Hozirgi kunda smartfonlarsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Ularning qulayliklari ko`paygan sari unga talab ham oshib bormoqda. Ayniqsa, smartfonlarni kamerasiz tasavvur qilish mushkul.
Yaqinda “Sony Semiconductor Solutions Corporation” kompaniyasi yangi kamerali smartfonni omma e`tiboriga havola qildi. Yangi smartfon 19,3 megapiksel tiniqlikka ega bo`lib, bir soniyada xuddi shu tiniqlikdagi 1920 x 1080 suratlardan 960 ta olish imkoniyatiga ega. Bu hozirgacha yaratilgan kameralarning so`nggi modeli bo`lib qolmoqda. Bu qurilmani yaratishda eng so`nggi texnologiyalardan foydalanildi va a`lo darajadagi natijaga erishildi.
— Biz bu qurilmani yaratishda juda ko`p mehnat qildik va etuk natijaga erishdik, — deydi kompaniya mutaxassislaridan biri. — Bu smartfon kamerasi zamonaviy texnologiyalar asosida yaratildi va bemalol ayta olamanki, unda hech qanday nuqson mavjud emas. Bizlar odamlarning yaxshi kunlarini tiniq-ravshan holda eslashlarini va yangi texnologiyalar asri imkoniyatlaridan bahramand bo`lishlarini istaymiz. Yangi qurilma yaqin kunlarda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda va bu kompaniya bilan ko`pchilik mashhur fotostudiya rahbarlari istiqbolli shartnomalar imzolashga erishganligi ta`kidlanmoqda.





