AsosiySUG'DIYONA

UMURTQALARARO DISK ChURRASINI PAYDO BO`LIShINING 5 SABABI

'UMURTQALARARO DISK ChURRASINI PAYDO BO`LIShINING 5 SABABI'ning rasmi

Bugungi kunda umurtqalararo disk churrasi ko`p uchraydigan kasalliklar sirasiga kiritilmoqda. U haqida ko`p va xo`p eshitganmiz, o`qiganmiz, xullas, xastalik bilan ozmi-ko`pmi tanishmiz. O`tgan asrning 80 yillarida umurtqalararo disk churrasi faqatgina 50 yoshdan oshgan odamlarda kuzatilishi mumkin, degan fikr bor edi. Ammo yillar o`tgani sari xastalik «yosharayotgani» hech kimga sir emas. Quvonarlisi esa taraqqiy etayotgan tibbiyot kasallikni ilk bosqichlaridayoq aniqlab, davolash imkoniyatiga ega. Tibbiyot fanlari doktori, professor, vertebrolog, neyroxirurg Alisher SATTOROV ma`lumot beradi.

Tibbiy madaniyatning etishmasligi

Har qaysi mamlakatda ham aholining tibbiy madaniyatini oshirish muhim masalalardan sanaladi. Shu qatorda yurtimizda ham bu ishga katta ahamiyat beriladi. E`tibor bergan bo`lsangiz, so`nggi 10 yilliklarda odamlarning o`z salomatligiga bo`lgan ma`suliyati oshgan. Sog`lig`ida biror o`zgarish sezishi bilan darhol shifokor ko`rigidan o`tishga harakat qilishadi. Bu esa xastalikni erta aniqlashga yordam beradi.Ilgari bod kasali, bukrilik, bel og`rig`i sabab shol bo`lish kabi xastaliklarga oddiy qaralgan, ular esa aynan umurtqalararo disk churrasining oqibatlari bo`lgan. hozirda kasallikni erta bosqichlaridayoq aniqlash imkoni mavjud.

Kasallik mustaqil tekshirilmaydi

Boshqa turdagi churralardan farqli o`laroq, umurtqalararo disk churrasini bemorning o`zi aniqlash imkoniga ega emas. Shifokor ko`rigida ham aniq tashxis qo`yilmaydi. Kasallik kompyuter va magnit rezonans tomografiyasi yordamida aniqlanishi mumkin. Toshkent shahrining o`zidayoq 40 dan ortiq MRT va kompyuter tomografiyasini o`tkazadigan shifoxonalar mavjud. Tibbiyotning rivojlanishi aholi o`rtasida salomatlik darajasini ko`tarishga ta`sir ko`rsatayotgani quvonarli, albatta.

Ekologik o`zgarishlar

Xohlaymizmi, yo`qmi, inson salomatligiga uning turmush tarzi, yashayotgan muhiti ham ta`siri ko`rsatadi. Ekologiyadagi salbiy o`zgarishlar immun tizimni susaytirmoqda. Bu esa butun organizm faoliyatida aks etadi. Mushaklar tonusi va tayanch harakat apparatining holati yomonlashiishi disk churrasining paydo bo`lishiga imkoniyat yaratadi.

Kamharakatlik

Umurtqa pog`onasi kasalliklarining kelib chiqishi asosan, kamharakatlik tufaylidir. Soatlab bir xil holatda o`tirish yoki turish, ko`p kuch talab qiladigan sport turlari bilan noto`g`ri shug`ullanish, tanani zo`riqtiradigan og`ir mehnat ham kasallikka sabab bo`ladi. Uzoq muddat davomida kompyuter yoki televizor qarshisida o`tirish tanaga og`irlik qiladi. Sog`lom bo`lishni istagan har kim muntazam jismoniy mashqlar bajarishini tavsiya etamiz. hurmatli ota-onalar, farzandlaringizni kichik yoshidan sport bilan shug`ullanishga jalb qiling!

Jarohatlanish

Butun jahon sog`liqni saqlash tashkiloti statistik ma`lumotlariga ko`ra, o`lim holatiga sabab bo`luvchi birinchi omil jarohatlanish ekan. Umurtqalararo disk churrasi paydo bo`lishining sabablaridan biri ham aynan jismoniy jarohatlardir. Yiqilish, zarb eyish, suyaklarning sinishi va chiqishi kabilardan ehtiyot bo`lish zarur!

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar