1

ITGA SALOM VA EShAKKA EM BERMANG! YoXUD GOVMIChChA, UChUQ, SO`GAL, TIRSAK HAQIDAGI IRIMLARNI BEKOR QILAMIZ

Salomatlik 27.09.2017, 13:39
ITGA SALOM VA EShAKKA EM BERMANG! YoXUD GOVMIChChA, UChUQ, SO`GAL, TIRSAK   HAQIDAGI IRIMLARNI BEKOR QILAMIZ

Ko`ziga govmichcha chiqqanidan shikoyat qilgan kishiga «Qo`lingga qora ip bog`lab ol!» deya maslahat berishadi yoki so`g`alni otning yoli bilan davolashga urinishadi ba`zilar. Xo`sh, bunday choralar chindan foyda beradimi? Savolimizga oliy toifali shifokor-dermatolog Nodira AKROMOVA bilan birgalikda javob izlaymiz.

Qo`rqqanda uchuq toshadimi?

Xalq orasida: «Qattiq qo`rqqandim, labimga uchuq toshibdi» degan gaplar yuradi. Nahot qo`rquv toshmaga sabab bo`lsa?

Aslida: uchuqni organizmingizga virus tushganining yaqqol dalili deb bilavering. Lekin ko`pam havotirlanmang, bu virus dunyo aholisining 90 foizida uchraydi. Bugungi kunga kelib, gerpesning 8 turi aniqlangan. Lab atrofiga chiqadigani 1-tur, jinsiy a`zoga chiqadigani 2-tur hisoblanadi. Odatda tanamiz quvvatsizlanib, immunitetimiz tushib ketganida virus o`z «kuch»ini ko`rsata boshlaydi. Bilasiz, stress ham himoya tizimimizga zarba beradi, qo`rquv esa stressning bir turi. Shuning uchun qattiq qo`rqqan kishining labiga yiringli toshmalar toshadi. Agar yiliga 5 yoki undan ko`p marta uchuq chiqsa, shifokorga ko`rinishingiz uchun etarli asos bor deyavering. Chunki bu toshma boshqa jiddiyroq xastalikning belgisi sifatida namoyon bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Choralari: toshmaga spirt, yod yoki ko`kdori bilan bilan ishlov berish mumkin emas. Aks holda terini kuydirib, vaziyatni yanada og`irlashtirgan bo`lasiz. Yaxshisi shifokor bilan maslahatlashib, virusga qarshi surtma vositalaridan foydalaning va doim immunitetni mustahkamlash payida bo`ling.

Oldini olish uchun: Gerpesga chalingan bemor atrofdagilarni zararlamasligi uchun shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilishi, choynak-piyola, qoshiq va sochig`ini alohida saqlashi lozim. Ammo yodingizda bo`lsin, qaytib ketgan uchuq oganizmdan virus butunlay yo`qolganini anglatmaydi. Shuning uchun xastalikka bir bor chalingan inson o`zini ehtiyot qilishi, immunitetni mustahkamlab borishi zarur.

Govmichcha va qora ip...

Xalq orasida: ko`zga govmichcha chiqqanida o`rta barmoqqa qora ip bog`lansa, yoki qizdirilgan tuz bosilsa, foyda beradi degan gaplar yuradi. Ba`zi viloyatlarda esa bemor erta tongda itga salom berishi aytiladi. Bunisiga nima deysiz?

Aslida: qovoqlarda yog` ishlab chiqaruvchi bezlar bor. Ular ko`z yosh plyonkasi hosil bo`lishiga ko`maklashadi. Shu bezga bakterial infeksiya tushishi oqibatida esa yallig`lanish yuzaga kelib, yiringli yara hosil bo`ladi va qovoq shishadi.

Davo choralari: ba`zilar govmichcha chiqqan zahoti ustiga qizdirilgan tuz bosish lozim deyishadi. Biroq yallig`langan yiringli yaraga issiqlik yordamida ta`sir o`tkazilganida mikroblar yanada tezroq ko`paya boshlaydi. U yorilgach infeksiya qonga tarqalib, og`ir oqibatlarga olib kelish ehtimoli mavjud. Govmichcha qaytalanishining oldini olish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga rioya etish lozim. Vaqti-vaqti bilan maxsus paxtali cho`plarda qovoq atrofini spirtsiz antiseptik vosita bilan ehtiyotkorlik bilan tozalash ham yaxshi samara beradi. Ayniqsa, uyqudan uyg`onganda paydo bo`ladigan ajralmalarni shu usulda tozalash foydali. Shuningdek shifokor tomonidan antibakterial surtma dorilar tavsiya etiladi.

So`gal paydo bo`lsa, otning yoli malhammi?

