Ko`zingdan kimliging uqib olaman,

Tushganin sanaysan ajin yuzinga,

Men ajin sirini to`kib solaman

Psixologlarning ta`kidlashicha insonni asosan yarqiragan turli emosiyalarni chiqaruvchi ko`zlar diqqatini olar ekan. Odam organizmiga qabul qiladigan ma`lumotlarning 80% ko`zlar orqali o`tadi. Ko`z xotirasidan unumli foydalanuvchi kishilar sifatida esa asosan rassomlarni aytish mumkin.

Oddiy inson ko`zlari yuz mingga yaqin tuslarni ajrata olsa, professional (rassom) ko`zlari esa bir millionga yaqin tuslarni ajratar ekan. Ko`zning rangdor pardasi xuddi qo`llarimiz izi singari takrorlanmaydi. Bundan foydalanayotgan ko`plab mamlakatlarda pasport nazorati bilan birgalikda ko`zning rangdor pardasi orqali inson kimniligini aniqlovchi nazorat puntklari ishga tushirilgan.

Buni qarangki, aksariyat kishilar qatori faqat atrofni kuzata olish xizmatidan foydalanib kelgan ko`zlarimizni o`zimiz istasak, turli maqsadlarga yo`naltira olar ekanmiz. Buning uchun esa avvalo ko`zlarimizga kezi kelsa “sharoit” ham yaratib berishimiz lozim.

Shu o`rinda savol tug`iladi — ko`zlaringiz irodangizning tarbiyalovchisi ekanidan xabaringiz bormi? Deylik, jamoat transportida ketayotib, bir kishining sizdan ko`z uzmay qarab turganini ko`rib qoldingiz, unga bir qaraysizu ko`zingizni olib qochasiz. Yo`q, shu o`rinda siz ayni holatni irodangizni tarbiyalovchi bellashuvga aylantiring, ya`ni siz tomon tikilgan ko`zlarga shunday tikilingki, “raqib” ko`zlarini olib qochishga majbur qiling. Bunda albatta uqrayib, manmanlik bilan boqish shart emas, shunchaki, savol nazari bilan tikiling. Ya`ni nigohingiz orqali avvaliga “Nimadir demoqchimisiz?, keyin esa “Kimgadir o`xshatdingizmi?” va oxirida “Kim bilandir adashtiryapsiz shekilli?” degan ma`nolarni aks ettirib qat`iyatingizni sinab oling.

Agar “raqib” ko`zlar engiladigan bo`lsa, bilingki, ko`zlaringiz tomonidan berilgan savollarga javob berolmay, o`zini olib qochgan bo`ladi. Mobodo savollarni bera turib, javob talab qilmay, nigohingizni olib qochsangiz, kurashda engilgan bo`lasiz, ya`ni irodangiz “raqib”nikidan sustroq ekan.


Ko`zingizni xafa qilmang...

Fikrlashga shoshilmang, “ko`zlaringizni xafa qilmang” deganda biz piyoz pustlog`ini archganingizda ko`zingizga kelgan yoshga rahmimiz kelib bundan qaytarmoqchi emasmiz. Balki tibbiyot nazari bilan qaraganda, buning ham foydali tomonlari bordir. Ammo ba`zan siz yarashdi deb kiygan kiyimingiz jabrini ko`zlaringiz tortishi haqida bilasizmi? Juda tor kiyimlarni kiyish qon aylanishini sust qilib, ko`rish qobiliyatiga ham salbiy ta`sir etar ekan. Quyosh nurlari esa ko`rish qobiliyatini oshirib, qon aylanishini yaxshilaydi va infeksiyalarni o`ldiradi. Osmon bulutlarsiz vaqtda, tongda ko`zlarni katta ochgan holda quyoshga boqish lozim. Bu ishni ko`zlar yoshlangunga qadar qilish kerak. Masalan, quyosh chiqishi yoki botishi vaqtida amalga oshirsangiz, maqsadga muvofiq deyishadi.

Ammo kundizi quyosh tomonga boqish kerak emas. Bu kabi muolajalarni ham yoddan chiqarmasangiz, ko`zlaringiz sizdan “xafa bo`lmaydi”.

Kelajakni ko`ra oling...

Kelajak texnikalari haqida bosh qotirayotgan olimlar endi ko`zlar harakatiga bo`ysunib boshqariladigan kompyuterlarni kashf etishga bel bog`lashgan. Bu degani, sichqoncha va klaviatura bilan boshqarish o`tmishda qoladi. London kolleji olimlari ko`z qorachig`i harakatlanishi va inson ko`rish qobiliyati mexanizmi ustidan kuzatuv o`rnata oladigan texnologiya ishlab chiqarishmoqchi.

Demak, hozirda unchalik ham anglab etmayotgan ikkinchi “men”imiz — ko`zlarimiz kelajakda imo-ishoralari bilan ko`makchiga aylanar ekan.

Ko`zlar — qalb tozaligi, beg`uborlik oynasidir. Gudak bolaning kiprik qoqmay, sizga tikilib o`tirganiga e`tibor qilganmisiz? Bola nigohi sizning ko`zlaringizni engishga qodir. Chunki u olamda ko`zga g`ubor etkazuvchi narsalarni ko`rishga ulgurmagan. Ko`zlarimiz yog`lanadi, changlanadi. Ammo qalb tozaligisiz kipriklarimiz bu changlarni shunchaki tozalab turolmas ekan. Oqibatda esa sovuq nigoh va o`ynoqi ko`zlarga ega bo`lib qolaveramiz. Qalbni tozalash uchun ilmga va poklikka etaklovchi kitoblarni muntazam mutolaa qilishimiz, go`zal manzarali maskanlarga boqib, olamning tarovatini qalban his etishimiz, dilni xira qiluvchi axlat uyumlari, notoza oqava suvlar va nopok kishilarga tikilib nazar tashlamasligimiz lozim.

Donishmandlarimiz aytganidek, zilol suvga boqish dilni ravshan qiladi. Xotirani teranlashtirar ekan. Qalbimiz va zehnimizni tarbiyalashga avvalo o`zimiz qodirmiz. Buning uchun esa bizga ko`makchi bo`lgan ko`zlarimizni hamisha ardoqlaylik.

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1