AsosiyJamiyat

«Nogironlar huquqlari to`g`risida»gi konvensiyani ratifikasiya qilish masalalari muhokama etildi

2 dekabr kuni poytaxtimizda O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi huzuridagi Imkoniyati cheklangan insonlar masalalari bo`yicha maslahat kengashining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.
 
Tadbir 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni arafasida O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi tomonidan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMTning O`zbekistondagi Taraqqiyot loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.
 
Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, ekspertlar hamjamiyati, shu yo`nalishda faoliyat ko`rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
 
Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni tibbiy-psixologik va ijtimoiy reabilitasiya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, zarur dori-darmon va protez-ortopediya vositalari bilan ta`minlash, ishga joylashishga ko`maklashish, mehribonlik uylarini ta`mirlash hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari muhim o`rin tutayotgani e`tiborga loyiqdir. Masalan, O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi huzurida o`tgan yili tashkil etilgan Imkoniyati cheklangan insonlar masalalari bo`yicha maslahat kengashining asosiy vazifasi BMTning “Nogironlar xuquqlari bo`yicha” konvensiyasini ratifikasiya qilish bo`yicha milliy harakat dasturi loyihasini ishlab chiqishda davlat va jamoat tashkilotlari sa`y-harakatlarini birlashtirishdan iborat.

 
Mazkur konvensiya 21 asrda inson huquqlari bo`yicha dastlabki shartnoma bo`lib, unda imkoniyati cheklangan insonlar muruvvat ko`rsatiladigan ob`ekt emas, balki huquq va erkinliklarga ega, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda jamiyat hamda davlatni rivojlantirishning teng huquqli ishtirokchilari hisoblangan shaxslar ekani e`tirof etilgan. Mazkur hujjatning ratifikasiya qilinishi imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta`minlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun qo`shimcha kafolatlar yaratadi.
 
Maslahat kengashi tashkil etilganidan buyon nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa hamkorlarning birgalikdagi sa`y-harakatlarini muhokama etish, qo`shma faoliyat rejalarini ishlab chiqish, axborot almashish bo`yicha yig`ilishlar o`tkazib kelmoqda. O`tkazilgan shunday olti ishchi yig`ilishida nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tashkilotlarining yuzdan ortiq vakili qatnashdi. Yig`ilishlar doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlari bilan birgalikda yuqorida qayd etilgan konvensiyani ratifikasiya qilishga bosqichma-bosqich tayyorlash uchun amalga oshirilishi zarur bo`lgan chora-tadbirlar yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
 
Bu galgi yig`ilishda BMTning «Nogironlar huquqlari to`g`risida»gi konvensiyasini ratifikasiya qilish bo`yicha milliy harakat rejasi loyihasining asosiy qoidalari taqdim etildi. Ishtirokchilar mazkur konvensiyani ratifikasiya qilish uchun xalq ta`limi, transport va yo`l infratuzilmasi, arxitektura va qurilish, sog`liqni saqlash, bandlik va boshqa turli sohalarda qulay sharoitlar yaratishga oid qator masalalarni ham ko`rib chiqdi.
 
Yig`ilish natijalari bo`yicha BMTning «Nogironlar huquqlari to`g`risida»gi konvensiyasini ratifikasiya qilishga bosqichma-bosqich tayyorlash bo`yicha taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. 

    Boshqa yangiliklar