30.11.2013 14:18
Asal Shodieva:Kinodan ketishga meni hech kim majburlagani yo`q
— Odatda tajribaliaktyor Alisher Uzoqov bilan partnyor bo`lardingiz. Rejissyor Abduvohid G`anievning “Poyga” kinokartinasida esa, kino sohasida endigina o`z mahoratini ko`rsatayotgan aktyor Yigitali Mamajonov bilan ishladingiz. Qiyin bo`lmadimi?
— “Poyga” filmi action janrida suratga olindi. To`g`ri,Alisher Uzoqov bilan bir nechta filmlarda suratga tushganmiz. Alisher aka tasvirga olish jarayonida qo`llab-quvvatlab, sira yordamini ayamagan. Yigitali Mamajonovga kelsak, nafaqat tipaj, balki aktyorlik mahorati borasida ham o`ziga yarasha tajribaga ega. Shu bois, ish jarayonida hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadik. Film voqealari qiziqarli bo`lgani uchun ham tasvirga olish jarayoni maroqli kechdi. Odam harakat qilsa, unga omad va imkoniyatlar eshigi ochilaveradi. Qolaversa, rejissyor Abduvohid G`aniev filmga mahorati bo`lmagan aktyorlarni taklif etmaydi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda turmushga chiqayotganingiz haqidagi ma`lumotlarga ko`zimiz tushdi...
— Ochig`i, eshitib o`zim ham hayron qoldim. Ayni damda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy
rassomchilik va dizayn institutining to`rtinchi bosqichida tahsil olyapman. Bitiruvchi bo`lganim sababli diqqat-e`tiborimni o`qishga qaratmoqchiman. Tan olaman, kinoda
faoliyat yuritgan davrim — eng yaxshi yillarim! Kinodan ketishga meni hech kim majburlagani yo`q, o`z xohishimga ko`ra bu sohani tark etyapman. Ijro etgan rollarim orqali tomoshabinlarga oz bo`lsada to`g`ri yo`l ko`rsatganim, millionlab muxlislarga quvonch ulashib, ularga madaniy hordiq va estetik zavq beradigan soha bilan shug`ullanganimdan faxrlanaman. Shu fursatdan foydalanib, kinoda o`z yordamini ayamagan kasbdoshlarimga ham minnatdorchilik bildiraman! Muxlislarimga esa, eng samimiy tilaklarim va muhabbatimni san`atim orqali bera olganimdan baxtliman!
— Ijodiy tanaffus davomida muxlislar sizni unutib qo`yishlaridan cho`chimaysizmi?
— Nazarimda, haqiqiy muxlis sevimli san`atkorini unutmaydi. Ijodiy tanaffusim qancha muddatga cho`zilishini hozircha bilmayman. Demak, kinoga qaytishim ham noaniq.
— Kuyov tanlash borasidagi qarashlaringiz onangizniki bilan bir xilmi?
— Albatta! Onam bilan did va fikrlash borasida deyarli sakson foiz o`xshashlik bor. Ammo, kuyov tanlovida roziligimsiz qaror qabul qilmaydi. Oilamdagilar san`atimni hurmat qilishgani uchun ham ijodimga to`sqinlik qilishmagan.
— Asal Shodieva o`z muxlisiga turmushga chiqishi mumkinmi?
— (O`ylanib)Albatta mumkin! Bu taqdir, ertaga nima bo`lishini hech kim bilmaydi. Bilishimcha, san`atdan yiroq bo`lgan oilalar negadir “baribir rad javobini olamiz”, degan
ma`noda uyimizga sovchi bo`lib kelishga botinishmas ekan (samimiy kuladi). Hattoyonimga kelib, gapirishga ham yuragi betlamaydi (kuladi).
— Muxlislaringiz “Tabassumi o`zgacha, yuzidagi xoli, uzun sochi ham o`ziga yarashadi”, degan fikrda...
— To`g`risi, ilk bor muxlislarim tashqi ko`rinishim borasida ijobiy fikrda ekanini sizdan eshityapman. Chunki, o`zimga o`zim yoqmayman. Yana bir gap — ko`pchilikka yoqqan narsadan qochishga harakat qilaman. Muxlislarimizga esa, faqat rollarim bilan yoqishni istayman! Qolaversa,
kinoga tashqi ko`rinishim bilangina kirib keldim, deyolmayman. Haqiqatda go`zal qizlar orasidan aynan menga kino sohasida imkon berilgani bu —taqdir!
— Teatr va kinoboshqa-boshqa olam. O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev “Teatr — jonli organizm”, degandi. Nahot teatrda ijod qilishni istamagansiz?
— Yo`q...
— Aktrisalar qaddi-qomatiga jiddiy e`tibor qaratadi. Siz ham ular sirasiga kirasizmi?
— Aslo! Yoshlikning o`zi go`zallik, unga ortiqcha pardozning keragi ham yo`q. Sport bilan ham shug`ullanmayman, parhez ham tutmayman. Yuzimga hech qanday krem surtmayman. Nazarimda, o`ttiz yoshdan oshganimda parhez tutsam kerak (kuladi).
— Avvalgi soddaligingiz o`rnini qat`iyat va vazminlik egallagandek?
— Ehtimol. Kino sohasiga kirib kelganimga olti yil bo`ldi. Bu oz vaqt emas! Tabiiyki ulg`aydim, o`zgardim, dunyoqarashim o`zgardi. “Bolaligida sho`x bo`lganlar, ulg`aygach, og`ir-bosiq
bo`lib qoladi”, deyishadi. Bu gapda jon bor shekilli (kuladi)? Bolaligimdajudayam sho`x bo`lganman. Daraxtlarga chiqib, oyoq-qo`llarimni sindirib yurardim (kuladi).Lekin, kun kelib, aktrisa bo`lishim va odamlar e`tiboriga tushishim etti uxlab tushimga kirmasdi. Hammasi omad va taqdirga bog`liq ekan.
— O`zingizganisbatan talabchanmisiz?
— Nazarimda, deyarli har kuni qilgan ishlarimizni sarhisob qilishimiz kerak. O`ta talabchanman! Ko`p narsani yuragimga yaqin olaman, juda ko`p o`yga cho`maman. Odamlarga bir oz
ishonchsizlik bilan qaraydigan odatim ham bor.
— Aktyorlar tinimsiz ravishda kitob mutolaa qilishlari shart. Sizni bu jarayonga befarq emasligingizdan xabarimiz bor. Ayni paytda qaysi asarni o`qiyapsiz?
— Kitoblar mutolaa qilish jonu-dilim! Ayniqsa, Dostoevskiyning asarlarini o`qishni yaxshi ko`raman. Hozir [url=https://www.google.ru/search?newwindow=1&biw=1366&bih=640&q=%D0%90%D0%BD%D1%82%D1%83%D0%B0%D0%BD+%D0%94%D0%B5+%D0%A1%D0%B5%D0%BD%D1%82+%D0%AD%D0%BA%D0%B7%D1%8E%D0%BF%D0%B5%D1%80%D0%B8&spell=1&sa=X&ei=YLSEUviFNqvc4wTKgIHQBw&ved=0CCMQvwUoAA]Antuan DeSent Ekzyuperining “Istehkom” asarini o`qiyapman.
— Odamning fe`l-atvoriga qarab muomalada bo`lasizmi yo ular sizning ko`nglingizga qarashlarini istaysizmi?
— Atrofimizdagilarning kayfiyati va fe`l-atvoriga qarab muomala qilishimiz kerak. Shu bois, iloji boricha yaqinlarimning ko`ngliga qarashga harakat qilaman. Kimningdir diliga ozor berib qo`yishdan qo`rqaman.
— Muxlislardan o`zingizni olib qochadigan odatingiz yo`qmi?
— Ko`chada yakka o`zim sayr qilish men uchun odatiy hol. Chunki, muxlislarimni yaxshi ko`raman! Filmlardagi rollarimni ko`rib, menga mehri tushganidan ko`cha-ko`yda ko`rib qolishsa xursand bo`lib, tabassum bilan menga murojaat qilishadi. Savollariga erinmay javob beraman. San`atkorman deb o`zimni xalqdan olib qochmayman. Xalq uchun ijod qilamiz, axir! Shunday ekan, nega ulardan berkinishimiz kerak?
— Yolg`iz qolgan paytlaringizda sizni qaerdan izlash mumkin?
— Yolg`iz qolishni istaganda, o`zing yoqtirgan muhitda sayr qilging, maroqli dam olging keladi. Shaxsan men hech kim yo`q erda yolg`iz o`zim baland joyda turib mashinalar qatnovini tomosha qilishni yaxshi ko`raman.
— Odatda muxlislar sevimli san`atkorlariga taqlid qiladi...
— To`ppa-to`g`ri! O`zbek qizi ibo-hayosi bilan ajralib turadi, yuzida qandaydir iliq istara bor. Qizlarimiz filmlarda ijro etgan baxtli qahramonlarim singari saodatli bo`lishlarini istayman! Ularga xuddi o`sha filmlardagi kabi baxtli tasodifiy uchrashuv va barcha qizlar orzu qilgan shirin baxt nasib etishini tilab qolaman!
Mohichehra EShMIRZAEVA
suhbatlashdi