Xalq orasida: so`gal chiqqan joyga otning yolini o`rab qo`yish foyda beradi degan gap bor, xo`sh, bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Aslida: so`gal ham virusli infeksiya bo`lib, odam papillomasi virusi deb nomlanadi. U tashuvchidan sog`lom insonga havo tomchi va teri orqali yuqishi mumkin. Shikastlangan teri virusning organizmga kirishi uchun qulay muhitni yaratadi. Masalan, hovuzda cho`milganda xlorlangan suv teriga shikast etkazadi va organizmga virus tushish xavfi ortadi. Demak so`galga organizmingizda papilloma virusi borligining belgisi deb qarashingiz lozim. Va birinchi navbatda shu virus bilan kurashishga harakat qilish darkor. Chunki uning ba`zi turlari to`g`ri ichak, bachadon bo`yni, erkak va ayol jinsiy a`zolarida saratonni keltirib chiqaradi. Virusning inkubasion davri bir necha xaftadan, bir necha yilgacha cho`ziladi.

Davo choralari: so`galdan xalos bo`lishning eng ma`qul yo`li uni olib tashlash hisoblanadi. Faqat uy sharoitida emas! Turli vositalar bilan o`rab qo`yish, barmoqqa otning yolini bog`lash xech qanday samara bermasligi aniq. Aksincha, o`simtaning yuza qismiga shikast etgan bo`lsa, infeksiya tushib, vaziyat yanada og`irlashishi mumkin. Uy sharoitida olib tashlangan so`galning yomon sifatli saratonga aylanish xavfi yuqori hisoblanadi. So`galdan suyuq azot, lazer nurlari, elektrokoagulyasiya va jarrohlik yo`li bilan xalos bo`lish mumkin. Bu usullardan eng samaralisa esa lazer nurlari hisoblanadi.

«Tilimga tirsak chiqdi...»

Xalq orasida: uchta halol va uchta harom hayvonning nomini aytib, uch marta tupurish kerakligi uqtiriladi.

Aslida: og`iz bo`shlig`ida paydo bo`ladigan mayda yaralar stomatitning bir ko`rinishi bo`lib, achishish va og`riq bilan kechuvchi xastalik sanaladi. Pista chaqish, saєich yoki tishkavlagich bilan terini tilib olish (mexanik ta``ir) oqibatida og`iz bo`shlig`iga infeksiya tushadi va stomatit paydo bo`ladi. Shuningdek, begonalarning shaxsiy gigiena va kosmetik vositalaridan foydalanish yoki oshqozon-ichak traktining surunkali xastaliklarida ham stomatit bezovta qiladi. Organizmga temir moddasi, V12 vitamini yoki foliy kislotasi etishmaganida esa og`izning shilliq qavati yupqalashib, infeksiya teriga o`tishi mumkin.

Davo choralari: bugungi kunda og`izni chayish uchun maxsus antibakterial vositalar mavjud. Ular stomatitdan tezroq xalos bo`lishga ko`maklashadi. Dorivor o`simliklardan esa qizilpoycha (zveraboy) ekstrakti bilan og`izni chayish ham samarali usul hisoblanadi. Og`riq bezovta qilganida esa shifokor tavsiyasiga ko`ra maxsus surtmalardan foydalanish mumkin. Agar stomatit darmondorilar etishmovchiligi oqibatida yuzaga kelsa, vitaminlarning o`rnini to`ldirish choralari ko`rilishi lozim.

«Eshak emida eshakka em berish...»

Xalq orasida: xastalikka chalingan bemorni avval tuzli suvda cho`miltirib, so`ng etagidan eshakka em yoki non berish kerak degan gaplar yuradi. Bu usulning samaradorligiga ishonasizmi?

Aslida: eshak emito`satdan terida paydo bo`luvchi qizil yoki och pushti rangli, po`rsildoqli allergik toshma bo`lib, kuchli qichishish bilan kechadi. Eshak emi inson hujayralaridagi gistamin va serotonin moddalarining teriga ajralib chiqishi po`rsildoqlarni yuzaga keltiradi. Qo`zg`atuvchilari qatoriga quyosh nuri, sovuq harorat, jismoniy mashqlar, nikel moddasidan ishlangan zargarlik buyumlarini ham kiritish mumkin.

Davo choralari: engil holatida shifokor tomonidan antigistamin vositalar tavsiya etiladi. Lekin eshak emi yuz, tomoq yoki jinsiy a`zolarda yuzaga kelsa, gormonal preparatlar ham qo`llanilishi mumkin. Ma`lumot o`rnida aytib o`tish lozimki, eshak yungida turli virus va bakteriyalar mavjud bo`lib, hayvonga em berish nafaqat besamar, balki zararli ham bo`lishi mumkin.

Ko`rib turganingizdek, xastaliklarning asl sababiga irimlarning xech qanday aloqasi yo`q. «Unda nimaga shu ishni qilganimdan keyin tuzalib ketdim» deydiganlarga javobimiz bitta! Har qanday kuchsizlangan immunitet vaqti-soati etganida o`zini qayta tiklab oladi. Buning uchun 5-7 kun kerak bo`ladi. Kuzatgan bo`lsangiz, irimlarni xastalik yuzaga chiqqach 4-5 kun o`tib, sog`ayay deb qolganingizda qo`llab ko`rasiz. Yarayu o`simtalar o`sha irimini qilsangiz ham, qilmasangiz ham so`rilib ketishi mumkin. Ammo xastalikning ildizi tanangizda qoladi. Shuning uchun muammo paydo bo`lgan zahoti shifokorga murojaat qilishni tavsiya etamiz.

MAFTUNA.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1