29.11.2013 10:00
Xitoy Bosh vaziri Islom Karimov qabulida bo`ldi
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uning Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri sifatida O`zbekistonga ilk rasmiy tashrifi XXR Raisi Si Szinpinning shu yil sentyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifining mantiqiy davomi ekanini ta`kidladi. Mazkur davlat tashrifi yakunlari davlatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishini, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil kengaytirishga yangi sur`at bag`ishlaganini qayd etdi, deya xabar beradi [url=http://uza.uz/oz/]O`zA.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik deyarli barcha yo`nalishlar – siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda izchillik bilan jadal rivojlanayotgani ta`kidlandi.
Kuni kecha Toshkentda bo`lib o`tgan ikki davlat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o`zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, yangi, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat ko`rsatadigan qo`shma korxonalar tashkil etishdan tomonlar birday manfaatdor ekanligini yaqqol tasdiqladi.
2013 yilning 9 oyi yakunlariga ko`ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bu butun 2012 yildagidan ancha ko`pdir.
O`zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida tuzilgan 488 qo`shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2002 yildan buyon Xitoy sarmoyasi ishtirokida umumiy qiymati 6,75 milliard dollarlik bir nechta loyiha amalga oshirilmoqda.
2012 yildan Xitoyga O`zbekiston tabiiy gazi muntazam etkazib berilmoqda. Ayni paytda “O`zbekiston-Xitoy” gaz quvurining uchinchi liniyasi barpo etilib, to`rtinchi liniyasi loyihalashtirilmoqda. Ularning ishga tushirilishi O`rta Osiyodan XXRga tabiiy gaz eksporti va tranzitini kengaytirish imkonini beradi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston va Xitoy hamkorligiga oid boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Li Kesyan samimiy qabul, o`zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.





