AsosiyJamiyat

​PREZIDENTNING KUTILMAGAN TAShRIFIDAN SO`NG YaShNOBOD TUMANIDAGI POLIKLINIKADA QANDAY O`ZGARIShLAR YuZ BERDI?

'​PREZIDENTNING KUTILMAGAN TAShRIFIDAN SO`NG YaShNOBOD TUMANIDAGI POLIKLINIKADA QANDAY O`ZGARIShLAR YuZ BERDI?'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yilning may oyida Yashnobod tumaniga tashrifi chog`ida kutilmaganda 32-oilaviy poliklinikaga kirganda muassasaning samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko`rsatishni yanada kuchaytirish zarurligini ta`kidlagan edi.

Davlatimiz rahbari mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish, poliklinikani ta`mirlash va aholi uchun qulayliklarni oshirish, mobil tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar bergandi.

Prezidentimiz topshirig`idan so`ng, qisqa vaqt ichida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan poliklinika faoliyatini tubdan yaxshilash bo`yicha kompleks tadbir ishlab chiqildi. U birlamchi tibbiy yordam bo`yicha mamlakatimiz va xorij tajribasi, aholi fikr-mulohazasi va takliflari o`rganilgan holda tayyorlandi. Bunda asosiy e`tibor aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samarasini yanada yaxshilash, shifokor qabuliga kirish uchun navbatlarni qisqartirish, kasalliklarni erta aniqlash va patronaj ishlarini o`z vaqtida maqsadli olib borish, shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatini samarali tashkil etishga qaratildi.

Tan olish kerak, ilgari poliklinika faoliyatida kamchiliklar kuzatilib, bu aholining noroziliklariga ham sabab bo`layotgan edi. Xususan, muassasaning moddiy-texnika bazasi, kadrlar salohiyati, dori-darmon va tibbiy buyumlar ta`minoti hamda patronaj xizmati islohotga muhtoj edi. Davlatimiz rahbarining o`rinli e`tirozi va tavsiyalari bilan bugun poliklinika faoliyati tubdan yaxshilandi, muassasayangi binoda yangicha mezonda ish boshladi, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Tibbiyot muassasasiga kirishdanoq poliklinika faoliyatining asosiy mezoni xalq roziligi ekanini anglash mumkin. Bunday deyishimiz bejiz emas. Sababi bu erda yaratilgan barcha shart-sharoitlar zamirida, avvalo, aholiga qulaylik yaratish maqsadi mujassam.

Poliklinikaga tashrif buyuruvchi e`tibori avvalo kirishda osilgan o`ziga xos ranglardagi ma`lumotlar taxtasiga tushishi tayin. Aynan ushbu ma`lumotlar orqali qaysi ixtisoslikdagi shifokor nechanchi xonada qabul qilishi, ish vaqti va qabul kunlari bilan tanishish mumkin.

32-oilaviy poliklinikaxizmat ko`rsatuvchi mahallalar aholisi bilan suhbatlashilganda, tibbiyot muassasasidagi navbatlar masalasi ko`tarilgan edi. Bugun zamonaviy tibbiyot elektron navbat tizimiga o`tmoqda va bu tajriba mamlakatimizda ham o`zini oqlayotir. Shu maqsadda poliklinikada ham shifokor qabuliga elektron yozilish tizimi joriy etildi. Ushbu tizimning qulayligi shundaki, bunda bemor va shifokor vaqti tejaladi, ish samaradorligi ortib, rejali faoliyat tashkil etiladi. Ayniqsa, ushbu qulaylik yosh bolali onalar, homilador ayollar uchun katta qulaylik bo`ldi.

— Avvalgi poliklinikamiz bilan bugungi poliklinikamiz o`rtasida er bilan osmoncha farq bor, — deydi Jo`rabek mahallasida yashovchi Anvar Nizomiddinov. — Ilgari tibbiy ko`rikdan o`tish uchun kelsak, qandaydir qorong`u yurakni siquvchi binoga kirardik. Xizmatini o`tab bo`lgan eski jihozlar, tibbiy uskunalar hatto xonalar ham og`ir kayfiyat qoldirardi. Bugun keng, yorug` binoga kirib kelib, o`zimni bemor emas, mehmondek his qildim. Kecha elektron navbat olgandim. Mana hech qanday kutishlarsiz, ortiqcha vaqt sarflamay ko`rikdan o`tdik.

Yashnobod tumanidagi 32-oilaviy poliklinika Asalobod, Ma`rifat, Shirinobod, Jo`rabek, Yassaviy, Boysun mahallalaridagi 27 ming 350nafar aholiga tibbiy xizmat ko`rsatmoqda. Ushbu vazifani poliklinikada faoliyat yuritayotgan terapevt, pediatr, ginekolog, nevropatolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, xirurg, infeksionist, immunolog kabi tor mutaxassislar hamda umumiy amaliyot shifokorlari va 26 nafar patronaj hamshira sidqidildan bajarib kelmoqda. Bundan tashqari, poliklinika zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG,raqamlirentgen apparatlari bilan jihozlangan. Quvonarlisi, endi muassasaning o`zida barcha turdagi biokimyoviy tahlillar o`tkazilishi yo`lga qo`yildi. Bu esa shifo istab kelgan bemorning og`irini engil qilib, tez va aniq tashxis qo`yish imkonini beradi.

Birlamchi bo`g`inda kadrlar salohiyatini yaxshilash, mutaxassis o`z ustida ishlab, uzluksiz malaka oshirib borishi uchun sharoit yaratish maqsadida poliklinikaning har bir shifokori internet tarmog`iga ulangan kompyuter bilan ta`minlandi. Bu mutaxassisga elektron kutubxona orqali tibbiyot sohasining eng so`nggi yangiliklari, zamonaviy davolash usullari bilan tanishib borish, xorijdagi hamkasblari tajribasini o`rganish imkoniyatini beradi. Zamon bilan hamnafas harakatlanmagan har qanday tizim faoliyatida oldinga siljish, samaradorlikni ko`rish mushkul. Shu nuqtai nazardan, poliklinikada ham axborot kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Poliklinika xodimlarining zamonaviy texnologiyalarda ishlash malakasi oshirilayotir.

— Yangi bino, yangi sharoitda ish boshladik, bu bizga katta mas`uliyat yuklaydi, — deydi32-oilaviy poliklinika patronaj hamshirasiDildora Mirzaeva. — Patronaj xizmati ishini samarali qilish uchun bizga alohida avtomashina ajratildi. Kerakli dori-darmon va tibbiy buyumlar etkazib berildi. Biz ham endi imkoniyatdan unumli foydalanib, sidqidildan ishlashimiz lozim. Buni muassasamizning har bir xodimi anglab turibdi. Ayni damda patronajga ehtiyoji baland bo`lgan to`qqiz kontingent aniqlanib, maqsadli patronaj ko`rigi olib borilmoqda. Aytish joiz, bunda faqat hamshira ko`rik o`tkazib qolmay, tor soha mutaxassislari tekshiruvi, laborator tekshiruvlar ham tashkil etilayotir.

Yana bir qulaylik, shoshilinch holatlarda murojaat tushgan xonadonga zudlik bilan etib borish uchun poliklinika qoshida tez tibbiy yordam podstansiyasi va unga biriktirilgan maxsus avtomoshina xizmati yo`lga qo`yildi. Ushbu podstansiyaning poliklinika qoshida tashkil etilishi bejiz emas. Bundan ko`zlangan maqsad – tez tibbiy yordam chaqirilganda masofa bilan bog`liq muammolarning oldini olish hamda brigada xonadonga etib borguncha bemorning ambulator kartasi bilan tanishib, bemor avval o`tkazgan kasalliklari, olgan muolajalari va salomatligiga doir boshqa zarur ma`lumotlarni avvaldan bilish imkoniyatini paydo qiladi.Shuningdek, tez yordam brigadasi ko`rikdan so`ng, bemor salomatligi haqida umumiy amaliyot shifokorini ogohlantiradi va rejali patronaj o`tkazib boriladi.

Kelajakda ushbu tajriba mamlakatimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarga tatbiq etilishi ko`zda tutilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar